|

|

2026-уіӏ 5-Aprel, Yakshanba
spot_img

Endi xalqimiz turmushi avvalgilarga o‘xshamas

Muhim xabarlar

Islom Ibodulla
Islom Ibodulla
"2015-2020 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio san’ati fakultetida tahsil olgan. 2020 yilda Turkiya respublikasining Bandırma Ön yedi eylül üniversitesi tarkibidagi kasb-hunar ta’limiga ixtisoslashgan o‘quv kursi tinglovchisi. 2021 yildan e’tiboran “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi muxbiri."

Yaqin-yaqinlargacha Sirdaryo viloyati, deganda ko‘z o‘ngimizda bepoyon paxtazorlar, tuzilish tarkibi tumanlardan farq qilmaydigan Guliston shahri kelardi. Shahar infratuzilmasini yangilashni qo‘yayligu, bu yerda salkam bir asr avval qurilib, biror marta ta’mirlanmagan ikki qavatli turar joylar, 5-10 ta ma’muriy binolar va qing‘ir- qiyshiq ko‘chalar hech ham viloyat markaziga o‘xshamasdi. Hududdagi tuman hamda boshqa shaharlar esa umuman nazardan chetda qolib, aholining asosiy qismi dala mehnatiga ipsiz bog‘lab qo‘yilgandi.

Bugun haqiqatga tik qarab, borni bor, deydigan davrda yashayapmiz. Shu bois aytish joizki, vatanimizda izchil islohotlar boshlangunga qadar hududning ayrim tumanlarida qurilgan namunali uy-joylarni hisobga olmaganda aytarli darajada ko‘p qavatli turar joylar qurilmagandi. Holbuki, respublikamizning boshqa tuman-shaharlaridagi singari Sirdaryo viloyatida ham yillar davomida uy-joy olish uchun navbat kutayotgan va bu borada muhtojlik sezayotganlar juda ko‘pchilik edi. Va’dalarni eshitaverib, charchagan fuqarolar shuurida ertangi kunga ishonch tuyg‘usi so‘nib borar, bu kamlik qilganday, ishsizlik muammosi ortib, aksariyat yoshlar ish izlab boshqa davlatlarga chiqib ketayotgandi.

Xalqimizni karaxtlik ummonidan kelajakni o‘z qo‘llari bilan qurish yo‘liga olib chiqqan izchil islohotlardan har qancha minnatdor bo‘lsak arziydi. Uning sharofati bilan o‘tgan besh yilda, qo‘yib bersa, mana shu viloyatdagilar ham qanday qobiliyatga egaligini ular qurayotgan ko‘p qavatli turar joylar, ishlab chiqarish korxonalari, sport inshootlari, fabrika va zavodlar, yo‘llar hamda boshqa misollar orqali ko‘rish mumkin. Nafaqat Guliston shahri, balki viloyatning tuman va shaharlari, qish­loqlari ham tanib bo‘lmas qiyofaga kirib boryapti, viloyatda qurilishlar barobarida ishlab chiqarish korxonalari ham bunyod etilib, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti. Muhimi, bugun ana shu korxonalarda tayyorlanayotgan mahsulotlar respublikamiz iste’mol bozorini to‘ldirish bilan birga xorijga ham eksport qilinyapti.

Viloyatdagi bunyodkorlik ishlariga o‘z hissamni qo‘shib, el-yurtga naf keltiray, degan fidoiy tadbirkorlardan biri Qodirjon Usmonovdir. Uning fao­liyati bevosita islohotlar bilan chambarchas bog‘liq. Besh yil avval “GULISTON MAKRO BUILDING” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, asosan kapital rekonstruksiyalash, qurish ishlari orqali tenderlarda faol qatnashib, qanday shakldagi ob’ekt bo‘lishidan qat’i nazar jamoasi bilan birga zimmalariga yuklatilgan vazifalarni ortig‘i bilan bajarishga harakat qilishdi. Xovos tumanidagi Bunyodkor mahallasi hududida jamoa bunyod etgan savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi bilan birga 5 qavatli turar joy binosi, Guliston shahri, Istiqlol mahallasida 5 qavatli, 4 yo‘lakli uy-joylarning muddatidan avval va sifatli qilib qurilgani sohani mukammal o‘zlashtirgan kishilar jamoada to‘plangani, ular har qanday ishga qodir ekanini ko‘rsatdi.

Shu mahalladagi buyurtmachining talabiga ko‘ra, yana 5 qavatli, 4 yo‘lakli inshoot qad rostladi, yon-atrofi obodonlashtirilib, sport maydonchasi, dam olish maskanlari bilan foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda Sirdaryo viloyati bunyodkorligida ham katta taj­riba to‘plandi. Endi bu jarayonda yangi ob’ektlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan tender savdolari avvalgilardan farq qilmoqda, ya’ni, sohada talab darajasidagi tajribasi bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilyapti. Qodirjon Usmonov rahbarligidagi jamoa shunday e’tiborga sazovor bo‘lganlardan biri. O‘tgan yili ularga katta ishonch bildirilib, Gulis­ton shahridagi Bo‘ston mahallasi hududida ikkita 7 qavatli, 3 va 2 yo‘lakli uy-joylar qurish mas’uliyati yuklatilgandi. Ana shu ob’ektlar ham ortiqcha sarf-xarajatlarsiz muddatidan avval foydalanishga topshirildi.

Jamoaning yutuqlarga erishishida ishchi-xizmatchilarning ijtimoiy himoya­si va bajargan ishiga qarab haq to‘lanayotgani izlanishlar qilishga undayapti. Ayni paytda korxona amalga oshirayotgan ishlarning har birida 50 nafardan ziyod ishchi-xizmatchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular uchun tashkilot hisobidan doimiy ravishda tushlik tashkil qilinib, yuvinish va dam olish xonalari ham xizmat ko‘rsatmoqda. Mavsumlarda esa 100 nafardan ortiq kishi ishga jalb qilinadi va ular ham yaratilgan imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanishadi.

Shu kunlarda mehnat ahli Bo‘ston mahallasida qad rostlayotgan ko‘p qavatli “Yoshlar uyi”ni belgilangan muddatda sifatli qilib topshirishga astoydil kirishgan. Buning uchun barcha imkoniyatlar yetarli, shartnomaga ko‘ra, hamkor korxonalar zarur mahsulotlarni peshma-pesh yetkazib turibdi. Muhimi, yana ikkita buyurtmachi o‘z loyihalarini jamoaga taqdim etishgan, yaqin kunlarda bu ob’ektlarda ham ishlar boshlanadi. Bunday e’tibor esa korxona jamoasining bajarayotgan ishlariga berilayotgan munosib bahodir.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img