|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Buyuk va betimsol mening Vatanim

Muhim xabarlar

Dilshod Jalolov
Dilshod Jalolov
1991 yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ni tamomlagan. 2016 iyuldan “O‘zbekiston bunyodkori” Nashriyot uyi MChJ Bosh direktori – “O‘zbekiston bunyodkori” ijtimoiy-iqtisodiy gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Ellar to‘zg‘ib yotar gul yaprog‘idek,
Bir yon shohu gado, bir yon do‘st, g‘anim.
Bir yonda xayoliy Eram bog‘idek
Buyuk va betimsol mening Vatanim.

Ulug‘ shoirimiz lutf etganidek, ne-ne ellar gul yaprog‘idek to‘zg‘ib yotgan bu ko‘hna zaminda buyuk va betimsol Vatanimiz o‘z mustaqilligining o‘ttiz birinchi dovonida yana bir yangi davrga qadam qo‘yayotir. Istiqlol va ozodlik tushunchalari barcha uchun qimmatli tuyg‘uga ega xilqat.

Mustaqillik 130 yildan ko‘proq davr mobaynida avval chorizm, so‘ngra qizil imperiya oyog‘i ostida toptalgan O‘zbekistonni nafaqat siyosiy va huquqiy jihatdan hurriyatga olib chiqdi, ayni chog‘da, buyuk ajdodlardan meros ma’naviy qadriyatlarni tiklashga, ularni asrlar chang-g‘uboridan poklashga, milliy til va madaniyatni, adabiyot va san’atni ravnaq toptirishga, millatning soxtalashtirilgan tarixini asl holida tiklab berdi.

Asriy orzu-armonlari ushalgan xalqning baxti va shodligi farzandlar qalbidagi buyuk shijoat, milliy g‘urur va iftixorda namoyon bo‘lmog‘i tayin. Bundan 31 yil muqaddam Hurriyat va ozodlik havosidan bahramand bo‘lgan xalqimiz ilk kunlardan boshlab Vatanni, ona yurtning shahar va qishloqlarini obod qilishga bel bog‘lab, bunyodkorlikni beqiyos jarayonga aylantirdi. Shu davrda asrlarga mengzagulik amalga oshgan ishlar ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘ldi. Va bu jarayonni butun jahon e’tirof etib kelayotir.

Mustaqilligimizning 31 yilligi katta zafarlar, ulug‘vor rejalar bilan kutib olinmoqda. Shubhasiz, o‘tayotgan har bir yil O‘zbekis­tonning yangi taraqqiyot bosqichiga mustahkam tamal toshi qo‘yilgan va shu yo‘lda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishilgan davr sifatida shonli tariximizdan o‘ziga xos o‘rin egallamoqda.

Qurilish va bunyodkorlik ishlari avvallari ham g‘oyat sekin va yuzaki tarzda bo‘lgan. Biroq bugungi qurilishlar bilan o‘sha jarayon orasida yer bilan osmoncha farq bor. Masalan, o‘tgan asrning 66-yili ikkinchi yarmidan boshlab, Toshkentda yuz bergan zilzila tufayli shaharning yer silkinishida tutday to‘kilib, vayron bo‘lgan mahallalari o‘rnida yangi uy-joylar qurildi. Yangi mavzelar tiklana boshlandi. Ammo bu uylarga ko‘chib o‘tganlar qishda loy, yozda esa chang ko‘chalardan ozor chekardi. Bolalar maydonchalari jihozlanmagani katta noqulaylik tug‘dirardi.

O‘sha davrda qurilgan uylarda hozir ham odamlar istiqomat qilayotir. Tashqi va ichki qiyofasi ko‘rimsiz, tor, shifti past bu uylarda tiqilib yashayotganlar endilikda poytaxtning turli tumanlarida qurilgan zamonaviy loyihadagi uylarga ko‘chib o‘tishayotir. Avvalo, o‘sha turar joylarning ichini hali kirib ko‘rmasdan hovlidagi bolalar maydonchasi, mavzelarga katta ko‘chadan o‘tib boriladigan yo‘llar manzarasiga, yaratilgan obodlik va go‘zallikka boqib, “Nahotki, shunday uylarda yashashga muvaffaq bo‘ldik?!” deb hayratdan yoqa ushlayotganlar ko‘plab topiladi.

Bunday chiroyli uylarni sobiq mustabid tu­zum xalqimizga ravo ko‘rmagan edi. “Bularga bo‘laveradi” degan g‘ayri qarash mavjud edi. Bu ham endigi yosh avlodning mustaqillik ne’matining qadriga yetib yashashi, o‘z yurtiga egalik naqadar katta imkoniyat yaratishini anglab olishi uchun muhim saboq. Barcha yangi qurilishlarimiz – u turar joy mavzelari yoxud zamonaviy qishloqlarmi, Toshkentning yer usti metro halqa yo‘li yoki to‘yxonalar, istirohat bog‘lari, islomiy maj­mualar, sport va madaniyat inshootlari, yo‘l va ko‘priklar yoxud “shahar ichidagi shahar” uslubidagi zamonaviy “siti qo‘rg‘onlar” bo‘ladimi – hammasida o‘z Vatanining egasi bo‘lish baxti ufurib turibdi.

