Har kim ta’lim olish huquqiga ega.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 50-moddasi).
Insonlar borki, butun hayoti davomida mustahkam intizomga amal qilishni yoqtiradi. Ayniqsa, sportchilar. Chunki iroda va intizom sababli inson ko‘p natijalarga erishishi mumkin. Bugungi qahramonimiz ham 13 yildan beri sport bilan muntazam shug‘ullanadigan, yaqinda o‘tkazilgan uch kurash bo‘yicha jahon chempioni – Akmal Akramovdir. Akmal 2000 yil Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. Oilasida sportga qiziqish yuqori bo‘lgani sababli, u ham yoshligidan asosiy vaqtini sport to‘garaklarida o‘tkazadi. Shu bilan birgalikda boshqa fanlardan ham a’lo baholarga o‘qidi. 7-sinfdan o‘qishini Toshkentda davom ettirgan Akmal Respublika Olimpiya zaxiralari kollejini tamomlab, imtiyoz asosida Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga o‘qishga qabul qilindi. Universitetda o‘qiy boshlagach ham sportni tashlab qo‘ymadi. Sportchi talaba musobaqalar paytida universitet ma’muriyati tomonidan kerakli sharoit yaratib berilayotganini alohida ta’kidlab, shunday dedi:
– Yutuqlarimda oilamning, ustozlarimning, o‘zim o‘qiyotgan TAQUning ham hissasi katta, deb o‘ylayman. Musobaqa paytlarida har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turishlari menga katta kuch beradi. Sportchi uchun atrofdagi yaqinlarining ishonchi juda muhim. Ushbu yutug‘im ham barcha yaqinlarimning, jumladan, TAQUning ham g‘alabasi, deb bemalol ayta olaman. Sportdagi yutuqlarim alohida mavzu, ammo o‘qib, kelajakda o‘zim tanlagan kasbning malakali mutaxassisi sifatida yurtimiz bunyodkorlik sohasiga munosib hissa qo‘shishni ham o‘z burchim deb bilaman.
Darhaqiqat, Akmaljonning universitetdagi faolligi faqatgina sport bilan cheklanib qolmagan. Baholari ham chakki emas. Ustozlari uning zehni o‘tkirligi, ma’lumotlarni tez ilg‘ab olishini, bosiq va vazmin fe’lini alohida e’tirof etishdi. Kelgusida undan nafaqat sportda, balki yurtimiz qurilish va arxitektura sohasida ham ulkan natijalarga erishishini kutishlarini aytishdi.
Sog‘lom tanda sog‘lom aql, deb bejizga aytishmaydi. Akmal musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish jarayon haqida ham o‘rtoqlashdi.
– Avvalo, hamma oddiy odam. Siz qandaydir natijani qo‘lga kiritsangiz, atrofdagilarga bunga erishishning sirli tomoni bordek tuyuladi. Inson doimiy amal qiladigan intizomi bilan ko‘p narsaga erisha oladi. Bu to‘g‘ri ovqatlanish, sifatli uyqu rejimi, ortiqcha narsalarga chalg‘imaslikdir. Musobaqaga faqat jismonan tayyorgarlik yetarli bo‘lmaydi. Hamisha jangovor, ko‘tarinki kayfiyatni saqlab turish kerak. Kuchli jismoniy tayyorgarlik ko‘rish ham ruhiyatni ko‘taradi. Eng katta ruhiy kuchni oila a’zolarim bilan suhbatlashganda olaman. Har gal musobaqaga ketish oldidan dadam bilan gaplashaman. Dadam “Men senga ishonaman, sen birinchi raqamli sportchisan” deb qattiq uqtiradi. Ichim yonib, o‘zimni bardam his qilaman. Bu ruhiyatimni bir necha pog‘ona ko‘taradi. Shu sabab, har doim ota-onam ishonchini oqlash asosiy vazifam bo‘lib qoladi. Jahon chempioni bo‘lgan lahzamda birinchi ota-onam ko‘z oldimga keldi. Bu holatni so‘z bilan tushuntirish qiyin…
Qahramonimiz bilan suhbat davomida barcha sportchilar kabi unda ham vatanparvarlik hissi yuqori ekaniga guvoh bo‘ldik. To‘g‘rida, vatanni sevgan insongina uning sha’nini munosib himoya qila oladi. Konstitusiyamizda ham qayd etilganidek, yoshlarga sifatli ta’limni tashkil qilish, ularni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash davlatimizning asosiy vazifasi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari boshchiligidagi qator islohotlar natijasida yoshlarning jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘imizni baland ko‘tarayotgani barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi. O‘ylaymizki, bugungi natijalar ulkan marralar oldida kichik bir debocha, xolos. Akmaljon kabi chempion yoshlar ko‘payaversin, deymiz.


