|

|

2026-уіӏ 17-May, Yakshanba
spot_img

Qoraqalpog‘iston Respublikasi: loyihalar samarasi bugun o‘z mevasini bermoqda

Muhim xabarlar

Nargiza Miryoqubova
Nargiza Miryoqubova
"2011-2015 yillarda O‘zbekiston Davlat San’at va Madaniyat institutini tamomlagan. Yurtimizda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari haqidagi ko‘plab maqolalari matbuotda chop etilgan. 2016 yildan buyon “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi muxbiri.

Nukus Xalqaro aeroporti. Mamlakatimizning shimoliy hududi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ostonasi ana shu yerdan boshlanadi. Bugungi kunda bu yerda yangi ishlab chiqarish ob’ektlari ishga tushirilib, iqtisodiy samaradorlik ortmoqda, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Dastavval, Nukus shahri infratuzilmasi haqida so‘z yuritmoqchimiz. Davlatimiz rahbari o‘zining har bir chiqishida odamlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish, ularning orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaqindan bilish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlaydi. Ushbu jihatlar Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlarda barpo etilayotgan turar joylar misolida ham yorqin namoyon bo‘lmoqda. Nukus shahrining qoq markazida yangitdan bunyod etilayotgan Jeki terek massivida ishlar qizg‘in pallaga kirgan. Yaqin kelgusida ushbu joyda “Nukus Siti” qad rostlaydi. Birinchi bosqichda shahar ichidagi shaharda ilk bor 5 ta 16 qavatli turar joy binolari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Ikkinchi bosqichda esa ularning soni yana 5 taga ortadi. Natijada ko‘plab aholi yangi xonadon egasiga aylanadi.

– Nukus shahrida yangi turar joylar ko‘pi bilan 9 qavatdan iborat edi, – dedi qurilish korxonasi injeneri Batirbay Sedabullayev. – So‘nggi yillarda Nukusda 16 qavatli aholi turar joylari qurilib bitkazildi. Hozirgi vaqtda 16 qavatli har bir qavatida 5 xonadondan umumiy 80 xonadondan iborat birinchi turar joyni topshirdik. Bu xonadonda barcha qulaylik va sharoitlar bor. Binolar mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallaridan foydalangan holda qurilmoqda. Asosi temir beton, sirti esa bazalt bilan qoplanmoqda. Bazaltning yaxshi xususiyati yozning issiq kunlarida xonadon ichi salqin, qishning sovuq kunlarida esa iliq bo‘ladi. Shu bilan birga texnika xavfsizligi qoidalariga muvofiq, har bir qavatda 2-qavatdan 16-qavatgacha temir panjaralar o‘rnatilmoqda. Shu qatorda yurtimizda yosh kadrlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha Nukus universitetini bitirib kelgan quruvchi-muhandislar olgan bilimlarini amaliyotda sinamoqda. Biz esa ularga o‘z tavsiyalarimizni berib yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelmoqdamiz. Hozirgi vaqtda birinchi uyimizda qurilish ishlari to‘liq yakunlangan bo‘lib, ichki ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilmoqda. Keyingilari esa qurilish jarayonida.

Umuman olganda, so‘nggi o‘tgan 4-5 yil ichida Nukus shahri infratuzilmasi yangicha qiyofaga kirmoqda. Bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida avvalo, bir maqsad – aholi uchun munosib sharoit yaratish masalasi turibdi.

Prezidentimizning sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori o‘rta va yirik ishlab chiqaruvchilar oldiga bir qator muhim vazifalarni qo‘ydi. Bu borada banklar tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar evaziga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar turini ko‘paytirish, xom ashyoni mahalliylashtirish ishlarini amalga oshirishda qo‘l kelmoqda. Bularning barchasi doimiy ish o‘rinlarining sonini oshirishda birlamchi vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Nukus shahrining janubiy sanoat zonasida joylashgan “Bunyodkor meros” MChJga ajratilgan 1 mlrd 632 mln so‘mlik mablag‘ xaqiqatan korxona faoliyatini yanada jonlanishiga turtki bo‘ldi. Hozirda bu yerda yiliga 4 ming kub metr, ya’ni, 2,5-3 mlrd so‘mlik temir-beton quvurlar, plita va ­boshqa shu kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Muhimi, korxonada 50 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Qo‘ng‘irot tumanidagi “Ustyurt-sodium sulfat” korxonasi 2017 yili ish boshlagan. Bu yerda sanitariya-gigiyenik buyumlar, to‘qimachilik, shisha va qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishda keng foydalaniladigan natriy-sulfat xom ashyosi ishlab chiqariladi.

