Bugungi kunda Davlat dasturlari ijrosini ta’minlash hamda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha “Namangan tajribasi”, degan jumlalar sohadagilar orasida ko‘p bor takrorlanmoqda. Bu bejizga emas, chunki so‘nggi besh yil oralig‘ida respublikamizda o‘tkazilayotgan izchil islohotlar tufayli boshqa hududlardagi kabi viloyat tadbirkor va ishbilarmonlari ham ijtimoiy sohalarda, shu jumladan, shahar va tumanlarning qiyofasini tubdan yangilash yuzasidan yangidan-yangi zamonaviy loyihalar asosida turli ko‘rinishdagi inshootlarni bunyod etib, nafaqat vodiyda, balki boshqa viloyatlarga ham ibrat ko‘rsatayotgani bor gap.
To‘g‘risi, ushbu maqolani yozishga borgan muallif sifatida, men ham shahardagi o‘zgarishlardan hayratlanganimni yashirmayman. Hamkasblarimizning e’tiroficha ham bor, hozirgi kunda viloyatning istalgan tumani yoki shahriga borgan kishi go‘yoki Namanganga emas, balki chet davlatlardan biriga kirib qolgandek o‘zini his qiladi.
Buning sababi, eskirib, o‘z qiyofasini yo‘qotgan tor ko‘chalar, muddatini o‘tab bo‘lgan past-baland binolar va texnologiyasi almisoqdan qolgan, ishlab chiqarishi izdan chiqqan korxona hamda tashkilotlar o‘rnini yangi, zamonaviy loyihalar bo‘yicha bunyod etilganlari egallagan. Yana bir muhim tomoni, bunyodkorlik ishlarida joylarda mo‘‘tadil iqlimni saqlash va yaxshilashga alohida e’tibor qaratilgani ham har qanday kishining havasini orttiradi.
Viloyat aholisi mana shunday farovonlik hamda obodlikdan bahramand bo‘lishi va ularning turmush tarzi yanada yaxshilanishida bu yerdagi qurilish maydonlarida tinimsiz izlanishlar bilan mehnat qilayotgan korxonalar orasida “Jahon qurilish-ta’mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bor. Jamoa ishchi-xizmatchilari qaysi ob’ektda ish bajarishidan qat’i nazar turdosh korxonalar bilan raqobat asosida ishlashni xush ko‘rishga odatlangan. Bu esa, binolarning shakl-shamoyilini va sifatini yaxshilash, o‘zlari ham loyihachilarga takliflar kiritishlariga yo‘l ochmoqda. Masalan, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining buyurtmasiga ko‘ra, bir nechta tumanlarda kottejlar qurish jarayonida jamiyat vakillarining kiritgan takliflari inobatga olindi va ular bo‘yicha qilingan o‘zgartishlar kutilgandan ham ziyod natija berdi. Ehtimol, “Namangan tajribasi” aynan mana shu raqobatchilik asosida yuzaga kelgan va uning natijadorlikka erishishda muhim o‘rin tutayotgandir. Nima va qanday bo‘lishidan qat’i nazar bu yerda faoliyat yuritayotgan quruvchi-tadbirkorlarning tajriba hamda izlanishlari yurtimiz miqyosida ommalashgani keyingi oylarda boshqa viloyatlarda ham yuzaga chiqmoqda.
Mana shunday raqobat “Jahon qurilish-ta’mirlash” MChJ jamoasini ham quruvchilik sohasida yanada tobladi. Ayniqsa, Davlatobod tumanining “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ular mehnati bilan qad rostlagan 12 ta namunaviy uylar har tomonlama talab darajasida ekani korxonani viloyatga tanitdi. Shundan e’tiboran boshqa tuman va shaharlardan ham buyurtmalar ko‘paya bordi. Masalan, mazkur tumandagi Yuksalish mahallasi hududida qurilishi rejalashtirilgan 7 qavatli, 42 xonadondan iborat turar joyni bunyod qilish davrida jamoani yana bir bor chinakam sinovdan o‘tkazdi. Buning sababi, inshootning poydevori bitish arafasida zarur materiallarni yetkazib beruvchi asosiy korxonalar xomashyo yo‘qligini bahona qilib, ishni orqaga surishdi.
Tadbirkorlikning hadisini olgan korxona rahbari Muboshir Abdullayev qo‘l qovushtirib o‘tiradiganlar xilidan emasdi. Ishlab topilgan daromadi va ichki imkoniyatlaridan foydalanib, korxona tarkibida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodni tashkil qildi, uni eng so‘nggi rusumdagi xorijiy texnika va texnologiyalar bilan jihozladi. Xomashyo zaxirasini yaratishda esa hech qanday muammo chiqmadi. Chunki neki zarur bo‘lsa, mahalliylashtirish dasturiga tayandi. Ishni izga tushirib olish uchun tezkorlikda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida qurilishi to‘xtash arafasiga kelib qolgan o‘sha 7 qavatli turar joy belgilangan muddatda qurilib, foydalanishga topshirildi.
– Qurilishlarda mahalliy materiallardan kengroq foydalanishning samarali tomoni ko‘p ekan. Avvalo, xarajatlar kamayishiga va qurilayotgan binolarning sifatini yanada oshirishga imkon berarkan. Muhimi, xomashyo zaxirasi har qadamda topiladi, deya fikrini izohladi Muboshir Abdullayev.
Tadbirkorning aytganicha bor, endilikda mana shu jihatga jiddiy e’tibor qaratayotgan qurilish korxonalari kam bo‘lishmayapti. Jamoaning o‘zi ham so‘nggi to‘rt yil oralig‘ida oltita 7 qavatli, oltita 5 qavatli turar joylarni asosan mahalliy materiallar hisobidan qurib, barcha jihozlari bilan egalariga topshirdi. Shuningdek, Namanganda bunyod etilayotgan ”Yangi O‘zbekiston” massivida ham shu mehnat ahlining qo‘shayotgan o‘z ulushi bor. Ya’ni, bu yerda bitta 9 qavatli uy-joyning sifatli qilib tiklash zimmalarida turibdi, ayni paytda uni qurishda o‘zlari ishlab chiqarayotgan materiallar asqatmoqda.
O‘rni kelganda ta’kidlash joizki, endilikda “Jahon qurilish-ta’mirlash” MChJ tarkibidagi zavodda 30 xilga yaqin mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarilyapti. Ulardan turdosh korxonalar samarali foydalanayotgani jamiyat iqtisodini mustahkamlashga, yanada izlanishlar qilishga va 120 nafar kishidan iborat ishchi-xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga asos bo‘lyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, 40 yildan ortiq qurilish sohasida katta tajriba to‘plagan otasining kasbini puxta o‘zlashtirgan Muboshir Abdullayev davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlar tufayli el-yurtga naf keltirayotganidan minnatdor. Bahrom Muxtorjonov, Behzod Jumaboyev, Saidjamol Sultonov, Muxtorxon Abdullayev kabi ish yurituvchi, boshqaruvchi va ta’minotchilar har bir ishda kamarbastalik bilan qo‘llab-quvvatlayotgani uni yangiliklar yaratish, izlanishlar qilishga undayotgani e’tiborga molikdir.

