|

|

2026-уіӏ 20-May, Chorshanba
spot_img

Bag‘dodliklarning kelajakdan umidlari katta

Muhim xabarlar

Zaylobiddin Yigitaliyev
Zaylobiddin Yigitaliyev
Ayni paytda Rishton tumani “Rishton haqiqati” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelmoqda.

Keyingi yillarda respublikamizning barcha hududlarida shahardagidan qolishmaydigan, milliylik va zamonaviylikni o‘ziga uyg‘unlashtirgan biri-biridan go‘zal bino-inshootlar, obod manzillar bunyod etilyapti. Yurtdoshlarimiz qalbida esa bugungi kunga shukronalik, hayotidan rozi bo‘lib yashash va vatanimizning kelajagiga hissa qo‘shish tuyg‘usi yanada shakllanmoqda. Bu borada ayniqsa, “Obod qishloq” dasturi asosida bajarilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Xususan, Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida ham bu kabi ishlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Qishloqlar o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda

Joriy yilda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida tumanning Chekmirzaobod va Dasht qishloqlarida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining amalga oshirilayotgani aholini mamnun qilmoqda.

Ayni kunlarda har ikki qishloqda 10 ming 895 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Fuqarolar ishlab chiqarishning turli jabhalarida faollik ko‘rsatib, jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Qishloqlarni zamonga mos tarzda qayta qurish, aholining yashab, mehnat qilishi uchun “Obod qishloq” dasturi doirasida respublika, mahalliy, tarmoq korxonalari, tashabbuskor tadbirkorlar, aholi mablag‘lari, homiylik va xayriya tadbirlari hamda tijorat banklarining kredit mablag‘lari hisobidan 20 267,1 million so‘m yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, qishloq yo‘llarini ravonlashtirish, fuqarolar hamda avtotransportlar harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida ichki yo‘llar qayta ta’mirlanyapti. Birgina ana shu maqsadlar uchun respublika budjetining avtomobil yo‘llari zaxira mablag‘lari hisobidan 5 070,0 mln so‘m, xo‘jaliklararo va ichki yo‘llarning 15 kilometrni asfaltlash uchun 6 375,0 mln so‘m ajratildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 5 460,0 mln so‘m mablag‘ hisobiga 21 kilometr tarmoq tortish va ta’mirlash, 3 ta suv inshooti qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, elektr va gaz ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rilib, yakka tartibdagi uy-joylar ta’mirlanyapti.

– Yigirma yildan buyon Chekmirzaobod qishlog‘idagi umumta’lim maktabida yoshlarga ona tili va adabiyoti fanidan saboq berib kelaman, – dedi Rohilaxon Mamadaliyeva. – Qishlog‘imizning “Obod qishloq” dasturiga tushgani hammamizni xursand qildi. Bugun mahallalarimiz ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari tufayli kundan-kunga chiroy ochib boryapti. Yaqinda hamkasblarim bilan tumanimizning dasht hududida barpo etilgan “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Guliston shaharchasiga bordik. Mo‘‘jaz shaharchada hamyurtlarimiz uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib ko‘z quvnaydi. Bag‘dod tajribasi sifatida res­publikada alohida e’tirof etilgan ushbu shaharchaning loyihasi kengayib, 1 260 ta xonadondan iborat 61 ta zamonaviy, ko‘p qavatli turar joy binolari qad rostlagan. Oddiy qishloq ahli uchun yaratilgan bunday sharoitni ko‘rib, ros­ti, shu yurtga, uning ravnaqiga xizmat qilish buyuk baxt ekanligini yana bir bor his qildim. Faxrlanib ayta olamanki, bizning qishloq ham shahardan qolishmaydi. Hamqishloqlarimiz ahil, ochiqko‘ngil, mehnatsevar. Kimdir men kabi o‘qituvchi, yana kimdir tomorqasidagi issiqxonada pomidor, bodring yoki rezavor yetishtirib xalqimiz dasturxoniga yetkazib beryapti. Daromadidan orttirib, bejirim uylar quryapti.

Infratuzilma ob’ektlari – hamisha e’tiborda

Darvoqe, tumandagi mavjud infratuzilma ob’ektlarini ta’mirlashga ham katta ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, hozirgi kunda 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 52-maktabgacha ta’lim tashkiloti, mahalla guzarlarida joriy ta’mirlash ishlari olib borilyapti.

34-maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini joriy ta’mirlash tender natijalariga ko‘ra g‘olib pudratchi – “Independent broker” xususiy korxonasi chekiga tushgan bo‘lib, ayni kunlarda binoda ta’mirlash ishlari qizg‘in.

Tumanda aholi salomatligiga ham katta ahamiyat berilayotgani tufayli 9-sonli oilaviy poliklinika binosida bosh pudratchi – “Orzu ta’mir qurilish fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati bun­yodkorlari tomonidan qurilish ishlari bajarildi. Ultarma qishlog‘idagi oilaviy poliklinika binosida esa “Shuhratjon” xususiy korxonasi tomonidan ana shu kabi ishlar bajarildi.

