Istiqlolning ilk kunlaridan kimning kim ekani amaliy ishlarda yaqqol ko‘zga tashlandi. O‘sha kezlari Rossiyada chiqadigan nufuzli gazetalardan birida O‘zbekiston to‘g‘risida maqola chop etildi. Unda davlatimiz mustaqil sifatida tashlagan dastlabki qadamdan boshlab fuqarolarning turmush tarzini o‘zgartirishga, qadriyatlarni qayta tiklab, ishbilarmonlikni keng shakllantirishga e’tibor qaratayotgani to‘g‘risida batafsil fikr yuritilib, o‘zbeklar albatta, ko‘zlagan maqsadiga erishadi, zero, bu joyda yashayotganlarning aksariyati ishbilarmon, degan mazmundagi jumlalar bilan e’tirof qilingan edi.
Keyinroq bilishimizcha, ana shu jumlalarni yozgan jurnalist biror marta yurtimizda bo‘lmagan, biroq O‘zbekiston tarixini juda yaxshi bilar, yurtimiz haqidagi kitoblarni ko‘p o‘qiganlardan ekan. Bugungi kunda nafaqat u, balki salohiyatimiz va kimligimizni dunyo afkor ommasi e’tirof etmoqda. Bu esa, xalqimizning mustahkam irodasi, har qanday ishga qo‘l ursa, uni oxiriga yetkazmasdan qo‘ymasligi va eng muhimi, Vatanning kelajagi uchun befarq emasligidan dalolatdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Bahadir Allaniyazov rahbarligidagi “EURO BETON” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi mahalliylashtirish dasturi asosida faoliyatini boshlaganida ayrim og‘ziga kuchi yetmaganlar “Bahadir o‘ylab ish qilsa, yaxshi bo‘lardi, bu zaminda qurilishbop xomashyo qayerda turibdi, hamma yoqni qum qoplab yotgan bo‘lsa, undan ko‘ra, boshqa ishning etagini tutgani ma’qul edi”, degan edi. Tadbirkor o‘z biznes-rejasini amalga oshirish yo‘lida tosh chiqsa kemirdi, suv chiqsa simirdi, to‘siqlar bo‘lganida esa qurilishlarda ishlab, to‘plagan tajribasi bilan ularni yengib o‘tdi. Gapning rosti, hukumatimiz tomonidan yetarlicha sharoitlar yaratilgan bo‘lsa ham, boshqa joylarga qaraganda tabiiy iqlimi ancha og‘ir bo‘lgan hududda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik qilib, odamlarni doimiy mehnatga jalb qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun kishidan g‘ayrat-shijoat, shimolning issiq-sovug‘iga bardoshlik talab etiladi.
Bahadirbek shunday matonatli, oldiga qo‘ygan maqsadiga albatta erishishini amalga oshirgan ishlari bilan isbotlagan tadbirkorlar sirasidan. Dastavval korxonasiga mahsulot ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib keldi. So‘ngra o‘z mahallasi hamda yon-atrofdagi ovullarda bekor yurgan yoshlarni korxonaga jalb qilib, ularga kasb sirlarini mukammal o‘zlashtirishlarida ko‘maklashdi. Mahsulot ishlab chiqarish boshlangan kezlari uyiga bormasdan asosiy dastgohlarni o‘zi boshqarib, uning sifatini nazorat qildi. Bu jarayonga ham ishonmasdan mahsulotidan foydalanayotgan qurilish ob’ektlariga borib, o‘zi yetkazib bergan beton, armatura va boshqa mahsulotlarning qo‘llanilishi, bardoshligiga e’tibor qaratib, bir vaqtning o‘zida chetdan keltirilayotgan xuddi shunday mahsulotlar bilan taqqoslab ko‘rdi. Uning bunday sinchkovligini anglagan quruvchi hamda mutaxassislar mahalliy xomashyodan tayyorlangan mahsulotlar boshqa joylardan keltirilayotganidan arzon va sifatli ekanini e’tirof etishdi.
Tadbirkorning mehnatiga bunyodkorlar tomonidan berilgan baho uni izlanishlar qilib, ishlab chiqarishiga yangiliklarni olib kirishga undaydi. Bu borada uzoq yillar qurilishlarda mehnat qilib, orttirgan tajribasi muhim o‘rin tutdi. Biroz avval boshlagan ishiga bepisandlik bilan qaraganlar ham bugungi kunda unga tan berishyapti. Shu kunlarda u asos solgan korxona yorlig‘i bilan 30 dan ortiq turdagi qurilish mahsulotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilayotgan turli inshootlar uchun asqatyapti.
Ipak yo‘li orqali o‘tgan “G’uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li qurilishi, Nukus shahridagi Siti, I.V.Savitskiy nomli muzeyning qayta rekonstruksiyasi va boshqa yana ko‘pgina qurilish tashkilotlari amalga oshirgan ishlar mazkur korxonada tayyorlanayotgan mahalliy mahsulotlar hisobidan ekanini alohida ta’kidlash joizdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 – 2026 yillarda amalga oshirilishi belgilangan Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda ushbu korxona ishchi-xizmatchilari ham munosib hissa qo‘shishga astoydil kirishishgan. Jumladan, Nukus shahrida bunyod etilayotgan 16 qavatli turar joy, Xo‘jayli tumanidagi 5 qavatli uy-joy hamda maktab va bolalar bog‘chalari, Qo‘ng‘irot tumanidagi 4 qavatli 3 ta turar joy, Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan gaz-kimyo majmuasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga beton, temir-beton plitalar hamda boshqa ko‘plab mahsulotlarni shartnoma shartlariga ko‘ra, yetkazib berilayotgani bu ob’ektlardagi ishlarning o‘z vaqtida uddalanishiga imkon beryapti.
Aytish joizki, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan sharoitlar natijasida boshqa hududlardagi singari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham tadbirkorlik va ishbilarmonlik kundan-kunga keng quloch yozayotgani yaqin kelajakda ularning beminnat mehnatlari tufayli hudud yanada obod va ko‘rkam bo‘lishidan dalolatdir.

