Yurtimizda so‘nggi yillarda yangi bino va inshootlar qurilishi ko‘paymoqda. Shuningdek, bu sohada faoliyat yurituvchi tashkilotlar soni ham o‘tgan yillarga nisbatan anchayin ortgan. Xususan, Statistika agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning yanvar’-avgust oylarida qurilish sohasida yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 3 421 ta bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davri bilan solishtirganda 220 taga ko‘p.
2023 yilning yanvar’-avgust oylarida O‘zbekistonda 93 trln 268,8 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davriga nisbatan 105,9 foizni tashkil etdi. Bu ishlarning 90 trln 525,8 mlrd so‘mlik hajmi nodavlat mulkchiligidagi tashkilotlar tomonidan bajarilgan. Jumladan, bunga amalga oshirilgan qurilish ishlari, yangi qurilish, kapital va joriy ta’mirlash hajmlari kiradi.
Mazkur qurilish ishlarining iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha:
– binolar va inshootlar qurish yo‘nalishi – 68,4 foiz;
– fuqarolik ob’ektlarini qurish yo‘nalishi – 21,5 foiz;
– ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari yo‘nalishi – 10,1 foiz.
Shuningdek, so‘nggi yillarda poytaxtimizda yangi bino va inshootlar barpo qilish uchun harakatlar ancha oshgan. Joriy yilning yanvar’-avgust oylari Toshkent shahrida jami 22,6 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Shu jumladan, ushbu hududda yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari ulushi 25,3 foizni, kichik korxona va mikrofirmalarning ulushi 66,1 foiz hamda norasmiy sektorda bajarilgan ishlar esa 8,6 foizni tashkil qildi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 1 sentyabr’ holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxona va tashkilotlarning umumiy soni 34 368 taga yetdi.


