Andijonlik tadbirkor Ulug‘bek Mamatqulov o‘quvchilik paytlaridanoq kelajakda quruvchilik kasbini egallashni astoydil niyat qilgan edi. A’lo baholarga o‘qiydigan Ulug‘bekning bu qarori ko‘pchilik sinfdoshlarini ham hayron qoldirgandi, o‘shanda. Shu zayl barcha bitiruvchilarning aksariyati turli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga intilgan dam u Andijon shahridagi qurilish tashkilotlaridan biriga betonchi bo‘lib ishga kirganida uning qarori qat’iy ekani yanada ayon bo‘ldi.
Qurilish sohasi oson yo‘l emasligini dastlabki kundanoq qalban his etdi. Vaqt o‘tgani sayin mehnatda toblanib, betonchilikdan boshqa ishlarga ham havasi ortib, barchasini o‘zlashtirishga intilaverdi. Ayniqsa, loyihalash sirini jiddiy o‘rganishga kirishdi.
Ana shunday kezlari qaysi soha bo‘lishidan qat’i nazar uni batafsil o‘rganish va o‘zlashtirish uchun albatta, tajribali ustozlarga tayanish kerakligini anglab yetdi. Bir kuni tushlik payti tutning soyasida dam olib turganida uyqu elitibdi. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmaydi, kimdir chaqirganini eshitib, hushyor tortdi. Qarasa, tepasida sohada uzoq yillar mehnat qilayotgan usta Rahmonberdi aka turibdi. Biroz xijolat tortgan
edi:
– Qurilish ishlari og‘ir, uning noni qattiq bo‘ladi, ammo totli, shu bois hamma ham bu kasbda uzoq vaqt ishlolmaganining sababi shundan. Ancha vaqtdan buyon kuzatib yuraman, bajarayotgan ishlaring puxta, mana shunday shasht bilan mehnatga yondashsang, kelajakda sendan yaxshi quruvchi chiqadi, – deb dalda bergani uni ruhlantirib yuboradi.
U shu kundan boshlab sohada qanday muammoga duch kelsa, Rahmonberdi akaga uchrab, bilmaganlarini so‘rab olishdan orlanmadi. O‘rganganlarini esa birini yodda saqlab qolsa, boshqasini erinmasdan yon daftarchasiga yozib bordi. Keyinroq boshqa bir ob’ektni tiklashda uchastka rahbari uni ustoziga biriktirib qo‘ydi. Birgalikda faoliyat ko‘rsatgan to‘rt yillik faoliyati tanlagan kasbini mukammal o‘zlashtirishi va davlatimiz tomonidan ishbilarmonlarga yaratilayotgan sharoitlar tufayli bunyodkorlik sohasida tadbirkorlik qilishiga imkon berdi. Qurilish korxonasi tashkil qilish istagi borligini ustoziga aytganida, u kishi birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi.
Shu tariqa “Anemon elit” MChJ korxonasini tashkil qilib, tajribali quruvchilar qatorida chaqqon, har ishni sifatli bajarishida qanoti ostida turadigan yoshlarni jalb qildi. Korxona jamoasining dastlabki bunyodkorlik ishlari Xo‘jaobod tumanida 1 ta besh qavatli va 1 ta 7 qavatli turar joyni sifatli bunyod etganida yaqqol ko‘zga tashlandi. Viloyat qurilish bosh boshqarmasida mazkur korxonaning ham nomi qayd etiladigan va tenderlarda ishtirok etish uchun taklif qilinadigan bo‘ldi. Natijada shu tumanda yana bitta 5 qavatli uy-joyning qurilishi ham ularga ishonib topshirildi.
Qurilish sohasida sifat masalasi birinchi o‘rinda turishi hech kimga sir emas. Shu boisdan jamoa a’zolari bunga mas’uliyat bilan qarayotgani ishlarning jadal yurishida asosiy omil bo‘ldi. Masalan, Buloqboshi tumanida ularning mehnati bilan qurilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida bunyod etilgan namunaviy uy-joylar shuning samarasidir. Ayni paytda ana shu yerlarda istiqomat qilayotgan aholi quruvchilar bajargan ishlarning sifatidan minnatdor.
Ma’lumki, ko‘p yillar davomida respublikamizning boshqa joylaridagi singari Andijon viloyatida ham uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj ancha katta edi. Ayniqsa, Andijon shahrida ushbu masala dolzarbligicha qolayotgan edi. Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifidan birida mazkur masalaga alohida e’tibor qaratib, “Yangi Andijon” shahrini bunyod etish bo‘yicha tashabbusni ilgari surdi.
“Anemon elit” MChJ jamoasi ham “Yangi Andijon” qurilishi jarayonida faol qatnashib, turdosh korxonalardan ortda qolmaslikka harakat qilmoqda. Shu kunlarda mazkur ob’ektda jamoa tomonidan 2 ta yetti qavatli uy-joylar bunyod etilyapti.