Yana bir qiyos ko‘z oldimizda namoyon bo‘lyapti. Sobiq tuzum – qadim Turkiston xalqlarini bir-biridan ayirib tashlash uchun ming bir hiyla ishlatgan edi. Ularning bittasi 1924 yilgi davlat chegaralarini o‘tkazishda amalga oshgan bo‘lib, besh mustaqil hududga bo‘lingan xalqlarning bir-birlari orasiga “xitoy devori” yaratib, ular boshini qovushtirmaslik ko‘zda tutilgan edi. Temir yo‘llar ham shuni nazarda tutib qurilgan ediki, mustaqillikning dastlabki yillarida bir respublikaning fuqarosi ikkinchi respublikadagi qarindoshinikiga, nafaqat qarindoshi, hatto olamdan o‘tgan yaqinlari ta’ziyasiga ham borolmaydigan bo‘lib qoldi. Chunki chegara va temir yo‘l siyosati shunday qitmirlik bilan amalga oshirilgan ediki, oqibatda mustaqillikka erishgan mamlakatlar o‘zining biror viloyatiga bormoqchi bo‘lsa, qo‘shnining yeridan o‘tishga majbur edi. “Endi biz ham suveren davlatmiz, xalq­aro bahoda pul to‘laysiz”, deyish rusumga aylandi. Sobiq tuzum peshvolari shunday qilsak, Turkiston xalqlari yo bir-birlari bilan jiqqamusht bo‘ladi yoki “bizga mustaqillik bo‘lmas ekan” deb eski bo‘yinturuqni bo‘yinga ilishga majbur bo‘ladi, deb o‘ylashgandi.

Ha, dastlabki yillarda juda qiyin bo‘ldi: ular o‘ylaganidek, borish-kelishlarning yo‘li to‘silib qoldi. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston singari davlatlar juda katta mablag‘ sarflab, chorak asr mobaynida o‘zlarining yagona temir yo‘l tizimini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq Qirg‘iziston va Tojikiston yaqin-yaqinga qadar ham bu masalada juda qiynalgan edi. Lekin hech kim o‘z mustaqilligidan voz kechmadi, “hassa bir marta yo‘qotiladi”, degan aqida ustuvor bo‘ldi. Yaqin yaqingacha ham ana shu aqida bilan boriga, qiyinchiliklarga ko‘nib yashaldi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan chegaralardagi darvozalarni ochishning yo‘li topildi. Mashinalar ham, poyezdlar ham, samolyotlar ham endi biror to‘siqsiz, xalqaro mezonlarga amal qilgan holda harakatlanmoqda. Xalqlarimizning o‘zaro bordi-keldilari ko‘paydi. Endilikda savdo-sotiq, qo‘shma korxonalar qurish, yirik energetika va transport kommunikatsiyalarini hamkorlikda barpo etish va ulardan birgalikda foydalanish, qit’alararo xalqaro transport yo‘laklari ochish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun qadim Turkiston davlatlari mustaqil taraqqiyotiga kafolat sifatida qaralmoqda. Yaxshi qo‘shni holidan xabar olishga imkon topildi. “Qo‘shning tinch – o‘zing tinch”, degan naql bejiz aytilmagan. Yurt ravnaqida bu eng asosiy omil hisoblanadi.

Albatta, bugungi qutlug‘ shodiyona kunda bularni yana bir bor yodga olmaslik mumkin emas. Zotan, qo‘shnilar bilan aloqalarning o‘z izmiga tushganligi, so‘nggi besh yillikda qo‘lga kiritilgan eng katta yutuqlardan biridir. Tan olish kerak, so‘nggi besh yillik qardoshlik aloqalarini tiklash bilan bir qatorda, mamlakatimizning rivojida o‘ziga xos tub burilish yillari bo‘ldi. Nega deganda, so‘nggi 5-6 yilda qanchalik qi­yin bo‘lmasin, barcha jabhada yillar davomida yig‘ilib qolgan muammo va kamchiliklar yuzaga chiqarildi, ularni hal etish bo‘yicha juda keng ko‘lamda islohotlar boshlab yuborildi. Davlatimiz rahbarining odilona siyosati, xalqimizning bunyodkorligi evaziga tarix uchun qisqa bir davr­da barcha sohalarda, eng muhimi, odamlar hayo­tida mana shu islohotlarning amaliy natijalari namoyon bo‘la boshladi. Kishilik jamiyatida nimaiki qilinar ekan, avvalo, inson manfaatlari uchun qilinishi, “Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil to‘laqonli ravishda davlat va jamiyat hayotiga chuqur singib ketdi, oltin qoidaga aylandi.

