O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.
Vatan – azaldan eng muqaddas makon sanalgan. Suvidan to giyohi qadar begona ko‘zlardan himoya qilingan. Demak, bu yurt uchun har bir farzand jon kuydurmog‘i, uning kelajagi uchun oz bo‘lsa-da o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim. Inson hamisha samimiy inson bilan do‘st bo‘lishga intilganidek, imoni but farzand bo‘lish uchun ham Vatanga ona kabi intiladi, uni asrab-avaylashga urinadi. Ona Vatan qadrini bir soniya bo‘lsa ham musofir bo‘lgan insongina yanada teranroq tushunsa ajab emas. Darhaqiqat, bu maskan qudratiyu va go‘zalligining shohidi bo‘lib yashayotgan biz yoshlar uchun ham Vatan – yagona va muqaddasdir. Bizning vazifamiz esa – ona yurtimizni asrash, rivojlantirish va ulug‘lashdan iborat. Zero, bizdan keyingi avlod ham bu yurtning mustaqilligi va tinchligini saqlashga tayyor bo‘lib ulg‘aymog‘i shart. Buning uchun esa bizdan talab qilinadigani – yuksak bilim egallab, tanlagan sohamizning malakali mutaxassisi bo‘lib yetishish, deb o‘ylayman.
Men 2003 yilda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida tug‘ilganman. Hozirgi kunda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakul’teti 4-bosqich talabasiman. 20 yosh – inson umrining eng navqiron, g‘ayratu shijoatga to‘la davri hisoblanadi. Shu bois, men ham o‘qish bilan bir qatorda o‘z ustimda ishlab, bilim va mahoratimni, tanlagan sohamni yanada puxta egallash maqsadida jamiyatning faol fuqarosi bo‘lishga harakat qilyapman. Bu yo‘lda ozmi-ko‘pmi, o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimga erishib kelyapman.
Xususan, 2019 yil Respublika yosh ijodkorlar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan “O‘zbekiston bahori” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida nasr yo‘nalishida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim. 2020 yil “3-renessans Yoshlar nigohida” Respublika ko‘rik-tanlovining universitet bosqichida g‘olib bo‘lib, respublika bosqichida ham munosib ishtirok etdim. 2021 yilda “Yil talabasi” ko‘rik-tanalovining universitet bosqichida “Eng yaxshi bloger” nominasiyasida 1-o‘ringa sazovor bo‘ldim va respublikada kuchli 10 talikka kirdim. Shuningdek, o‘sha yili “O‘zbekiston yoshlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi” mavzusida o‘tkazilgan videoroliklar tanlovida ham ishtirok etib, universitet va respublika miqyosida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim.
Yangi – 2024 yil ham men uchun omadli boshlandi, desam adashmagan bo‘laman. Chunki ingliz tilini bilish bo‘yicha B2 darajasini qo‘lga kiritdim hamda Rektor stipendiyasi sovrindori bo‘ldim.
Agar erishgan yutuqlarim, amalga oshirayotgan ishlarim tufayli oz bo‘lsada jonajon yurtimiz ravnaqiga o‘z hissamni qo‘sha olgan bo‘lsam, bundan mamnunman.
Zero, qancha gapirsak ham, Vatan ta’rifini aytmoqqa kalom-u, yozmoqqa qalam ojiz. Har bir insonning sog‘ingan yurak taftiga mehr urug‘ini qadaguvchi buyuk yurtida hamisha ezgulik va tinchlik bardavom bo‘laversin! Jonajon O‘zbekistonimiz ham dunyoning eng go‘zal va eng buyuk davlatiga aylanaversin!