Tungi ko‘cha yoritish tizimlarini yanada takomillashtirish maqsadida Chekmirzaobod mahalla fuqarolar yig‘inidagi mavjud ko‘chalarga 135 ta tayanch ustunlar o‘rnatilib, 2,2 kilometr elektr tarmoq tortildi. Aholiga transport xizmati ko‘rsatish madaniyatini oshirish maqsadida qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘lovchi avto­buslar qatnovi yo‘lga qo‘yilib, yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda.

– Joriy yilda tumanda investitsiya dasturini amalga oshirish maqsadida 6 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan, – dedi tuman hokimining o‘rinbosari Umidjon Yigitaliyev. – Jumladan, 42- va 18-sonli umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 47-sonli maktab­gacha ta’lim tashkiloti binosining rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi ob’ektida tarmoq tortish va yangi quduq qazish ishlari, bino-inshootlarda qurilish-ta’mirlash ishlari ham rejadagidek bormoqda.

Tuman markazining me’moriy qiyo­fasini zamonaviylashtirish va obodonlashtirish ishlari ham alohida nazoratga olingan. Ayni kungacha ob’ektda bosh pudratchi – “Orend lider stroy” MChJ tomonidan katta hajmdagi ishlar bajarildi.

Sanoat zonalari yoshlar bandligini ta’minlayapti

So‘nggi paytlarda tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yoshlar uchun doimiy ish o‘rinlarini yaratish maqsadida yangi-yangi innovatsiyalar hayotga keng joriy etilyapti. Hayotini mazmunli o‘tkazishini maqsad qilgan tadbirkorlarning izlanib, ichki imkoniyatlarini ishga solib, yangi ishlab chiqarishga joriy qilishlari natijasida joylarda kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Bir-birini takrorlamaydigan turli manfaatli loyihalarning ishga tushirilishi tufayli bugun yuzlab yoshlar doimiy ish bilan ta’minlangan.

Bugungi kunda tumanning 41,3 gektar yer maydonida “Muruvvat”, “Istiqlol”, “Dasht”, “O‘zbekiston MMTP”, “Karimbobo” “Mirishkor” va “Aerodrom” kichik sanoat zonalari hamda “Muruvvat Yoshlar”, “Mirishkor”, “Chigit” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilgan bo‘lib, ular 275 lotga ajratilgan. Shularning 152 tasi tadbirkorlarga tanlov asosida berilgan. 123 tasi esa ayni kunlarda tadbirkorlik faoliyatini yuritish maqsadida auksionga chiqarish uchun ko‘rib chiqilyapti.

Ushbu kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga bugunga qadar 144,1 mlrd so‘m shundan, o‘z mablag‘i hisobidan 97,1 mlrd so‘m, bank kreditlari hisobidan 25,9 mlrd so‘m va xorijiy investitsiyalar hisobidan 2,1 mln AQSh dollarlik 93 ta loyiha joylashtirildi. Ushbu loyihalarning 16 tasi yaqinda foydalanishga topshirilib, 28,5 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. Natijada 201 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.

“Muruvvat Yoshlar” sanoat va tadbirkorlik zonasi 2-sektor hududida joylashgan bo‘lib, umumiy yer maydoni 7,3 gektarni tashkil etadi. Mazkur sanoat zonasi 32 ta lotga ajratilgan bo‘lib, o‘tgan yili umumiy qiymati 30,4 milliardga teng 22 ta loyiha 31 ta lotga joylashtirildi. Bundan tashqari, ushbu loyihalarning 11 tasi foydalanishga topshirilgan va 135 nafar qishloq yoshlari doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlandi. Shuningdek, qolgan 11 ta loyihada ayni kunlarda qurilish-montaj ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

4-sektor hududidagi umumiy loyiha qiymati 20,6 mlrd so‘mga teng “Bag‘dod MMTP” kichik sanoat zonasiga 4 ta lo­yiha joylashtirilgan va kelgusida bu yerda 145 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. E’tiborlisi, ushbu lo­yihalar ishga tushirilsa, “GNT CARE” qo‘shma korxonasi tomonidan tibbiy niqoblar va buyumlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Birgina qishloq yoki kichik mahallaning obod bo‘lishi zamirida ham ulkan ma’no mujassam. Mana, 31 yildirki, istiqlol shabadasi tufayli yurtimizning eng olis hududlari ham obod go‘shaga aylanmoqda. Yurt obodmi, demak bu aholi ham farovon hayot kechiryapti, deganidir. Bunda kelajakdan umidi katta bo‘lgan mehnatkash bag‘dodliklarning ham hissasi borligi ularga cheksiz iftixor tuyg‘usini bag‘ishlamoqda.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img