“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hayotga tatbiq etilganidan buyon hududlar qiyofasi tubdan o‘zgarib, aholining orzu-istaklari ro‘yob topmoqda. Kichik sanoat va ishlab chiqarish korxonalarining bunyod etilishi hisobiga minglab kishilar doimiy ishli bo‘lyapti. Shuningdek, ko‘p qavatli turar joylar qurilib, yo‘llar va ichki ko‘chalar tartibga keltirilmoqda. Bugungi kunda ana shu dasturlar ijrosini ta’minlash jarayonida iste’molimizga yana bir ibratli harakat, ya’ni, “Oqqo‘rg‘onliklar tashabbusi” kirib keldi va u respublika bo‘ylab ommalashtirildi. Poytaxt viloyati tarkibidagi mazkur tuman uzoq yillar e’tibordan chetda qolib, ijtimoiy sohalar, ayniqsa, ishlab chiqarish tarmoqlari va turar joylarga muhtojlik, yo‘llar infratuzilmasi singari muammolar yechim kutayotgandi. Tashabbuslar qo‘llab-quvvatlansa, har qanday ishga erishish mumkinligini bugun shu hududda mazkur loyiha bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlar misolida ko‘rish mumkin. Tuman tasarrufidagi qurilish sohasiga ixtisoslashgan tadbirkor va ishbilarmonlar tashabbus bilan chiqib, shu ishga kirishgach, korxona va tashkilotlar ham ularni qo‘llashdi. “Mening mahallam –kelajagim, faxrim” shiori ostida boshlangan bunyodkorlik ishlari tufayli mahallalar obod manzilga aylanib, tuman markazida esa ko‘p qavatli uylar, ishlab chiqarish tarmoqlari, xiyobonlar, maktab hamda bolalar bog‘chalari qurilib, tor ko‘chalar kengaytirildi. Qisqa davr oralig‘idagi yangilanishlar tuman qiyofasini zamonaviy tusga olib kirdi va odamlarning yashash tarzi, intilishini ham o‘zgartirdi. Bugun ham ana shu ibratli harakatlar uzluksiz davom etmoqda.
“Oqqo‘rg‘onliklar tashabbusi” asosida qurilish va obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etayotganlardan biri – Uchqun Abdullaev boshchiligidagi “PMK-PGS” MChJ jamoasidir. Dastlabki faoliyatini vaqtinchalik ishsiz yurgan yoshlar bilan boshlagan tadbirkor ixcham imoratlar qurdi. “Ustoz-shogird” an’anasiga tayanib, ishchi-xodimlarning tajribasini orttirdi. Qurayotgan bino va inshootlari zamon talablariga mos bo‘lgani uchun buyurtmachilar ham kun sayin ortaverdi.
Birgina misol, tumandagi 32-sonli umumta’lim maktabi hamda 2-sonli bolalar bog‘chasini ta’mirlash va qo‘shimcha xonalar qurish yuzasidan ikki marta tender tanlovi o‘tkazildi. Biroq bu ishga talabgorlar chiqmadi. Sababi, har ikkalasi ham haddan tashqari eskirgan va katta xarajat talab qilardi. Ushbu ob’ektlar qurilishiga “tavakkal” deb kirishgan Uchqun aka bu bunyodkorliklari kelajakda korxonasini nafaqat tumanda, balki viloyatda ham tanitishini xayoliga keltirmagandi.
Ob’ektlarda sifatli amalga oshirilgan ishlar hech kimning nazaridan chetda qolmadi. Shunga munosib ravishda buyurtmachilar ham ko‘payaverdi. Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Agrobank” filiali binosi, Sanitariya-epidemologiya markazi, Madaniyat va ma’rifat markazi, shuningdek, O‘rta Chirchiq tumani Adliya bo‘limi, Bo‘ka, Quyi Chirchiq kabi tumanlarda qad rostlagan bir nechta maktab, bolalar bog‘chasi, davlat kadastr tashkiloti, ma’muriy binolar Uchqun aka rahbarligidagi ishchi-xodimlarning mehnati mahsulidir. Joriy yil boshidan tadbirkor yanada katta ishlarni boshladi. Quyi Chirchiq tumanida ko‘p qavatli turar joy qurilishi uchun o‘tgan tender tanlovida faol qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ishchilarning sa’y-harakati hamda shartnoma asosida qurilish materiallari o‘z vaqtida yetkazib berilgani hisobiga ushbu ob’ekt Mustaqillik bayramining 32 yilligi arafasida foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 39-o‘rta maktab ham sifatli rekonstruksiya qilinib, o‘quvchilar ixtiyoriga berildi.