– Korxonamiz 2017 yili 3,5 tonna natriy sulfat ishlab chiqardi, – dedi korxona rahbari Bahodir Xolnazarov. – Maxsus texnikalar, ekskavator, samosvallar sotib olindi. 2020 yili 13 mln tonna sulfat-natriy ishlab chiqarib, mahsulotimizni xorijga eksport qilishga ham erishdik. Xususan, 2020 yili Tojikiston Respublikasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan 128 tonna mahsulot yetkazib berdik. Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston bilan ana shunday hamkorlik shartnomalarini tuzganmiz. Kelgusida biz natriy-sulfat bilan bir qatorda kaliy-sulfat ishlab chiqarishni ham rejalashtirganmiz.

Hozirda hududning eng chekka ekanini hisobga olgan holda, mahalliy aholi uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni Qoraqalpog‘istonning o‘zida mahalliylashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Masalan, Nukus shahrida 1 mln 275 ming dollar evaziga ish boshlagan yirik loyiha bir tomondan temir, yog‘och eshik, romlarni chetdan yoki qo‘shni viloyatlardan olib kelinishiga chek qo‘ygan bo‘lsa, ikkinchi tomondan qariyb 300 nafar mahalliy yoshlarga doimiy ish o‘rni yaratish imkonini berdi.

Ma’lumki, O‘zbekistonning shimoliy burchagi Qoraqalpog‘iston ekologik jihatdan og‘ir hudud hisoblanadi. Bu yerda toza ichimlik suvi ham dolzarb masala. Ana shu masalaning oz bo‘lsa-da yechimini hal etish maqsadida “Natsional Xaus” MChJ rahbari Muxtor Pirnazarov xorijdan zamonaviy texnologik liniya xarid qildi. Hozirda korxonada doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan 5 nafar xodim 250 metr yer qa’ridan minerallarga boy toza ichimlik suvini tortib olib, 5 va 10 litrli maxsus idishlarga qadoqlamoqda. Ichimlik suvi zamonaviy uskunalar yordamida 3 bosqichda filtr­lanadi. Ayni paytda mahsulotga ichki bozorda talab yuqori.

– Korxonamiz 2016 yil avgust oyida tashkil etilgan bo‘lib, suvni 250 metr chuqurdan tortib ol­yapmiz. Ayni vaqtda korxonamizning ishlab chiqarish quvvati kuniga 10 tonnani tashkil etmoqda, – dedi korxona rahbari Muxtor Pirnazarov. – Hozirgi kunda asosan 5 va 10 litrlik qadoqlangan suv chiqarayotgan bo‘lsak, maqsadimiz – keyinchalik 1 va 1,5 litrlik idishlarda ham mahsulot ishlab chiqarish. Bizning mahsulotlarga talab yuqori bo‘lyapti, shu sababli eksportni ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Mahsulotimizga Qozog‘iston, Turkmanis­tonda qiziqish bildirilyapti.

Tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyat olis hududlarni ham qamrab olmoqda. Bunda asosan bo‘sh turgan bino va inshootlardan foydalanish yoki hech narsa ­o‘smaydigan cho‘l hududlarini yangi qiyofaga keltirish masalasi ustuvor. Hududda harakatga kelgan mana shunday iqtisodiy barqarorlik qoraqalpoq eliga ijtimoiy masalalarda ham o‘z o‘rnida yechim bo‘lmoqda. Nukus shahrida barpo etilgan 180 o‘rinli “Kinder Land” nodavlat xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotining tashkil etilishi shahar aholisini mamnun etdi. Bu yerda yaratilgan imkoniyat va sharoitlar Toshkentdagi bu kabi maskanlardan qolishmaydi. Asosiysi, jajji bolajonlarga ta’lim-tarbiya berishga chog‘langan 20 nafar xotin-qiz o‘z ish joyiga ega bo‘ldi.

