Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida aholi turmush darajasi va yashash sharoitlari tobora yuksalib bormoqda. Buning yaqqol namunasi sifatida Marg‘ilon shahrida Renovasiya dasturi doirasida bunyod etilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylar aholi ixtiyoriga topshirildi. O‘tgan yili davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida marg‘ilonlik nuroniylar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, shaharda yangi uy-joy massivlarini qurish, ma’nan eskirgan, tor va noqulay uylar o‘rnida arzon va sifatli xonadonlar barpo etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Mazkur topshiriq asosida Marg‘ilonning Ipakchi mahallasida 68 ta eski uy buzilib, o‘rnida 440 xonadondan iborat 11 ta zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar qad rostladi. Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami arafasida ushbu yangi uylar tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbirda nuroniylar, mahalla faollari, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

