Dunyo aholisi soni ko‘paygani sayin Yer yuzini o‘zgartiradigan zamonaviy infratuzilma va yirik qurilish loyihalariga ham talab ortib bormoqda. Quyida siz dunyo bo‘ylab katta miqdorda mablag‘ sarflangan yirik qurilish ishlari bilan tanishishingiz mumkin. Mazkur loyihalar mamlakatlarning iqtisodiy, ijtimoiy va texnika taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Qirol Abdulloh iqtisodiy shahri
Saudiya Arabistonidagi Qirol Abdulloh iqtisodiy shahri loyihasi dunyodagi eng ko‘zga ko‘rinarli iqtisodiy shaharlardan biri bo‘lishi uchun zamonaviy arxitektura uslubini o‘zida mujassam etgan.
Ikki millionga yaqin aholi yashashi uchun mo‘ljallangan ushbu shaharni qurishga taxminan 20 yil kerak bo‘ladi. 2006 yilda boshlangan qurilish ishlari 2025 yilda yakunlanishi kutilmoqda.
Qirol Abdulloh ibn Abdulaziz As-Saud tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu shahar loyihasining umumiy qiymati 100 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
Xalqaro koinot stansiyasi
Xalqaro koinot stansiyasining maydoni futbol maydonidek kattalikda va og‘irligi 400 tonnaga yaqin.
Koinot stansiyasini Yerda qurish va keyin birdaniga koinotga uchirish mumkin emas edi. Chunki hech qanday raketa bunday og‘irlikni ko‘tarib ucholmaydi. Bu muammoni chetlab o‘tish uchun Koinot stansiyasi Yerdan 400 kilometr balandlikka 40 dan ortiq qismga bo‘laklanib olib chiqildi va bir qancha vaqt davomida yig‘ilgan.
Ilm-fan va texnologiya sohasidagi eng yirik xalqaro loyiha Yevropa davlatlari, AQSh, Yaponiya, Kanada va Rossiya hamkorligida amalga oshirilgani aytilmoqda. Xalqaro koinot stansiyasining barpo etilishiga 150 milliard AQSh dollari sarflangan.
Ko‘rfaz temir yo‘li
Ushbu temir yo‘l loyihasi Bahrayn, Quvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida amalga oshiriladi.
Ko‘rfazni arab davlatlari hamkorlik kengashidagi mamlakatlar iqtisodi va shaharlar rivojlanishida yangi qadam, deyish mumkin. Bunday temir yo‘l loyihalariga investisiya qilish o‘ziga xos ahamiyatga ega.
Ushbu infratuzilmani rivojlantirish neftdan tushgan daromadlar va boshqa sarmoyalar yordamida amalga oshiriladi. 2000 kilometrdan ortiq masofada bo‘lishi rejalashtirilgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 250 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
NEOM city
NEOM city Saudiya Arabistonining anchayin katta hududiga to‘g‘ri keladi va u mamlakatning amaldagi hukmdori valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonning tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 500 milliard AQSh dollariga teng.
Hukumat nomidan sarmoya kirituvchi Davlat investisiya fondi ushbu qurilish loyihasining asosiy moliyalashtiruvchisidir. Qayd etilishicha, bu iqtisodiyotni rivojlantirish va neftga bog‘liqlikni kamaytirishga qaratilgan “Saudi Vision 2030” rejasining tarkibiy qismidir.




