Xorazm san’ati to‘g‘risida gap ketsa, xalqimizning ko‘z o‘ngida eng avvalo, “Lazgi” keladi. Necha asrlarni ortda qoldirgan va har davrda sayqal topib, milliy san’atimizda mana shu yo‘nalish qirralarini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganlar har qancha e’tirofga loyiqdir. Shuni ham aytish kerakki, viloyat aholisi azaldan ashula hamda raqsga o‘ta ixlosmandligi bilan cheklanib qolmagan. Viloyatning istalgan tuman yoki shaharlarida bo‘lgan kishi bu yerda qad rostlagan va ming yillardan buyon oxori to‘kilmay o‘zligini saqlab turgan biri-biridan go‘zal inshootlarni ko‘radi. Ayniqsa, Xiva shahridagi tarixiy ansamblning mahobati dunyo sayyohlari e’tiborini tortib kelmoqda.
Bugunga kelib, bunyodkorlik sohasidagi betakror an’ana istiqlol yaratib bergan imkoniyatlar tufayli qaytadan sayqal topmoqda. Qurilishda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, ota-bobolar kasbini yanada rivojlantirayotganlar qatorida Temurbek Norbayev boshchiligidagi “Shiddat monolit” xususiy korxonasi, ham bor. Shuni aytish kerakki, yaqin yaqingacha yurtimizning boshqa hududlaridagi singari Xorazm viloyati hududida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar yo‘q hisobi edi, borlari esa xomashyo yetishmasligi yoki dastgohlar zamon talabiga javob bermay qolgani uchun ham faoliyatini deyarli yurgazmay qo‘ygandi.
Ammo “Qalovini topsang, qor ham yog‘adi” deganlaridek, Temurbek ham izlab, imkonini topdi. Korxonasiga zarur texnikalar sotib oldi va qurilishlarda tajriba orttirgan yoshlarni qavatiga to‘pladi. Dastlabki faoliyatini maktab va bolalar bog‘chasini qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, davlat dasturi doirasida viloyatdagi ko‘plab tumanlarda namunali uy-joylarni bunyod etib foydalanishga topshirdi. Ish jarayonida turli mutaxassislarga ehtiyoj sezgani uchun yangi ish o‘rinlari yaratib, yoshlarni payvandlash, g‘isht terish, elektr uskunalari bilan ishlash kabi hunarlar bo‘yicha korxona hisobidan qisqa muddatli kurslarda o‘qitdi.
Viloyat ahlining uy-joyga muhtojlik muammosini hal qilish maqsadida Yurtboshimizning tashabbusi bilan Xorazmda ham keyingi yillarda ko‘plab ko‘p qavatli turar joylar qurila boshlandi. Bunyodkorlik ishlarida o‘ziga xos tajriba to‘plagan “Shiddat monolit” xususiy korxonasi jamoasi ham bu borada faol ishtirok etayotganini ta’kidlash lozim. Jumladan, yakunlangan yilda ularning mehnati tufayli Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida 1 ta 9 qavatli, 54 xonadonga mo‘ljallangan turar joy binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Ta’kidlash joizki, ana shu inshootning yon-atrofini obodonlashtirish, tashqi va ichki dizayinida qadimdan binokorlikda qo‘llanib kelingan milliy an’analar ham o‘z aksini topdi.
Bunyodkorning ishlari qurgan inshootlari bilan baholanadi, deganlaricha bor. ”Shiddat monolit” korxonasi ham o‘n to‘rt yil oralig‘ida el-yurt nazariga tushdi, mukammallashgan jamoa bo‘ldi, iqtisodiy jihatdan barqaror yuksaldi. Ayni paytda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida Urganch shahridagi asosiy ko‘chalardan birida 2 ta 9 qavatli 54 xonadonli, Urganch tumanidagi Cho‘lobod mahallasi hududida 1 ta 9 qavatli turar joy binolari qurilishida ishlar jadallik bilan bormoqda. Bulardan tashqari, viloyatdagi barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida ham bu jamoa binokorlari tomonidan 2 ta ko‘p qavatli uylarni qurishga kirishilgan.
Jamoa ahli faqat qurilishlar bilan kifoyalanib qolmasdan ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ygan. Urganch shahrining Xiva ko‘chasida joylashgan beton qorishmasi va beton mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan zavod nafaqat korxona uchun asqatyapti, balki turdosh korxonalar ham shartnoma asosida undan unumli foydalanishmoqda. Ob’ektlarda ishlar sifatli bajarilishi va zavodda tayyorlanayotgan har bir mahsulot belgilangan muddatda o‘z joyiga yetib borishini ta’minlashda Rahimbergan Matkarimov, Odilbek va Azamat Eshchanovlar, Jo‘rabek Eshboyev kabi fidoiy ishchi-xizmatchilarning mehnatlari tahsinga loyiqdir. Ular o‘z xizmatlari bilan boshqalarga namuna ko‘rsatish barobarida yoshlarga kasb o‘rgatishda ham oldingi saflarda turishadi.

