Eskidan qulog‘imizga o‘rnashib qolgan bir naql bor: daraxt bir joyda ko‘karadi. Ha, inson sabri ko‘p hikmatlar so‘nggiga qadar yetaklab boradi bizni. Bugun ham shunday sabrli qahramonimiz haqida hikoya qilmoqchimiz. Inson qalbini ifodalashday nozik vazifa bo‘lmasa kerak, olamda. Kuni kecha mustaqilligimizning 32 yilligi arafasida taqdirlangan bir qancha yurtdoshlarimiz orasida bir kishi e’tiborimizni tortdi.
“Shuhrat” medaliga loyiq ko‘rilgan qahramonimiz oddiy haydovchi. Butun qalbi bilan o‘z ishiga muhabbat tuygan fidoyi inson. Bu inson bilan suhbatlashib, uning samimiy quvonchi, so‘zlaridagi hayajondan beixtiyor ko‘nglingiz yorishadi.
Ali Norqulov 1965 yil Navoiy viloyatining Navbahor tumanida tavallud topgan. O‘rta maktabni tugatib, 1983-1985 yillarda harbiy xizmatni o‘tadi. Armiyadan qaytgach, bir ishning boshini tutishga shay turgan qahramonimizning yo‘li respublikamizning eng yirik sement zavodiga tushadi. Shu davrdan boshlab, qahramonimiz hayotida katta sahifa ochildi. Shundan buyon hozirga qadar u “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatining “BelAZ” haydovchisi vazifasida ishlab kelmoqda.
Ali aka bu haqda shunday eslaydi:
− Ilk bor “BelAZ” mashinasini ko‘rganimdayoq menga yoqib qolgandi. Hech bir ish tasodif emas ekanki, shu-shu “BelAZ” haydovchisiga aylandim. 37 yil davomida qalbimda ne-ne hissiyotlar, orzular kechmadi deysiz. To‘g‘ri, hammaning ham ulkan marralarga erishgisi keladi. Ammo har doim istaganimiz bo‘lavermaydi. Mashinaning kichkina kabinkasida o‘tirib, bunday yuksak mukofot olish xayolimga ham kelmagandi. Odatda kechasi ishlaymiz. Har xil kun bor: birda sovuq bo‘lsa, birda issiq. Tun og‘ushida o‘zingiz-o‘zingiz bilan gaplashib ishlayverasiz. Ammo hech qachon nolimayman. Prezidentimizga ming rahmat, bu mukofotni olganimdan boshim ko‘kka yetdi. Hamma charchoqlarim chiqib, hayotga nisbatan shukronalik hissi ortdi. Faoliyatim davomida ba’zan oylab maoshsiz, dam olmasdan ishlagan paytlarimiz bo‘ldi. Ammo ota-onam sabr qilishimni, daraxt bir joyda ko‘karishini ta’kidlashardi. Ularning so‘zini tutib, amal qilib, kam bo‘lmadim. Ali aka bilan qisqa fursatli suhbatimiz mazmunli bo‘ldi. O‘zi oddiygina telefon tutsada, farzandlarini oliy ma’lumotli qilayotgan bu fidokor, oqko‘ngil inson har qancha e’tirofga loyiqligiga amin bo‘ldik. Yillar davomida o‘z yo‘lidan og‘ishmay, kasbiga, yo‘liga sabr qiladigan insonlar kam. Bu ayni zamon kishilari, yoshlariga juda katta ibratdir. Bugun rassom boyibdi desa, rasm chizib ketadigan, savdogar boy bo‘ladi desa, o‘zini savdoga uradigan, faqat pulning ketidan yuradiganlar ko‘paygan zamonda Ali akaday insonlar noyob bo‘lib bormoqda.
Demak, har bir inson o‘ziga atalgan yo‘l uchun mas’uldir. Siz qaysi soha mutaxassisi bo‘lsangiz, uni mukammal egallang. Shundagina haqiqiy soha vakiliga aylanasiz. Ali akaning kelajakdagi ishlariga omad tilaymiz. O‘ylaymizki, ushbu e’tirofdan keyin u yanada g‘ayrat bilan ishlab, katta marralar sari intilishda davom etadi.



