Energiya sarfini kamaytirish, muqobil yoqilgʼiga oʼtish,
ortib borayotgan ekologik talablarga rioya qilgan holda
chiqindilarni kamaytirish orqali ishlab chiqarish
samaradorligi va mahsulot sifatini oshirish hozirgi
kunda respublikamiz sement sanoatida hal qilinishi kerak
boʼlgan asosiy masalalardan hisoblanadi. Ayni masalalar
yechimini izlash maqsadida “Oʼzsanoatqurilishmateriallari”
uyushmasi Germaniyaning “KHD Humboldt Wedag” kompaniyasi
bilan hamkorlikda texnik seminar oʼtkazdi.
– Mazkur kompaniya sement ishlab chiqarish boʼyicha jahon yetakchisi boʼlib, sifatli mahsulot koʼlamini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirib, tarmoqqa zamonaviy uskunalarni oʼrnatish va ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirish boʼyicha 160 yildan ortiq faoliyat yuritib keladi, – dedi kompaniyaning Markaziy Osiyo boʼyicha rahbari Nigora Karimova.
– Seminar sifatli mahsulot ishlab chiqarish va atrof-muhitga korbonat angidrid, azot oksidlari kabi zararli moddalarni kamaytirish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish orqali yoqilgʼi sarfini bir muncha kamaytirish kabi mavzularga bagʼishlandi. Yangi texnologik usullarni Oʼzbekistonga olib kirish yuzasidan xorijlik mutaxassislar oʼz bilim va tajribalari bilan oʼrtoqlashishdi. Oʼzbekiston bozorini oʼrgangan holda, kompaniya ushbu sohani rivojlantirish maqsadida joriy yil boshida Toshkentda oʼz ofisini ochdi va hozirda xorijiy investor sifatida mahalliy ishlab chiqarish tarmogʼiga oʼzining hissasini qoʼshib kelmoqda. Jumladan, “Qizilqumtsement” АJda hozirda modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Bu orqali energiya samaradorlikni oshirish va yoqilgʼi sarfini kamaytirish orqali sifatli sement mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsad qilingan.
– Bugungi kunda mamlakatimizda keng koʼlamdagi bunyodkorlik ishlari olib borilayotgani sababli asosiy qurilish materiali hisoblangan sementga boʼlgan ehtiyoj ortdi, – dedi Oʼzbekiston FА Umumiy noorganik kimyo instituti “Strom” ilmiy laboratoriyasi va sinov markazi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Farruh Аtabaev.
– “Taraqqiyot strategiyasi”da ham 2026 yilgacha yiliga 25 million tonnagacha sement mahsulotini ishlab chiqarish vazifasi qoʼyilgan. Bilamiz, XXI asr chiqindilarsiz asr. Shu sababli ham energiyatejamkor texnologiyalarni qoʼllagan holda texnogen chiqindilardan foydalanib, sement ishlab chiqarishni kengaytirish va buning samarasida “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish maqsadlari mujassam. Аyniqsa, bu borada sement ishlab chiqarish standartlarini qayta koʼrib chiqish ham dolzab vazifa. Bugungi kundagi standartlarda koʼrsatilgan xom ashyolarning yarmi mamlakatimiz hududida yoʼq. Yana yarmining zaxirasi juda kam va yana boshqalarining gidravlik faolligi koʼrsatilgan standartlarga mos kelmaydi. Shu sababli ham “STROM” laboratoriyasida bugungi kunda 90198 standarti qayta koʼrilib, u Qurilish va uy-joy kommunal xoʼjaligi vazirligiga taqdim etilgan. Ushbu standartda yurtimiz hududidagi barcha xom-ashyolarning gidravlik holati darajasi oʼrganilgan holda, sement ishlab chiqarishga tatbiq etish koʼzda tutilgan. Oʼylaymanki, ushbu standart maʼqullanib, hayotga tatbiq etiladi. Seminarda ham aynan turli zamonaviy yondoshuvlar asosida
tarmoqni rivojlantirish va bu borada yangi texnologiyalar, ehtiyot qismlarni tatbiq etish, umuman yurtimiz sement sanoatini Yevropa standartlariga uygʼunlashtirish masalalari borasida fikr va tajriba almashdik.

