Quvasoy Farg‘ona viloyatining sanoat markazlaridan biri hisoblanib, keyingi yillarda iqtisodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish, xorijiy investisiyalarni jalb etish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Joriy yilda elektromobilni zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish korxonasi ishga tushiriladi, shuningdek, 65 million dollarlik keramo-granit loyihasi bo‘yicha ham amaliy ishlarga kirishilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 10 iyuldagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida shahardagi Pakana, Kokilon va So‘fon mahallalari hisobidan Qo‘qon iqtisodiy zonasi hududi 210 gektarga kengaytiriladi. Bu yerda 200
million dollarlik, kelgusi yilda 500 million dollarlik loyiha ishlab chiqilib, kamida 10 ming ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Shaharda qo‘shma korxonalar soni ikkitaga ko‘paydi. “Blue carbon” mas’uliyati cheklangan qo‘shma korxonasi tomonidan quyosh panellari, yoritish uskunalari hamda ularni quvvatlovchi batareyalarni ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Mazkur korxona “Bunyodkor” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hududida 10 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiya hisobiga barpo etildi.
– Bu yerda yiliga 200 megavatt quyosh panellari, 150 ming dona 30-40 turdagi 30-120 vattgacha bo‘lgan quyosh panelli ko‘cha chiroqlari ishlab chiqariladi, – dedi korxona rahbari Bobur Sultonaliev O‘zA muxbir Ma’sudjon Sulaymonovga. – Mahsulotlarimizning sifati va raqobatbardoshligi asosiy e’tiborimizda. Bugungi kunda korxonamizda 150 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.


