|

|

2026-уіӏ 11-May, Dushanba
spot_img

Yuksalayotgan Andijon: taraqqiyot sari dadil qadamlar

Muhim xabarlar

Ziyo Siroj
Ziyo Siroj
"Andijon viloyati hamda respublika ommaviy axborot nashrlarida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy sohalardagi maqolalari bilan ishtirok etib kelmoqda. Ekologiya, huquq va ma’rifiy mavzulardagi maqolalari uchun “Ekojurnalistika”, “Yilning eng yaxshi jurnalisti”, “Og‘usiz dunyo sari” kabi ko‘rik-tanlovlar g‘olibi. “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasining Andijon viloyati muxbiri.

Andijon viloyatida bo‘layotgan o‘zgarishlar har qanday kishining havasini keltiradi. Aytish joizki, keyingi besh yil ichida viloyatning tuman, shaharlari markazlari, qishloq va mahallalari butunlay yangicha qiyofa kasb etmoqda. Yangi ishlab chiqarish korxonalari, savdo, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, turar joy binolari, keng va ravon yo‘llar, xiyobonlar hududlar qiyofasiga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlayotir.

Ochig‘i, ikki yil avval Andijonda bo‘lgan kishining o‘zgarishlarni ko‘rib hayrati oshadi. Qad rostlayotgan bir-biridan chiroyli binolar, keng va obod ko‘chalar ko‘zni quvontiradi.

– Prezidentimizning, hukumatimizning ko‘magi bilan Andijonda ke­yingi yillarda keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qo‘yingki, iqtisodiy sohaning barcha yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda, xalqimizning ma’naviy, madaniy hayo­ti yuksalmoqda. Andijonliklar taraqqiyot va yuksalishning yuqori pog‘onalari sari dadil odimlamoqda. Ana shu ishlar zamirida eng avvalo yurtni obod qilish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish, odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash yo‘lidagi ezgu va xayrli maqsadlar mujassam.

Andijonda sanoat, ayniqsa, to‘qimachilik jadal rivojlanmoqda. Hududiy investitsiya dasturi doirasida birgina 2021 yilda viloyatda umumiy qiymati 10,1 trillion so‘m bo‘lgan 735 loyiha ishga tushirildi, 41 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Loyihalarni joylashtirishda ishsizlik yuqori bo‘lgan chekka hududlarga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, Izbos­kan tumanidagi “Sohib omad barakasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga 10 million dona, Jalaquduq tumanidagi “Zumrad teks­til” korxonasi tomonidan yiliga 5 million dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 2 ming nafardan ziyod qishloq aholisi ish bilan ta’minlandi.

Joriy yilda viloyatning “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqqan holda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar asosida umumiy qiymati 12,4 trillion so‘mlik, xususan, sanoatda 302 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 166 ta, qishloq xo‘jaligida 66 ta, jami 501 ta loyihani amalga oshirish, 40 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish belgilab olingan.

Ayniqsa, yuqori salohiyatga ega bo‘lgan to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish drayver sohalariga aylanmoqda. Jumladan, eng ko‘p – 186 ta loyiha trikotaj, to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida amalga oshiriladi.

– Korxonamizda ishlab chiqarish jarayonlari bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda, – dedi Asaka tumanidagi “Asakatekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abduvohid Abdullayev. – Ayni kunda ip-yigiruv, matoni bo‘yash, trikotaj va sochiq mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikalarimizda 1 ming 200 nafardan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Mahsulotlarimiz asosan eksport qilinadi. Korxonamizda o‘tgan yili Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga 8,7 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda eksport hajmini 36 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Viloyatning drayver sohalardan biri tekstil to‘qimachilik sanoati bo‘lib, ana shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan 13 ta paxta-to‘qimachilik klaster korxonalaridan uchtasida o‘tgan yili xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayon tashkil etildi. Joriy yilda ularning soni oltitaga yetkaziladi.

