|

|

2026-уіӏ 17-May, Yakshanba
spot_img

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi: sifat birinchi o‘rinda!

Muhim xabarlar

Islom Ibodulla
Islom Ibodulla
"2015-2020 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio san’ati fakultetida tahsil olgan. 2020 yilda Turkiya respublikasining Bandırma Ön yedi eylül üniversitesi tarkibidagi kasb-hunar ta’limiga ixtisoslashgan o‘quv kursi tinglovchisi. 2021 yildan e’tiboran “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi muxbiri."

Biz odatda ko‘cha-ko‘yda kezar ekanmiz, baland-past imoratlarning hashamatidan hayratlanamiz. Kun sayin ko‘rk ochib borayotgan shahar ko‘rinishidan mamnun bo‘lamiz. Ammo bu jarayonda mazkur binolarning qurilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan qurilish materiallari tarmog‘i, moliya tashkilotlari va ana shu materiallarni ishlab chiqarayotgan ishbilarmonlar to‘g‘risida har doim ham o‘ylayvermaymiz. Yaqinda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” LITI uyushmasi va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamkorligida tashkil etilgan press-tur mazkur soha xodimlarining qurilish sohasidagi ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Qurilish sohasi doimiy o‘smoqda

Hozirda mamlakatimizda 10 ming­ga yaqin qurilish materiallari korxonalari mavjud bo‘lib, ularda 180 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi. 2022 yil yakuni bo‘yicha qurilish materiallari eksporti 690 million dollar miqdorida belgilangan. O‘tgan davrda 65,2 million dollarlik DSP, 42,5 million dollarlik sement, 25,3 million dollarlik gulqog‘oz, 25,3 million dollarlik lok-bo‘yoq, 19,1 million dollarlik quvur va fiting kabi mahsulotlar import qilingan.

Import asosan Rossiyadan – 32,1 foiz, Qozog‘istondan – 19,8 foiz, Xitoydan – 10,6 foiz, Tojikistondan – 7,2 foiz hisobida amalga oshirilgan.

Mahalliylashtirish dasturiga asosan joriy yilning ushbu davrida 13 turdagi qurilish materiallari bo‘yicha 515 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan reja 116 foizga bajarilgan.

– Xususan, dastur doirasida 18 ming dona keramik sanitar-texnik buyumlar, 1,8 million kvadrat metr linoleum, 832 ming kvadrat metr keramogranit, 1,8 ming tonna payvandlash elektrodlari kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi direktorining birinchi o‘rinbosari Azizbek Bahodirov. – 2022 yil yakuni bilan mahalliylashtirish dasturi doi­rasida 981 milliard so‘mlik 13 turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish belgilangan. Bu borada, joriy yilning o‘tgan davrida 758 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lib, reja 120 foizga bajarilgan. 2022 yakunlari bo‘yicha 1 802 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilishi va o‘tgan yilga nisbatan 127 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Xususan, ushbu loyihalarning 35 tasi yirik loyihalar, 132 tasi o‘rta loyihalar hamda 652 tasi kichik lo­yihalarni tashkil etadi. Joriy yilda qiymati 1,8 milliard dollarlik 819 ta loyihalar ishga tushiriladi va 20,9 mingga yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Prezidentimizning “Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, Ohangaron va O‘zbekiston tumanlaridan iborat 8 ta hududda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish ko‘zlangan. Shuningdek, 16 ta tuman va shaharlarda boshqa hududlar bilan sanoat kooperatsiyasi tashkil etilib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish belgilangan. Bugungi kunda, mazkur ixtisoslashgan tumanlarda qiymati 1,6 milliard dollarlik 150 ta loyiha shakllantirilgan. Buning natijasida qariyb 98 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etilishi belgilangan. Ushbu klasterlarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash uchun 2022-2023 yillarda davlat budjetidan 200 milliard so‘m, shundan joriy yilda 101 milliard so‘m hamda geologiya-qidiruv ishlari uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Natijada Yangi O‘zbekiston massivlari barpo etishda ob’ektlarning qurilish muddati va tannarxini kamaytirish imkoni yaratiladi.

Zamonaviy binokorlik materiallari “muzey”i

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bugun respublikamizning ko‘plab tadbirkorlarini birlashtirgan tashkilot. Mazkur birlashma tarkibidagi ishbilarmonlar tomonidan ishlab chiqarilgan qurilish materiallari hozirda tom ma’noda mahalliy binokorlik jarayonlarining asosiy ta’minot manbaidir. Uyushmaning shourumi ham amalda milliy qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘ining o‘ziga-xos “muzey”iga aylangan.

Nurota tog‘ tizmalarida ishlab chiqariladigan tabiiy-pardozbob, import o‘rnini bosuvchi toshlar, og‘ir va yengil sanoat zavod-fabrikalari uchun o‘tga chidamli g‘ishtlar, presslangan g‘ishtlar, gips mahsulotidan tabiiy devorbob mahsulotlar, zamonaviy qurilish sanoatining ajralmas qismiga aylangan keramik plitalar, marmar, granit mahsulotlari, tabiiy va sun’iy mozaika toshlar, uy landshafti uchun tabiiy toshzinalar, kommunal tarmoq mahsulotlari mazkur shourumga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlagan.

