Qadimiy va hamisha navqiron, deya e’tirof etiluvchi ochiq osmon ostidagi muzey shahar Xivadagi tarixiy obidalarini tomosha qilar ekansiz, ularni qurgan ajdodlarimizning bilim tafakkuriga tasannolar aytasiz. Xiva shahridagi qadimiy obidalar faqat Ichan qal’adagina emas, balki shahar atrofidagi qishloqlarda ham borligi haqida eshitganmisiz? Ana shunday obidalardan biri – betakror tarzda qurilib, xalq tilida “Sayotxonning ko‘shki” deb ataluvchi Chodra hovli me’moriy yodgorligidir. Chodra hovli arxitektura yodgorligi Xiva tumanidagi Sayot qishlog‘i hududida joylashgan. XVIII asrga tegishli bo‘lgan Chodra hovli majmuasi Xiva shahridan 11 kilometr sharqda, Yangiariq tumaniga ketaverishdagi yo‘l bo‘yida joylashgan. Bu betakror ko‘rinishdagi bino 1871 yilda Muhammad Rahimxon Feruz tomonidan yozgi dam olish qarorgohi sifatida qurilgan. Bunday imoratlar qurilishida asosan paxsa loydan, ayrim hollarda esa yirik xom g‘ishtdan foydalanilgan. To‘rt qavatli Chodra hovli inshooti ham xuddi shu yo‘sinda barpo etilgan. Binoning rejadagi o‘lchamlari 16×8 metr, umumiy balandligi 30 metrgacha bo‘lgan. Birinchi qavatdagi paxsaning eni 80 santimetr, to‘rtinchi qavatdagi sinch devor qalinligi esa 40 santimetrni tashkil etadi. Binoning birinchi qavatida omborxona va otxona bor. 2-3-qavatlari esa dam olish uchun mo‘ljallangan xonalardan iborat. Loyli gruntlar quruq va issiq iqlimli joylarda qurilish materiali sifatida qo‘llanilgan. Ajdodlarimiz o‘rta qavatli binolar qurilishida zilzilabardoshlikni ta’minlovchi antiseysmik chora-tadbirlar ham ishlab chiqqanlar. Bunda har bir qavat balandligini bino balandligi oshgan sari kamaytirib borishga e’tibor qaratilgan. Agar bino balandligi bir joyda baland, ikkinchi joyda past bo‘lsa, uning seysmik mustahkamligi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Mana shu jihatlariga e’tibor qaratilgan holda bino minora shaklida qurilgan. Bunday ko‘rinishdagi imoratlarning zilzilabardoshligi yuqori bo‘ladi.
Bino to‘g‘ri burchakli tarzda qurilgan. Birinchi qavat atrofi berk va ikki xonali. Undan otxona va ombarxona sifatida foydalanilgan. Paxsa zinapoya bilan yuqoriga chiqiladi. Ikkinchi qavatda g‘arb tomonga qaratib ayvon qurilgan. Uchinchi qavatda yotoqxona, janub va g‘arbga qaratib qurilgan ayvon bor. Shimol tomonidan yaxlit devor o‘ralgan. Yuqoriga ko‘tarilish hisobiga qavatlar maydoni va devori qalinligi kamayib borgan. Shimoliy tomonda uchta darvoza mavjud. Xonalarning ich qismi ganch bilan suvalgan. Binoning yagona bezagi o‘ymakor xarilar hamda ayvon panjaralaridir. Chodra hovli xonlik davrida Xiva xonlarining yozgi dam olish maskani bo‘lgan. Chodra hovli me’moriy yodgorligini tomosha qilish uchun xorijiy va mahalliy sayyohlar tez-tez tashrif buyurishadi. Bu inshoot qad rostlaganiga 150 yildan oshgan bo‘lsada, hamon o‘z salobati, fayzu tarovati bilan kishilarni maftun etib kelmoqda.


