Surxondaryo viloyatining qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh Uzun tumanida “Uzun” temir yo‘l vokzalining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, temir yo‘lchilar va faxriylar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Sh.d Qodirov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimiz temir yo‘l
tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Ana shu
maqsadda hududlarda zamonaviy vokzallar bunyod etilib, yangi yo‘nalishdagi
poezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilayotgani, vagonlarda ham barcha sharoit yaratilayotgani haqida so‘z yuritdi. Mamlakatimizning eng chekka va olis tumanida qurilib, ishga tushirilgan “Uzun” temir yo‘l vokzali mahalliy aholi va boshqa yo‘lovchilar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Shu paytgacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelgan temir
yo‘l bekati o‘rnida barcha qulaylikka ega muhtasham vokzal qad rostladi.
“Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari
loyihasi asosida qurilgan vokzal milliy va zamonaviy arxitektura
yechimlari asosida barpo etilgan. Vokzal atrofiga, binoning tashqi va ichki
qismiga milliy an’analarimiz asosida bezak berilib, kutish zali, dam
olish va yuvinish, tibbiyot xonalari, yuqori darajadagi servis xizmatlari
ko‘rsatish zali qurilgan. ASU “Ekspress-3” tizimli uskunalar bilan ta’minlangan zamonaviy temir yo‘l chiptaxonasi, yo‘lovchilar uchun ayvon mavjud.
Elektron chiptalarni ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Elektron ma’lumotlar tablosi o‘rnatilgan.
– Moslashtirilgan binoda 40-50 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilar edi, – dedi “Uzun” vokzali rahbari Botir Mirzoqulov O‘zA muxbiri Xolmo‘min Mamatrayimovga. – Vokzal binosining ta’mirtalabligi, yo‘lovchilarning ko‘pligi, kutish zali sig‘imining kichikligi va zamonaviy dam olish xonalarining yo‘qligi anchagina muammolarni tug‘dirayotgan edi. Puxta loyiha asosida bunyod etilgan zamonaviy vokzalda esa
yo‘lovchilar uchun barcha qulaylik inobatga olingan. Unda bir vaqtning o‘zida
100-150 yo‘lovchini sig‘dira oladigan va har qanday ob-havo sharoitida ham mo‘’tadil harorat bilan ta’minlanadigan kutish zali, zamon talablariga mos dam olish xonalari, chiptaxona, ona va bola hamda tibbiyot xonalari mavjud. Tadbir doirasida ishtirokchilar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mablag‘i evaziga qurilgan yangi vokzalda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.