– Keyingi 5 yilda mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida olib borilgan ijobiy islohotlar natijasida qurilish materiallari sanoati jadal sur’atlarda rivojlandi, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqarma boshlig‘i Bahodir Kenjayev. – Xususan, qurilish materiallari sanoatining yillik ishlab chiqarish hajmi 2017 yildagi 8,1 trillion so‘mdan 2021 yilda 24,2 trillion so‘mga oshdi. Sohaga 2017 yilda 560 million dollarlik investitsiya joriy etilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 1,4 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, eksport hajmi 71,4 million dollardan 438,1 million dollarga yetkazildi. Mahalliylashtirish das­turi doirasida mahsulotlar ishlab chiqarish 103,2 milliard so‘mdan 923 milliard so‘mni tashkil etib, qariyb 9 barobarga oshgan.

Qurilish materiallarining sifati tekshiriladi(mi?)

Albatta, so‘nggi yillarda qurilish sohasining keskin o‘sishi ortida bu savol dolzarblik kasb etdi. Jumladan, ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning I yarim yilligida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 15,0 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish o‘tgan yilga nisbatan 108 foizga oshgan. Ushbu davrda sohaga 758 million dollarlik investitsiyalar joriy etildi. 287,0 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. 268,0 million dollarlik qurilish materiallari import qilindi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 514,9 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shuningdek, ushbu davrda 4 833 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi. 2022 yil yakuni bilan soha bo‘yicha 27,6 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi, 1,8 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilishi, 690,0 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinishi, mahalliylashtirish dasturi doirasida 981 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi hamda 20 908 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi kutilmoqda. Shuning bilan birga, joriy yil yakuni bilan 470,0 million dollarlik qurilish materiallari import qilinishi belgilangan.

Soha korxonalari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida jami 287,0 million dollarlik qurilish materiallari eksport qilinib, rejaga nisbatan 123 foizga bajarilgan va o‘tgan yilga nisbatan 1,9 barobarni tashkil etgan.

Jumladan, 64,6 million dollarlik keramika mahsulotlari, 86,7 million dollarlik PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlari, 82,1 million dollarlik metall buyumlar, 38,0 million dollarlik alyumin profil va alyumindan yasalgan mahsulotlar eksport qilingan. Jami eksport davlatlar kesimida Qozog‘iston – 29 foiz, Qirg‘iziston – 16 foiz, Tojikis­ton – 15 foiz, Rossiya – 7 foiz ko‘rinishiga ega.

Albatta, bu jarayonlarda ishlab chiqarilgan mahalliy qurilish materiallari bilan bir qatorda eksport qilinayotgan qurilish materiallarining ham sifat darajasini baholash juda muhimdir. Bu borada yirik ishlab chiqarish korxonalarida tekshirish laboratoriya bo‘limlari tashkil etilgan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari bevosita mazkur laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilib, tarkibiy qismlarining balansi o‘rganiladi. Shunga ko‘ra mahsulotning sifat holati nazorat qilinadi. Ayni kunda, mazkur turdagi laboratoriyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda mahsulot sifatini nazorat qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

“Tadbirkorlar maktabi” qanday vazifani bajaradi?

Aytish kerakki, keyingi yillarda haqiqatda qurilish materiallari va bevosita qurilish sohasi iqtisodiy drayverga aylandi. Jumladan, oxirgi besh yilda mamlakatimizda 20 turdan ortiq yangi innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu biz uchun nima beradi?

Buni oddiy raqamlar kesimida ham ko‘rish mumkin. Jumladan o‘tgan davr­larda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan 400 million so‘m miqdoridagi qurilish materiallari eksporti yo‘lga qo‘yilgan edi. Bugungi kunda mazkur sohaga zamonaviy innovatsiyalarni tatbiq etish natijasida uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining eksport qiymati
1 trillion so‘mdan oshdi. Ko‘rinib turibdiki, sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni olib kirish va bu borada tadbirkorlarga tushuntirishlar berish, o‘qitish va o‘rgatish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada uyushma tarkibida ­faoliyat olib borayotgan “Tadbirkorlar maktabi” o‘quv kurslarining ahamiyati katta.

– Hozirgi kunda hayotimizni zamonaviy investitsiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, – dedi ilmiy tadqiqot va injiniring markazi direktori Saidahmad Razzoqov. – Investitsiyalar bevosita yangi texnologiyalar bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu jarayonlar bevosita mazkur yangilanishlar uchun sohani chuqur anglagan kadrlarni talab etadi. “O‘zsanoatqurilishbank” va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” hamkorligidagi “Tadbirkorlar maktabi” o‘quv kursi ayni shu maqsadda tashkil etildi deyishimiz mumkin. Hozirda respub­likamizda 10 mingdan ortiq qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qurilish korxonalari faoliyat olib bormoqda. Ularda 80 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Mazkur ulkan jamoa tarkibidagi muhandis-texnologlarning kasbiy malakasini oshirish bevosita mazkur o‘quv kursida amalga oshiriladi. Shu kunga qadar mazkur o‘quv kurslarida 400 nafarga yaqin tinglovchi qatnashib, o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” LITI uyushmasi va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB hamkorligida tashkil etilgan press-tur qizg‘in savol-javob shaklida o‘tib, yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular bo‘yicha mutasaddilardan batafsil javoblar olishdi. O‘z o‘rnida, ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida mazkur tashkilotlarning jonbozligi e’tirof etildi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img