Ko‘p ajib shaharlarimiz bor. Bularning orasida Jizzaxning o‘z o‘rni bor. “Ishtixon trans servis” MChJ korxonasi vakili bilan ketarkanman, gap qo‘shdim.
– Tog‘lar orasidagi shahar ekan!
– Tog‘lardan qolishmaydigan binolarimiz ham bor, – deya kulimsiradi korxona vakili. – Jizzaxning ko‘rki ham shularda aslida.
Haqiqatda, Jizzax haqida gap ketganda ulug‘vor tog‘lar-u xushma’vo manzillar xayolga keladi. Shaharning bugungi shakl-shamoyili avvalgisidan farq qiladi. Bunda hududdagi ulkan qurilish va rekonstruksiya jarayonlari katta ahamiyat kasb etadi. Olib borilayotgan bunday harakatlar Jizzax viloyatining tashqi ko‘rinishini butkul o‘zgartirib, aholining yashash sharoitlarini ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Aytish kerakki, joriy bunyodkorlik jarayonlarida “Ishtixon trans servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ham o‘z o‘rni bor.
Har bir narsaning o‘ziga xos ibtidosi bor. Xususan, “Ishtixon trans servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ham ta’sis etish tarixi birmuncha qiziqarli. Asli Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidan kelgan Anvar Samiyev 2014 yili Jizzax shahrida yangi korxonani tashkil etdi. Bugun mazkur korxona Jizzax shahri va viloyatga qarashli tumanlarda ko‘plab bunyodkorlik ishlari bilan mashg‘ul. Malakali, ishbilarmon va qurilishning sir-sinoatini puxta egallagan bunyodkorlardan tarkib topgan korxona jamoasi Jizzaxdagi qurilish korxonalari orasida o‘z o‘rniga ega.
– Korxonamiz tomonidan 2017 yildan buyon Jizzax shahrida 20 dan ortiq 7 qavatli turar joy binolari qurib bitkazildi, – dedi korxona rahbari Abror Sharapov. – Shuningdek, bu muddat oralig‘ida 9 ta besh qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirildi. 2021-2022 yillarda viloyat markazida 3 ta 9 qavatli bino qurib, xalqimizga taqdim etildi. Ayni paytda Jizzax shahrining “Sug‘diyona” futbol klubining futbol akademiyasi binolarini tiklash ishlarini olib boryapmiz. Ma’lumki, Jizzaxda shu paytga qadar “So‘g‘diyona” futbol klubining alohida maktabi yo‘q edi. Mazkur sport ta’lim maskanining qurilishi 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan. Shuningdek, Zomin tumanidagi “G’allakor” MFY hududida kommunikatsiya tarmoqlarini tortish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi qurilish-ta’mirlash ishlarini olib bordik.
“Ishtixon trans servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati nafaqat qurilish-rekonstruksiya jarayonlarida, balki o‘zining ilg‘or texnik bazasi mavjud qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘iga ham ega. 20 ta samosval, 9 ta kran, 6 ta yuk tashuvchi avtomashina, 1 dona slon va boshqa ko‘plab qurilish uskunalari korxonaning yutuqlarida asosiy o‘rinni egallab kelmoqda.
Hozirgi kunda korxonada 83 nafar doimiy ishchi faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, mavsum va ish hajmiga qarab 300 nafargacha yollanma ishchilar faoliyat yuritadi. Shu kunga qadar “Ishtixon trans servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilgan binolar Jizzax shahri va viloyati aholisining ijtimoiy himoyasi va turmush darajasining o‘sishiga turtki bo‘lib kelmoqda. Mazkur korxona aholi uchun turar joylar qurish bilan birga davlat idora va tashkilotlarining buyurtmalari asosida ham ko‘plab xizmat uylarini qurib, foydalanishga topshirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirliklari xodimlari uchun Jizzax shahrida qurib bitkazilgan xizmat uylari shular sirasidan.
Jizzax viloyatining jo‘g‘rofiy joylashuvi, tabiati, iqlimi, landshafti o‘ziga xos. Bu hududda osmono‘par tog‘lar ham, cheki-chegarasi yo‘q suv havzalari ham, bepoyon ekinzorlaru, oyoq bossang kuydiradigan qum barxanlari yastanib yotgan dashtlar ham bor. Har biri tumanda odamning e’tiborini o‘ziga tortadigan, diqqatga sazovor obida, ziyoratgoh, uzoq-yaqin tarixdan qolgan yodgorliklar mavjud. Jizzax viloyatining Arnasoy, Baxmal, G’allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod, Do‘stlik, Zarbdor, Zafarobod tumanlari o‘zining tabiiy komponentlari va qulayliklari bilan ham turizm ob’ektlari qurishni rag‘batlantiradi. Bu borada “Ishtixon trans servis” korxonasi Baxmal tumanida ikkita maktab va bitta turizm ob’ekti qurilishini davom ettirmoqda.
– Baxmal tumani nafaqat Jizzax viloyatida, balki boshqa hududlarda ham o‘zining betakror tabiati bilan nom qozongan, – dedi Abror Sharapov. – Korxonamiz hozirda mazkur tumanda yangi turizm ob’ekti qurilishi ishlarini olib bormoqda. Mazkur ob’ekt Turizm va madaniy meros vazirligi buyurtmasiga binoan qurilmoqda. Mazkur bino axborot markazi, namozxona, selfi maydonchalari, yon-atrofdagi manzarani tomosha qilish uchun 400 metr balandlikda zina platformalari qurib bitkazildi. Aytish joizki, mazkur turizm ob’ekti mehmonlarni qabul qilish va ular uchun milliy turizm salohiyatimizning imkoniyatlarini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Jizzaxliklarni unumdor yer, qazilma boyliklari, iqlim sharoiti jihatidan ham tabiat siylagan. Endi esa hududda qurilish sohasining ham rivojlanib borayotganini ko‘rish mumkin. Jizzaxning o‘tmishiga, tabiatiga yarasha ulug‘vor, ko‘rkam binolar-u inshootlarning qurilishi hududning yangi qiyofasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Sersuv ko‘llar, bebaho tabiiy imkoniyatlar Jizzaxda bir qator tarmoqlarning ham unib-o‘sishiga zamin hozirlamoqda. Bunday ulug‘ harakatlarga o‘zining hissasini qo‘shib kelayotgan “Ishtixon trans servis” korxonasi ham amalda hududdagi bunyodkorliklarning muhim ishtirokchisiga aylanib ulgurgan.