– Maktabgacha ta’lim tashkilotimiz 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dastlab ijara binosida turar edik, – tashkilot tarbiyachisi Larisa Ramanova. – Keyinchalik mana shu zamonaviy loyihadagi, barcha qulayliklarga ega bino qurib foydalanishga topshirildi. Muassasamiz 2 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab olgan. Tarbiya jarayoni kichik shakldagi rus va ingliz guruhlarga bo‘lingan holda olib boriladi. Ovqatlanish autsor­sing tizimida. Ta’lim berish davlat talablari va “Bolajon” tayanch dasturi asosida innovatsion shakl asosida yo‘lga qo‘yilgan. Biz ishlarimizni tizimli davom ettirgan holda o‘tgan yili umumiy o‘rta ta’limning 1 sinfini ochdik. Maqsadimiz tarbiyalanuvchilarning salomatligini ta’minlash va ularni maktab ta’limiga tayyorlashdan iborat. Bog‘chamizda maktabgacha ta’limdan tashqari, umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinflari yo‘lga qo‘yilgan. Biz kelgusida bu faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirish harakatidamiz va yana eng yaxshi o‘qituvchilarni faoliyatga jalb etish niyatidamiz.

Aholi sonining o‘sib borishi albatta, maishiy servis xizmat ko‘rsatishga bo‘lgan talabni oshiradi. Bu borada tijorat banklari tadbirkorlar va fuqarolarga moliyaviy ko‘makni yaxshilash maqsadida yangi shoxobchalarni ishga tushirishmoqda. Mazkur loyihalar bir tomondan qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etilishiga, ikkinchi tomondan shahar infratuzilmasini zamonaviylashuviga sabab bo‘lyapti.

Mo‘ynoq – mamlakatimizning shimoliy, eng olis hududi. Poytaxt Toshkentdan qariyb 1 ming 333 kilometr olisda joylashgan. Ushbu go‘sha bugun butun dunyo hamjamiyatini yangi qiyofada qarshi olmoqda. Bu yerdagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, qolaversa, katta bunyodkorlik ishlari zamirida bir maqsad mujassam – u ham bo‘lsa, fuqarolarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish, mo‘ynoqliklarning hayotiga yangicha mazmun olib kirishdan iborat. O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab o‘z iqtisodiy salohiyatini asta-sekin yo‘qotib, ma’lum vaqt inqirozga yuz tutgan Mo‘ynoq shahrida bugun ko‘zni quvnatuvchi o‘zgarishlar bo‘lishiga, to‘g‘risi, kishining ishongisi kelmas edi. Muhimi, ayni paytda hududda iqtisodiy quvvatlar harakatga kelgan. Ma’lumki, zamonaviy texnologiyalarsiz cho‘l hududlarini o‘zlashtirish va u yerdan yuqori hosil olishni tasavvur etish qiyin. Hozirda xalqaro moliyaviy resurslar hisobidan Mo‘ynoq tumanining kam rentabelli hamda sho‘r bosgan maydonlariga ishlov berib, yerdan to‘liq foydalanish ishlari jadallik bilan boshlab yuborildi.

Orol dengizi qurishi oqibatida uning qoldiq suvlarida paydo bo‘lgan artmiya chastotalari baliq chavoqlaridan foydalanishda ishlatiladigan boshqa omuxtalarga qaraganda juda unumdor va samarali hisoblanadi. Hozirda Artmiya chastotasini ovlash va qayta ishlash tarmog‘ini takomillashtirish hamda undan yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlash, eksport hajmini yanada oshirish maqsadida tuman hokimligi qarori bilan ilgari Mo‘ynoq konserva zavodiga qarashli bo‘lgan bino va inshootlar “Orol Artmiya sanoati” davlat korxonasiga 0 qiymatida berildi. Hozirda bu yerda katta hajmdagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, inshootlar ishlab chiqarish uskunalarini o‘rnatishga tayyor holga keltirildi. E’tiborli tomoni, ushbu sanoat zonasi ko‘plab foydali xom ashyo hisoblangani bois ayni paytda Xitoy, AQSh, Rossiya, Eron va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda. Mamlakatimizning shimoliy hududi Qoraqalpog‘istonda bugun istiqboli bor loyihalar bisyor.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img