Fidoyi insonlar el boshiga ish tushsa bilinarkan. Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv omborida sodir bo‘lgan talafot tufayli yuzaga kelgan ayanchli voqealar boshqalar qatori “Shuhrat” medali sohibi, “Xorazm granit” xususiy korxonasi rahbari Mansurbek Mahmudovni ham jabr ko‘rganlarga uy-joylar qurib berish orqali yordam ko‘rsatishga chorladi.
Jamoasining sohada to‘plagan tajribalari 3 ta ko‘p qavatli uylarni muddatidan oldin qurib bitirishga imkon berdi. Ishbilarmonning bu yerda ko‘rganlari unga qattiq ta’sir qilgandi. Shu sababli Xiva shahriga kelishi bilan kam ta’minlangan va iqtisodiy nochor oilalar uchun qurilishi rejalashtirilgan 2 ta 5 qavatli inshootni tenderda yutib, qisqa vaqt oralig‘ida sifatli qurib, foydalanishga topshirdi.
Saxovatpesha kishining ishlari ham shunga yarasha yurishaverar ekan. Mansurbek bu borada viloyatda ko‘plarga ibrat ko‘rsatyapti, har yili ishlab topgan daromadining bir qismini korxona rivojiga sarflab, undan orttirganini Xiva shahri va yon-atrofdagi tumanlarda yashayotgan ko‘p bolali, kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotganlar uchun sarflashni odatga aylantirdi. Bundan tashqari, shaharga tutash ko‘chalardan bir nechtasini o‘z hisobidan ta’mirladi. Shu bilan birga, 12 ta oilaga bir necha yildan buyon homiylik qilib keladi. Ana shular xususida undan so‘ralganda: “Davlatimiz tadbirkorlarga keragidan ham ortiq sharoit va imkoniyatlar yaratib bergan. Uning mazmun-mohiyatida ko‘plab ma’no bor. To‘g‘ri anglagan kishi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratish bilan cheklanmay, muhtojlarga ham ko‘maklashadi. Zero, Prezidentimiz aytganlaridek, fuqarolarimiz hech kimdan kam bo‘lmasdan yashashi kerak”, deydi u.
Mana shu maqsadga hamohang faoliyat yuritayotgan jamoa a’zolari o‘tgan yillar mobaynida Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi asosiy yo‘llarni zamon talabiga mos ravishda rekonstruksiyalash ishlarini sifatli qilib bajardi. Shuningdek, Urganch tumanida tug‘ruqxona kompleksini qurib, foydalanishga topshirdi. Shu hududda 2 ta maktab va 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarini poydevoridan tortib, boshqa barcha yumushlarini zamonaviy tarzda bajarganlar ham ana shu jamoaning ishchi-xodimlaridir. Shular barobarida Xiva shahridagi yoshlar uchun barcha jihozlari bilan 9-sonli sun’iy futbol maydoni qurib berildi.
Shu hududda yashayotgan yoshulli Madiyor otaning aytishicha, avvallari mehnatdan so‘ng, kechki paytlari odamlar qayerda hordiq chiqarishni bilishmas, yoshlar esa bekorchilikdan turli nojo‘ya ishlarga qo‘l urib, tartibbuzarliklarni keltirib chiqarishgan ekan. Hozirgi kunda sport maydonida kattalar ham boshqa mahalladagilar bilan sport musobaqalari o‘tkazishmoqda. Shuningdek, har haftada turli qiziqarli tadbirlar ham shu sport maydonida o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
“Xorazm granit” xususiy korxonasi qurib, foydalanishga topshirgan bu singari ko‘ngilochar va fuqarolarga naf keltirayotgan inshootlar viloyat hududida ko‘plab topiladi. Bu ishlarning avvalida korxona jamoasining nafaqat quruvchiligi, balki soha bo‘yicha ijodiy izlanishlari ham mujassam.
Bugungi kunda mazkur korxona a’zolari Urganch shahrida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida ham qurilish ishlarini olib borishmoqda. 80 nafardan iborat ishchi-xizmatchilar o‘zlariga korxona tomonidan yaratib berilgan sharoitlardan ko‘ngillari to‘q. Har biriga mehnat daftarchasi yuritilyapti, ta’tillarda talabga qarab, sog‘liqni tiklash uchun respublikamizdagi so‘lim sanatoriylarga yo‘llanmalar olib beriladi, bajargan ishi bo‘yicha 2-3 million so‘mdan maosh to‘lanadi. Vaholanki, jamoada mehnat qilayotganlardan bir necha nafari besh-olti yil avval ishsizlikdan boshqa yurtlarga borib ishlab kelgani bilan biri-ikki bo‘lmasdan, ro‘zg‘or tebratishi tang ahvolga tushib qolganini ularning o‘zlari e’tirof etishmoqda.
Tadbirkor Mansurbek Mahmudovning xususiy korxonani tashkil qilishdan ko‘zlagan maqsadi ham aslida bunyodkorlik sohasida to‘plagan tajribalarini hayotga tatbiq etish orqali yurtdoshlarimiz boshqa joylarda sarson-sargardon bo‘lib yurishining oldini olishga qaratilgandi. Bugungi kunda u maqsadiga erishayotganidan ruhlanib, yana ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratishga harakat qilyapti. Hozirda esa vaqtincha ishsiz yurgan 20 nafar yoshlarni mehnatga jalb etib, ularga ish o‘rgatyapti, yaqin orada korxona yana shuncha kishi hisobiga kengayishiga shubha yo‘q. Chunki bunga allaqachon zamin hozirlangan.