Paxtaobod tumanining Durdiyor mahallasida 55 gektar toshloq yer maydonida to‘qimachilikka ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Mazkur to‘qimachilik sanoat zonasini zarur infratuzilma bilan ta’minlash uchun 65 milliard so‘m budjet mablag‘i yo‘naltiriladi. Hududlarga investitsiyani jalb qilish va o‘zlashtirish bo‘yicha yangicha tizim asosida barpo etilayotgan ushbu sanoat zonasiga tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 18 ta loyiha joylashtirilib, ishga tushiriladi.

Mahalliy tadbirkorlar ishtirokida tuzilgan “Xolding kompaniyasi” tomonidan loyihalarni amalga oshirish uchun 163 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi. Natijada 5 mingta yangi ish o‘rni, yiliga 75 million dollar miqdordagi mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Bu yerda tayyorlangan mahsulotlarning kamida 50 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Umuman, viloyatda yangi loyihalarni ishga tushirish, xususan, sanoat, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlarga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Eng asosiysi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratilib, odamlar doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

Viloyatda bugungi kunga qadar umumiy qiymati 759,1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 141 ta loyiha ishga tushirilib, 7 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan. Umuman, joriy yilda barcha loyihalar amalga oshirilishi hisobiga yiliga 3,5 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi, 681 million dollarlik eksport qilish imkoniyati, 568 milliard so‘m miqdorida budjetga sof tushum zaxirasi yaratiladi, 20 xil turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi, 75 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi.

Har bir kishi o‘z uyi bo‘lishini istaydi

Har bir inson, ayniqsa, o‘zbek xalqi uchun boshpana, uy-joy qilish eng muhim hayotiy ehtiyojlardan biri hisoblanadi. Shu bois ham, Prezidentimizning arzon uy-joylar qurish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash borasidagi tashabbusi andijonliklarni quvontiradi. Chunki uy-joy masalasi viloyatdagi eng dolzarb masalalardan biridir. Viloyatning aksariyat hududlarida bir hovlida ikkita, uchtadan oila yashaydi. Hatto, ko‘p qavatli uyga ikkita kelin tushirgan oilalar bor. Bu albatta, oilaviy munosabatlar, turmush tarzi bilan bog‘liq qator muammolarni yuzaga keltiradi. Viloyatda keyingi yillarda ko‘p qavatli uylar qurilishiga alohida e’tibor qaratilayotganligi esa ana shu muammolarni, kishilarning birinchi galdagi ehtiyojlaridan biri uy-joy masalasini ijobiy hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, Andijon viloyati mamlakatimizdagi hududi jihatidan eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Andijon viloyati res­publika hududining 1 foizini, aholisi esa 10 foizini tashkil etadi. Shu bois ham, viloyatda yerning har bir qarich maydonidan unumli va oqilona foydalanish talab etiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev avvalgi yillarda Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida ana shu jihatni hisobga olib, qolaversa, ekin maydonlarini kamaytirmaslik maqsadida viloyatning adir zonalarida arzon, ko‘p qavatli uylar qurish va shu orqali tobora o‘sib borayotgan aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida qator vazifalar belgilab bergan edi.

Ana shu vazifalar hamda hukumatimizning tegishli qarorlaridan kelib chiqib 2018-2022 yillarda viloyatdagi 37 ta yirik shahar, shaharcha va aholi punktlarining bosh rejalari, loyihalarini ishlab chiqilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar 25 ta shahar, shaharcha va boshqa aholi punktlari bosh rejalari ishlab chiqildi. Ana shu rejalarga asosan, adir zonalarida, qulay, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega ko‘p qavatli uylar barpo etilmoqda.

O‘tgan yili Xo‘jaobod tumani Ittifoq massividagi adir zonasida asosan 2 va 3 xonali ko‘p qavatli, arzon uylar qurildi. Barpo etilgan uylar, birinchi navbatda, uy-joyga muhtoj aholi vakillariga, kam ta’minlangan oilalar, nogironlarga ajratildi. Umuman, 2021 yil va joriy yilning birinchi choragida “Yangi tartib” asosida viloyatda jami 5 ming 83 xonadonli 183 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilib, 15 ming nafardan ziyod aholi uy-joy bilan ta’minlanmoqda.

