Britaniya me’morlari Qirollik instituti (RIBA) tomonidan nashr etilgan dunyoning 100 nafar me’mor ayollar faoliyati haqidagi “100 women architects in practice” kitobiga o‘zbek me’mori Taxmina Turdialieva ham kiritildi.
“Dunyo” axborot agentligiga ko‘ra, Londonda ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Britaniya me’morlari Qirollik instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda dunyoning turli burchaklaridan ishtirokchilar onlayn va oflayn tarzda qatnashdi. Qayd etilishicha, “Dunyoning 100 ayol me’mori” kitobi xotin-qizlarning me’moriy muhitga qo‘shgan hissasini yoritib bergan. Nashrda Taxmina Turdialieva ijodiy ishlariga o‘ziga xos nuqtai nazar bilan yondashilgan. Xususan, kitobda yurtdoshimiz tomonidan poytaxtimizda loyihalashtirilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Shota Rustaveli ko‘chasidagi ma’muriy binosi va Zamonaviy san’at markazidagi yozgi hovlining soyali konstruksiyasi haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.
Ushbu nashr butun dunyodagi iste’dodli me’mor ayollar faoliyatini yuzaga chiqarish va qo‘llab-quvvatlashda muhim qadamdir. Taxmina Turdialievaning dunyodagi yuz nafar eng yaxshi me’mor ayollar qatoridan o‘rin olgani esa O‘zbekistonning jahon arxitektura sohasiga ta’sirini namoyon etadi, deyish mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, Taxmina Turdialieva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti hamda Xitoyning Xuachjun fan va texnologiya universitetlarini tamomlagan. Xalqaro arxitektura tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, o‘zining professional mahoratini namoyon qilgan. Xitoyning “Cube design” xalqaro arxitektura firmasida arxitektor sifatida ishlagan. Shuningdek, u Samarqand viloyat hokimining arxitektura va qurilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ham faoliyat yuritgan. Bugungi kunda u Toshkentda o‘zining “TT Design Lab” me’morlik studiyasini muvaffaqiyatli boshqarmoqda.


