Paxtachi tumanida tug‘ilgan Jamshidjon Abdunazarov yoshligidan quruvchilik kasbiga mehr qo‘ygan zamondoshlarimizdan. U sohada tinim bilmay izlanyapti, yutuqlarga erishish uchun dadil qadam tashlayapti. Bugun yosh ishbilarmonning nomi nafaqat Samarqand viloyatida, balki respublikamizda ham dovrug‘ qozonmoqda. U tashkil etgan “Jamshidjon universal savdo” xususiy korxonasi eng namunali qurilish tashkilotlardan biri sifatida e’tirof etilayotir. Korxonaning kelajakdagi rejalari borasida muxbirimiz Hamza Shukurov Jamshidjon Abdunazarov bilan suhbatlashdi.
– Avvalo o‘zingiz va korxonaning yutuqlari to‘g‘risida gapirib bersangiz.
– Ko‘p bolali oilada kamolga yetganman. Binokorlik kasbiga qiziqishimning sababi otam ham, onam ham qurilish sohasida mehnat qilib, besh nafar farzandni voyaga yetkazishgan, qolaversa, shu sevimli kasblari orqali el o‘rtasida obro‘ topishgan. Sohaga kirib kelishimga ular ta’sir ko‘rsatishgan. Qiziqishim tufayli maktabni tamomlagandan so‘ng kasb sirlarini o‘zlashtirishga ahd qilib, qurilish va kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejida tahsil olganman. Shundan keyin Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida o‘qishni davom ettirdim. Oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lgach, o‘z yo‘nalishim bo‘yicha turli joylarda ishlab, tajriba orttirdim.
Davlatimiz ishbilarmonlikni rivojlantirishga e’tibor qaratayotgani, yoshlarning hayotdan munosib o‘rin egallashi uchun keng imkoniyatlar berayotganidan foydalanib, 2010 yilda “Jamshidjon universal savdo” xususiy korxonasiga asos solganman. Mana, o‘shandan buyon jamoa bilan xalqimiz xizmatida, el-yurt manfaati yo‘lida mehnat qilyapmiz. Barcha yutuqlarimiz zamirida g‘ayrat-shijoat turibdi.
– 2022 yil ijtimoiy soha ob’ektlari qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tender korxonangizga omad keltirgan ekan, shu haqda gapirib bersangiz.
– Ochig‘i, o‘zimiz ham kutmagan edik. Tender savdolari orqali viloyatda barpo etiladigan va ta’mirtalab yettita ijtimoiy soha ob’ektini yutib olishimizni vazirlik tomonidan ishga tushirilgan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining afzalligi, deb bilaman. Tarmoqdagi davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, hujjatlarning elektron shaklda aylanishini ta’minlash, barcha ma’lumotlarni avtomatik tarzda shakllantirish imkoniyati yaratilgani bizga qanot bag‘ishlamoqda. Ayni paytda Kattaqo‘rg‘on shahridagi tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinika binosini 200 o‘rinli oilaviy poliklinikaga moslashtirish, 5- va 8-maktabgacha ta’lim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish, Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialining 500 o‘rinli talabalar turar joyi binosini qurish, Narpay tumanidagi 33-maktab, Paxtachi tumanidagi 27-, 46- maktablar, 2-maktabgacha ta’lim tashkilotini mukammal ta’mirlashda ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
– Hozir ko‘plab sohalar kabi qurilishda ham klaster tizimiga o‘tilmoqda. Bu borada qanday rejalarni amalga oshirayapsizlar?
– Har qanday qurilishda sifatga erishish uchun ishlatilayotgan materiallarga bog‘liq. Shuni hisobga olib ancha ilgari bu ishga kirishganmiz. Ya’ni, ayni paytda o‘zimizga tegishli tosh-shag‘al mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, qurilish materialllari ishlab chiqaruvchi, g‘isht mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, tayyor beton va beton mahsulotlari, payvandlash sexlarini yo‘lga qo‘yganmiz. Bu yumushlarni amalga oshirishda maslahatchilar, tajribali ustalar, akam Shernazar Xudoynazarov, ish yurituvchi Erkin Qurbonov, muhandislar Eson Safarov, Obid Nazarov, operator Asliddin Achilov, mashinist Azamat Jo‘rayev, shuningdek, Umidjon Shomurodov, G’ayratjon Buranov, Akmal Bobojonov, Rasul Shukurov kabilar katta yordam berishayotir. Aytish joizki, ishimizni yengillashtirishda 10 dan ziyod texnika vositalari asqatmoqda.
– Ishchi-xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar haqida gapirsangiz
– Korxonamizda 138 nafar kishi mehnat qiladi. Mavsumlarda esa 300 nafardan ko‘proq kishini ishga olamiz. Ular bilan individual suhbat o‘tkazishga alohida e’tibor qarataman, texnika xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish beramiz. Qolaversa, ularning ishi, dam olishlari, ovqatlanishi doimiy nazoratda bo‘ladi. Maoshlar ham o‘z vaqtida berib borilishi ishga ishtiyoqini oshirish bilan birga, yangi yutuqlarga
boshlaydi.
– Korxona mutaxassislari aholiga uy-joylar qurish borasida ancha tajribaga ega ekanini eshitdik.
– Darhaqiqat, shunday, qaysi quruvchi bu borada o‘z salohiyatini sinab ko‘rmaydi, deysiz. Tumanimizdagi Istiqlol mahallasida ko‘p qavatli xonadonlar bunyod etishga kirishganmiz. Qolaversa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanining Yelabod posyolkasida ham “Yangi O‘zbekiston” massivini qurishga baholi qudrat hissa qo‘shyapmiz. Hozir bunyodkorlarimiz bu yerdagi 5 qavatli 30 xonadonli 2 ta, 5 qavatli 24 xonadonli 2 ta, 5 qavatli 20 xonadonli 6 ta turar joyni foydalanishga topshirishga harakat qilishmoqda.
– Hamkasblarga bayram tabrigingiz bo‘lsa kerak.
– Albatta, nafaqat jamoamizni, balki respublikamizda shu sharafli kasbni ardoqlayotgan hamkasblarimni qutlug‘ kun bilan chin qalbdan muborakbod etaman. Ularning kelgusi ishlariga rivoju ravnaq, hayotlariga baxt-saodat tilayman.