2022 yilda viloyat bo‘yicha jami 5 ming 526 xonadonli 216 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilmoqda. Ko‘p qavatli uylarning aksariyati Andijon shahrida barpo etilmoqda. Hozirga qadar 13 ta uy qurib bitkazildi. Joriy yil yakuniga qadar barcha uylar foydalanishga topshiriladi. Viloyatda joriy yilda uy-joy sotib olish va yakka tartibdagi uy-joy qurish va qayta qurish uchun 3 ming 500 nafar fuqaroga 982 milliard so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda 1 ming 783 nafar fuqaroga 350,3 milliard so‘m ipoteka krediti ajratildi. Bundan tashqari, ana shu maqsadlar uchun Davlat xizmatlari agentligi tomonidan 2 ming 412 nafar fuqaroga subsidiya olish uchun ijobiy xulosa berilgan. Bugungi kunga qadar ularning 288 nafariga 9,2 milliard so‘m subsidiya ajratilib, ana shu fuqarolar uy-joy bilan ta’minlandi.

Viloyatda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida o‘tgan yili Andijon tumani adirliklarida 440 ming nafarga yaqin aholi yashashi mumkin bo‘lgan Yangi Andijon shahrini barpo etishga kirishildi. Umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan shaharning 1 ming 144 gektar maydonida turar joylar qad rostlaydi. Shuning­dek, 215 gektar maydonda savdo, 240 gektarda xizmat ko‘rsatish, 76 gektarda sanoat, 1 ming 942 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 364 gektar maydon yo‘llar va boshqa infrastruktura ob’ektlaridan iborat bo‘ladi.

“Yangi Andijon” loyihasi bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Qurilish ishlari jadal sur’atlar va ilg‘or texnologiyalar asosida olib borilmoqda. Hozirda 1 ming 962 xonadonli 74 ta ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 320 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, poliklinika, shuningdek, “Best-invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2 mingta ish o‘rniga ega tekstil fabrikasi qurilmoqda. Ayni paytda shaharning irrigatsiya tizimi, kommunikatsiya tarmoqlarini yaratish, ichimlik suvi, elektr ta’minotini, shuningdek, Turkiyaning “ArcCon” kompaniyasi bilan hamkorlikda Yangi Andijon va Andijon shahri o‘rtasiga tezyurar avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Bosh rejaga asosan, Yangi Andijon shahrida boks akademiyasi, oliy ta’lim muassasasi qurilishi bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

– Xalqimiz qalbidagi ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun mehnat qiladi, farzandlariga to‘y, uy-joy qilish orzusi bilan yashaydi, bu har birimizning hayotimiz mazmuniga aylangan haqiqat, – dedi Andijon viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘ktamjon Oxunov. – Yurtboshimiz tashab­busi bilan bugun arzon uy-joylar qurilishiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, butun xalqimiz, ayniqsa, andijonliklarning dilidagi orzulari ijobati, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurtdoshlarimizning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shubhasiz, ularning Prezidentimizga, davlatimizga ishonchini, ertangi kunga umidini yanada mus­tahkamlaydi.

Andijonda turizm yanada rivojlanadi

Prezidentimizning joriy yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda keng ko‘lamli ishlar, istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ichki turizmni rivojlantirish doi­rasida “Buyuk ipak yo‘li” bo‘ylab viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi 583 ta xizmat va servis ob’ektlari ishga tushirildi. Bundan tashqari, sayyohlarga qulaylik yaratish, viloyat bo‘ylab qulay jamoat transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida o‘tgan yili Xitoy davlatidan 66 dona zamonaviy avtobus va 15 dona mikroavtobuslar olib kelinib, asosan turizmga mos yo‘nalishlarga qo‘yildi. O‘tgan yili viloyatda 9 ta turizm yo‘nalishi bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 15 taga yetdi, 5 ta etnoturizmga moslashgan yangi marshrutlar ishlab chiqildi. Ana shu ishlar samarasi o‘laroq, yil boshidan buyon Andijon viloyatiga 907 ming 500 nafar sayyoh tashrif buyurdi.

