Mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari va aholini
elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash dolzarb
vazifalardan biridir. Shuning uchun Prezidentimiz bu
yoʼnalishdagi ishlar haqida toʼxtalar ekan, gidro elektr
stantsiyalarni koʼpaytirish muammoga yechim topishda
katta ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan edi. Binobarin,
kichik GESlar qurish, yaʼni, oqayotgan suvdan energiya olish
tabiatning inʼomi boʼlibgina qolmasdan, bunday quvvat
qayta tiklanishi, ekologik toza va arzonligi, atrof-muhit landshafti, musaffoligini buzmasligi bilan
ham ahamiyatlidir. Аyni paytda joylarda boshlangan
tashabbus oʼz natijasini berib, elektrga boʼlgan
ehtiyojimizni qoplashda muhim manba boʼlib xizmat
qilmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyatining Shovdor va Dargʼom kanallari ustida
barpo etilayotgan GESlar faoliyati fikrimizning yaqqol isbotidir.
– Kichik daryo va kanallar elektr hosil qilishda oʼziga xos manba rolini oʼtab, muqobil energiyani rivojlantirishning eng samarali yoʼnalishiga aylanganligi rost, – dedi “Samarqand GESlar kaskadi” unitar korxonasi direktori Baxtiyor Pirmuhammedov.
– Chunki bunday inshootlar asosan ming kilovattgacha quvvat beradigan gidro qurilma boʼlib, u trubina, tasmali va reduktorli uzatmalar hamda asinxron generator orqali suv oqimining bosimi tufayli ishlab, arzon energiya ishlab chiqaradi. Biz bu imkoniyatdan samarali foydalanib, hududda qator GESlar quryapmiz va mavjudlarini “aqlli” texnologiyaga oʼtkazib, modernizatsiya qilyapmiz. Аyni paytda Xitoyning “TBEA Co Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Toʼpalang xolding” MChJ ishchi-xizmatchilari yordamida Navzandak qishlogʼida qad rostlagan “Shovdor-1”, “Shovdor-2” GESlari allaqachon oʼz faoliyatini boshlagan boʼlsa, Galabotirda Rossiyaning “Силовые машины” АJ mutaxassislari bunyod etayotgan GESda soʼnggi yumushlar poyoniga yetmoqda. Bunda bizga “Oʼzbekgidroenergo” АJ tomonidan tasdiqlangan dasturlar va “Gidroloyiha” mutaxassislari tayyorlagan loyihalar asqatmoqda. Muhimi shundaki, viloyatda beshta ixcham gidroinshoot ishga tushgandan buyon minglab aholi xonadoni uzluksiz energiya bilan taʼminlangani katta yutuq boʼldi. Hisob-kitoblarga koʼra, yaqin 5-6 yil ichida viloyatda elektr energiyasi isteʼmoli hozirgidan ikki baravar koʼpayishi kutilmoqda. Buni oldindan anglab yetgan rahbarlar boshqa yangi GESlar, quyosh va shamol elektr stantsiyalarni ishga tushirish rejalarini belgilashayotgani gidro-energetiklar zimmasiga ham katta vazifalarni yuklamoqda. Dargʼomda esa buning uchun imkoniyatlar yetarli boʼlib, istiqbolda ularni yanada kengaytirish moʼljallanyapti. Sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yutuqlarga keng yoʼl ochishi shubhasiz. Yangi loyihalar boʼyicha olib borilayotgan kelishuvlar doirasida bu yerda bunyodkorlik ishlari davom ettirilishi tahsinga sazovor.
– Bugun respublikamizda yashil ener-getikani rivojlantirishga ahamiyat kuchaygan bir paytda biz avvaldan faoliyat koʼrsatgan stantsiyalarimizni ham zamon talabiga moslashtirish, ilgʼor texnologiyalar asosida ishlashini taʼminlashga jiddiy ahamiyat qaratyapmiz, – dedi unitar korxona ishlab chiqarish boʼlimi boshligʼi Shahzod Oʼlmasov.
– Shu maqsadda, oʼtgan asrning 60-yillarida qurilgan Xishrav GESida yirik modernizatsiya yumushlari amalga oshirilib, quvvati 26,6 MVtga yetkazildi. 2023 йилдаги режа 122 фоизга бажарилгани ҳам янгиланиш шарофатидир. Investitsiya dasturiga muvofiq, yangilanish jarayoni xitoylik hamkasblar tomonidan bajarilib, u toʼla zamonaviy qiyofa kasb etdi. Natijada Samarqanddagi mavjud 8 ta GESning barchasi shu yerdan boshqarish tizimiga oʼtkazildi. Bunda bizning yosh mutaxassislar ham faol qatnashib, oʼz malaka va tajribalarini oshirgani diqqatga molik. Samarqanddagi GESlar faoliyati haqida soʼz yuritganda, tarmoqdagi yangi oʼzgarishlarni aytmaslik mumkin emas. Gap shundaki, bugungi kunda hukumatimiz tashabbusi bilan joylarda xususiy gidroqurilmalar yaratishga ham ruxsat berilmoqda. Misol uchun, Tayloq tumanida 500 kilovatgacha boʼlgan 3 ta, Dargʼom kanalining Urgut tumanidan oqib oʼtuvchi qismida 6 ta mikro GES qurish uchun loyihalar tayyorlandi. Shuningdek, Jomboy tumanida 2 ta, Bulungʼurda 3 ta va Miyonqol-Xatirchi kanalining Ishtixon tumanidagi qismida 2 ta mitti inshoot qurilishi rejalashtirilayotgani tadbirkorlarda katta qiziqish uygʼotmoqda. Bularni iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali tarmoqlarni yoqilgʼi energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirish yoʼlidagi say-harakatlar, deyish mumkin. Xullas, bu boradagi ishlar koʼlami kengayib bormoqda.

