Tahririyat xodimlari ishtirokidagi ijodiy uchrashuvning bu galgisi Farg‘ona politexnika institutida bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi bosh muharriri Dilshod Jalolov hamda o‘qituvchi-professorlar va talabalar ishtirokidagi uchrashuv ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan institutning Qurilish fakul’teti dekani Shoxruh Davlyatov tahririyat bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishini, o‘qituvchi va talabalarga soha gazetasini muntazam o‘qib borish foydadan xoli bo‘lmasligini ta’kidladi. Shuningdek, bugungi kunda qurilish sohasida joriy etilayotgan yangiliklar haqida gapirib, ulardan boxabar bo‘lishda ushbu nashr katta ahamiyatga ega ekanini ham tushuntirdi. Qolaversa, gazetaning mazmun-mundarijasida yana qanday mavzudagi maqolalar berib borish zarurligi to‘g‘risida o‘z takliflarini bildirib, qurilish sohasi vakillariga “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi eng yaqin ko‘makchi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Tadbirda tahririyat bosh muharriri D. Jalolov so‘zga chiqib, gazetaning qisqacha mazmuni va tarixi haqida ma’lumot berib, kelgusidagi rejalarda yurtimizdagi qurilish yo‘nalishlari mavjud bo‘lgan oliygohlar hayotiga bag‘ishlangan sahifa chop etish haqida alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, institutdagi professor-o‘qituvchilar va yosh izlanuvchilarning maqolalaridan foydalanib, ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi. O‘z navbatida, uchrashuvda ishtirok etgan talabalar va o‘qituvchilar ham gazetaning yanada qiziqarli chiqishi yuzasidan taklif-mulohazalarini bildirib, kelgusida gazeta sahifalarida ilg‘or talaba-yoshlarning mazmunli maqolalari chop etilishini bildirishdi.
Xuddi shunday uchrashuv Buxoro muhandislik-texnologiya institutida o‘qituvchi va talabalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunda ushbu institutda to‘rt nafar professor, 118 nafar o‘qituvchi 1300 nafardan ziyod bakalavr va magistratura yo‘nalishidagi talaba yoshlarga ta’lim berib kelmoqda.
Uchrashuvda ishtirok etgan institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Shukrullo Ochilov, arxitektura va qurilish fakul’teti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Sheroz Temirov, bino-inshootlar qurilishi kafedrasi katta o‘qituvchisi Shavkat Qiyomov so‘zga chiqib, kelgusida gazeta bilan hamkorlik qilish ular faoliyatida ham katta ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidlashdi. Xususan, qurilish materiallari yo‘nalishi o‘qituvchisi Akmal Sharipov qurilish materiallari, texnologiyalari va ularni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Shuningdek, 4 bosqich talabalari Asadbek Norbekov va Gulnoza Saidovalar ham gazetada yoritiladigan mavzular yuzasidan taklif va mulohazalarini aytishdi.
Samarqand arxitektura-qurilish universitetida bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuv ham qizg‘in savol-javoblar va ko‘plab takliflarga boy bo‘ldi. Unda so‘zga chiqqan Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Sherzod Uzoqov, universitet matbuot kotibi Javlon Sadikov sohaning yagona nashri bo‘lmish “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi bilan hamkorlikdan minnatdorligini aytib, kelgusida bu hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida ekanliklarini bildirishdi.
Shuningdek, Qurilish fakul’teti tyutorlari Toshpo‘lat To‘qboev va Mirjalol Toliboev, talaba Umid Mamatqulov gazeta mazmun-mundarijasi va unda yoritilayotgan maqolalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tahririyat bosh muharriridan batafsil javob olishdi.
Universitet rektori Chidem Turyilmaz va tahririyat bosh muharriri Dilshod Jalolov uchrashib, kelgusidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha suhbatlashishdi.


