Ulkan suv sporti saroyi ham zamonaviy va qulay. Unda 25×50 metrli suzish va 25×20 metrli suvga sakrash havzalari, mashg‘ulotlar uchun basseyn va trenajyor zallari bor. Barcha sharoitlar va o‘lchamlar xalqaro olimpiya standarti talablariga javob beradi.
Yaqinda “World Aquatics” federatsiyasi delegasiyasi majmuani ko‘rikdan o‘tkazdi va buni tasdiqladi. Ya’ni, bu yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi bo‘yicha qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya dasturidagi nufuzli musobaqalarni tashkil etish imkoniyati bor. Ularni 2 mingdan ziyod muxlislar tomosha qilishi mumkin. Davlatimiz rahbari suv sport turlarini rivojlantirish, xalqaro turnirlarda natijalarni yaxshilash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari ham xalqaro talablar darajasida bunyod
etilgan. Ularning har biri uch qavatli, 2 ming o‘rinli. Jumladan, birinchisida voleybol, basketbol va gandbol bo‘yicha mashg‘ulot hamda xalqaro musobaqalarni o‘tkazish mumkin. Yakkakurashlar majmuasi dzyudo, boks, taekvondo kabi
sport turlarini rivojlantirishga asos bo‘ladi. Prezidentimiz shu yerda sportchilar bilan suhbatlashdi.
– Xalqaro musobaqalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutug‘ingiz xalqimiz uchun katta g‘urur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz, – dedi Shavkat
Mirziyoev


