O‘qigan kitoblarimdan birida shunday yozilgandi: “Hashamatli, ulkan-ulkan binolardan ko‘p narsa anglash qiyin. Ular menga sovuq tuyuladi. Oddiy loysuvoq uylar tomiga qarang, qanday go‘zal qizg‘aldoqlar o‘sib chiqadi. Unda juda muhim ikki narsa bor: biri tiriklik bo‘lsa, biri oddiylik… Aslida odamlar ham shunday. Ba’zi odamlar atrofimizda oddiy kiyimda, kimningdir nazdida oddiy yumush bajarsada, samimiy va sodda yuragi bor. Bunday insonlar shu qadar kamtarki, hech bir tortinishsiz ular bilan esh bo‘lib ketasiz.
Navbatdagi maqolaga qahramon qidirarkanman, Yakkasaroy tumanidagi hammaga tanish Pushkin haykali yonida ishlayotgan obodonlashtirish xodimlarining bir nechtasiga ko‘zim tushdi. Salom berib, suhbatga tutdim. Oddiy insonlar haqida yozmoqchiligimni aytdim. Bama’ni odamlar ekan, “Uka, avval pepsidan iching, qolgani bir gap bo‘lar”, deb kulishdi. Juda kamtar va kamsuqum insonlar bo‘lgani uchun avvaliga “Sen gapir, sen gapir” deb tortinib turishdi. Xullas, uzoq muhokamadan so‘ng, G‘ani aka bilan dillashadigan bo‘ldik. 
G‘ani Qoraboev 1970 yil Parkent tumanining So‘qoq qishlog‘ida tug‘ilgan. Ma’lumoti o‘rta bo‘lsa-da, fikrlari tug‘ilgan qishlog‘i kabi bahavo, qarashlari tozaligini sezish qiyin emas. Yoshligidan halol mehnat qilib o‘rgangan G‘ani aka chorvachilik va bog‘dorchilikdan ham yaxshigina xabardor ekan. Aytishicha, risoladagidek mehnat qilinsa, bog‘dorchilik va chorvachilikdan ham mo‘may daromad topish mumkin. Lekin ko‘pchilik yerga kerakli ishlov bermasligi, mehr bilan qaramasligi sababli kutgan hosilini ololmaydi.
Tuppa-tuzuk dehqon odamning nega to‘satdan bu sohaga kirib kelgani, aniqrog‘i, obodonlashtirishdek qishni qish, yozni yoz demaydigan mashaqqatli ishni tanlagani faqat bizga emas, o‘quvchilarga ham qiziq bo‘lsa kerak. Qahramonimiz dehqonchilik va chorvachilik mavsumiy ish bo‘lgani tufayli muntazam oylikka bo‘lgan ehtiyoj uni bu sohaga kirishiga sabab bo‘lganini aytdi. G‘ani aka obodonlashtirish sohasidagi faoliyatini 2020 yilda boshlagan bo‘lsa, shu kungacha namunali xodimlar qatorida bo‘lib kelayotganini hamkasblari ham tasdiqlashdi. Chunki qahramonimiz ishdan o‘zini olib qochmaydigan, luqmasini halollab oladigan vijdonli inson sifatida hamkasblari orasida hurmat qozongan. U 2020 yildan buyon Yakkasaroy tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi sifatida ishlab kelmoqda.
Ayniqsa, bu yilgi anomal sovuq davridagi mashaqqatli kunlarni G‘ani aka shunday hikoya qiladi:
– Hamma joy sovuq, ko‘chalarni qalin qor qoplagan. O‘sha kunlari tinmay qor kuradik, yo‘llarni yaxmalaklardan tozalashga jon-jahdimiz bilan harakat qildik. Avtohalokatlar oldini olish va odamlarga yurish uchun qulaylik yaratish maqsadida bir jamoa bo‘lib ishladik. Qiyin kunlar ortda qoldi, hamjihatlik esa hamrohimizga aylandi. Kasbimni chindan yaxshi ko‘raman. Agar inson o‘z sohasiga mehr bermasa, tanlagan kasbining lazzatini sezmaydi. Kasbim bilan ham, jamoam bilan ham faxrlanaman.
G‘ani aka maqtovni yoqtirmas ekan. O‘zida bo‘lmagan narsalar bilan maqtalishdan uyalishini dangal aytgan kam sonli odamlardan biri desam, adashmagan bo‘laman. Qahramonimizning o‘zini tutishi va gap-so‘zidan kamtar, ochiq ko‘ngil hamda mard inson ekanini sezish qiyin emas. Shundanmi, G‘ani aka bilan suhbatlashgan odam ko‘p ijobiy hislatlaridan bahramand bo‘lish bilan birga, yaxshigina o‘rnak ham olishi mumkin. Qolaversa, har gapida shukronalikni kanda qilmaydigan bu kishiga hurmatim oshdi. Suhbatimiz qizib, hayotiy tomonga ko‘chdi. Qahramonimiz yashashning o‘zi shukr qilishga yetarlicha sabab, deb hisoblashini aytdi.
− Hozir sizga bir stakan pepsi uzatdim, to‘g‘rimi? – dedi G‘ani aka. – Endi o‘ylang, bugun sizga qaysi millioner yo mansabdor suv quyib berdi? Sizni bir parcha non, bir stakan suv bilan mehmon qilgan kishi oddiy odamdir, lekin Alloh oddiy holimda ham odamlarga nimadir ulasha oladigan inson qilib yaratganiga shukr. Boshqa nima kerak? Ko‘pchiligimiz yaxshilik qilish uchun payt poylaymiz. Kimdir boyib ketsam, kimdir mansabdor bo‘lsam, saxiy insonga aylanaman, deb o‘ylaydi. Ammo yaxshilik, saxiylik insonning o‘zida bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?! Yaxshilik qilish uchun birgina tabassum ham yetarli. Agar xohish bo‘lsa, yaxshilik qilish imkoni hamisha mavjud.
Kimdir o‘z kasbini majburlikdan, kimdir o‘z xohishi bilan topadi. Yana kimdir ushalmagan orzusi, armoni bilan yashaydi. G‘ani akadan shu haqdagi fikrlarini so‘radik.
– Ortimga qarasam, bo‘shliq yo‘q, – dedi qahramonimiz. – Hamma joyda o‘z xohishim, vijdonim bilan halol yashadim, yashab kelyapman. Erishib bo‘lmas orzu qilmadim, orzu qilsam, amalga oshirdim. O‘zbekistonimizni yaxshi ko‘raman, chin dildan mehnat qilgan odam bu yurtda och qolmaydi. Ko‘pchilik oylik kam deb noliydi. Fikrimcha, insonni baxtli qiladigan narsa faqat baland maosh emas. Asosiysi, hayotdan rozi bo‘lib yashashdir.
Qahramonimiz bilan suhbatlashib, o‘ylanib qoldik. Nega shu inson kabi hayotga nekbinroq (tozaroq) qarab, mamnun yashashga qiynalamiz? Nega ko‘zimizga ko‘proq kamchilik va muammolar ko‘rinaveradi? Chunki baxtli hisoblanishimiz uchun o‘zimizga adoqsiz shartlar o‘ylab topamiz. O‘z hayotimizni o‘zimiz murakkablashtiramiz.
Bu hayotda hammaning o‘z o‘lchovi bor. Yurtimizda G‘ani akadek hayotidan rozi insonlar ko‘payaversin.