Viloyatga o‘tgan yili 80 ming nafar xorijiy, 300 ming nafar mahalliy turistlar kelgan bo‘lsa, joriy yilda xorijiy sayyohlar tashrifini 90 ming nafarga, ichki turizm bo‘yicha keluvchilar sonini 450 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun hozirda 510 o‘rinli 5 ta mehmonxona, 30 ta mehmon uyi tashkil etilayotir.

– Viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun turizm infratuzilmasini yaxshilash, turizm ob’ektlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, turizm boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Maksumov. – Buning uchun bugungi kunda zarur barcha ishlar olib borilmoqda. Keyingi besh yilda viloyatda mehmonxonalar soni 10 tadan 22 taga, turoperatorlar soni 9 tadan 46 taga ko‘paydi. Shuningdek, viloyatda 69 ta mehmon uyi, 10 ta xostel tashkil etildi.

Marhamat tumanida loyiha qiymati 52 milliard so‘m bo‘lgan “Buyuk maskan” dam olish kompleksi, Xonobod shahrida loyiha qiymati 32 milliard so‘m bo‘lgan “Afsona-2” dam olish maskani hamda Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Jannatbuloq mahallasida sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan yirik dam olish maskani foydalanishga topshirildi.

– Umumiy maydoni 8,5 gektar bo‘lgan dam olish maskanimiz har qanday sayyohga manzur bo‘ladi, – dedi Marhamat tumanidagi “Buyuk maskan” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Akmaljon Nurmatov O‘zA muxbiri Faxriddin Ubaydullayevga. – Dam olish maskanimiz bir vaqtning o‘zida ming nafardan ziyod kishiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda mehmonxona, choyxonalar, qoraqalpoq, qirg‘iz o‘tovlari, sport maydonlari, bar, kafe, sharshara, manzarali yo‘laklar barpo etildi, charxpalak, o‘ndan ortiq attraksionlar o‘rnatilgan. Maskan markazida ko‘l yaratilib, o‘rtasi orolcha qilingan. Orolchada muzqaymoq xiyoboni tashkil etildi. Ko‘lda sayr qilish uchun qayiq-­katamaranlar keltirildi.

Viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirish, xizmat ko‘rsatish turlarini ko‘paytirish maqsadida Andijon shahrida “haftasiga 7 kun, 24 soat” rejimida ishlovchi “Turizm ko‘chasi” tashkil etildi. Loyihaga ko‘ra, mazkur ko‘chada yangi turizm ob’ektlari, turizm xizmatlari, hunarmandchilik savdo nuqtalari, pul ayirboshlash shoxobchalari, “street art” va “street music” xizmatlari tashkil etildi.

Ayniqsa, Xonobod shahrida turizmni rivojlantirish, Xonobodni Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Layf Xon­obod” investitsiya va turistik loyihasi doirasida 1-bosqichda «Voter Layf Mineral» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qadoqlangan mineral suv ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ayni paytda Xonobod shahridagi “Fozilmon ota” ziyoratgohida sayyoh va ziyoratchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, Kampirravot mahallasida bo‘sh turgan 66 gektar maydonda umumiy qiymati 35 million dollarga teng loyiha doirasida “Sun’iy ko‘l”, dam olish va ko‘ngilochar mas­kanlar, shuningdek, oilaviy mehmon uy, ekoturistik maskanlari barpo etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ana shu ishlar amalga oshirilishi bilan kelgusida Xonobodda yiliga 1,8 million nafar sayyohning dam olishi uchun imkoniyatlar yaratiladi.

Xonobodda joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 10 ga yaqin dam olish maskanlari foydalanishga topshirildi.

Muxtasar aytganda, joriy yil yakuniga qadar viloyatda turizm yo‘nalishida umumiy qiymati 392 milliard so‘mga teng 44 ta yangi loyiha ishga tushiriladi, natijada 1 ming 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Yurtimiz obodligi, xalqimiz turmush farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlardan andijonliklar behad xursand. Andijonda qaysi bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmaylik, qalbida obod yurtga bo‘lgan mehr, uning yuksalib, yanada taraqqiy etib borayotganligidan faxr-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urayotganligini guvohi bo‘ldik. Kundan kunga chiroy ochib, yuksalayotgan Andijon shubhasiz, yurtimizning go‘zal maskanlaridan biriga aylanadi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img