Davlatimiz rahbarining, avvalo, xalqimiz manfaatlarini o‘ylab yuritayotgan adolatli, xalqchil siyosati, yurtdoshlarimizning birgalikdagi sharafli mehnati orqali ana shu yutuqlarga erishilmoqda. So‘nggi yillarda xalqimiz Yangi O‘zbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulkan marralar sari dadil odimlamoqda. Turli hududlarda qurilayotgan yirik inshootlar, qad rostlayotgan muazzam imoratlar O‘zbekistonning naqadar yuksaklikka intilayotganini, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati buyukligini namoyon etmoqda.

Shu o‘rinda yurtimizning ko‘rkamligiga hissa qo‘shayotgan qurilish sohasi xodimlariga qaratilgan e’tibor xususida alohida to‘xtalish o‘rinlidir. Davlatimiz rahbari Prezidentlik vazifasini bajarishga kirishgan ilk yildanoq qurilish sohasiga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Yurtboshimizning 2017 yil 7 avgustdagi farmoni bilan 2017 yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanba kuni “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanib, yutuqlarga erishgan soha xodimlari yuksak mukofotlar bilan taqdirlanishmoqda. O‘tgan besh yilda sohada faoliyat yuritayotgan qurilish-pud­rat tashkilotlari 23,8 mingtadan 43 mingtagacha oshganini, loyiha tashkilotlari soni 1 000 tadan salkam 2 000 taga yetganini, bajarilgan qurilish hajmi esa 3 barobarga ortganini, qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar salkam 10 mingtaga yetib, ular eksport uchun ishlab chiqarayotgan mahsulotlar hajmi 2022 yil yakunigacha 690 mln AQSh dollariga yetganini ko‘rish mumkin. Bularning barchasi ana shu e’tiborning samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday e’tibor tufayli, so‘nggi besh yilda qurilish sohasi iqtisodiyo­timizning “drayver”, ya’ni, yetakchi yo‘nalishiga aylangani barchaga ayon haqiqatdir.

Sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida aholi punktlarini qurishga kompleks yondashuv, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim, tibbiyot hamda madaniyat muassasalari, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning amaliy tasdig‘i sifatida 2022 yilgi Investitsiya dasturi bo‘yicha 1 ming 868 ta ijtimoiy ob’ektda keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Bu haqda so‘z yuritganda, loyihalari joylardagi aholi bilan bamaslahat ishlab chiqilgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari haqida alohida to‘xtalish lozim. Ushbu nomdagi 29 ta massivda 21 ming 312 xonadonga mo‘ljallangan 619 ta zamonaviy uy-joy, shuningdek, o‘nlab yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari barpo etilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Bu borada ko‘p qavatli uylar hamda muhandislik-transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari kompleks tarzda qurilayotgani, kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod oila zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan uy-joylar bilan ta’minlanishi albatta barchamizni xursand qiladi. Ayniqsa, aholini arzon va sifatli turar joy bilan ta’minlash dasturlari doirasida namunali ko‘p qavatli uylar atrofida madaniyat va san’at markazlari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari va boshqa maskanlar barpo etilayotgani, “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 413 ta mahallaning bosh rejasi ishlab chiqilayotgani inson haqidagi e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy namunasidir.

Bunyodkorlik haqida so‘z borganda, qad rostlayotgan, shahar-qishloqlarning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan, xalqimiz koriga xizmat ko‘rsatuvchi imoratlar bilan bir qatorda yurtdoshlarimizning, ayniqsa, kelajak avlodning ma’naviy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan inshootlar haqida ham to‘xtalib o‘tishimiz o‘rinlidir. Bundan 1 yil avval, Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida Toshkent shahrida “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va ­Mustaqillik monumenti tantanali ravishda ochilgandi.

Yurtimizning barcha go‘shalari kabi poytaxtda ham “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini yaratish borasidagi tashabbus albatta, kelajak avlodni yurtni ardoqlash, uni sevish tuyg‘ularini ko‘ngilga joy etishga undashi shubhasiz. Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini yaratish tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, unga 2021 yil 1 may kuni ilk ko‘chatlar ekilgan edi. Tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar, nuroniylar va yoshlar bilan maslahatlashib, “Yangi O‘zbekiston” majmuasining g‘oyaviy va me’moriy yechimlariga alohida e’tibor qaratildi.

Agar yuqoridan nazar tashlansa, bog‘ning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga o‘xshaydi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ramziy ma’noda ifoda etadi. Bu go‘zal bog‘da poytaxtimiz aholisi, barcha hududlarimiz va xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Sun’iy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, hunarmandchilik do‘konlari tashkil etildi. Bog‘ning markaziy qismida muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti barpo etildi.

Ma’lumki, el-yurtimiz o‘z o‘tmishi davomida shonli voqealarni, turli sinov va qiyinchilik­larni, zafarli davrlar bilan birga, fojiali kunlarni ham boshidan kechirgan. Mustaqillik monumentida bular badiiy aks ettirilgan. Maj­muada buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma hamda mutafakkirlar, jadid bobolarimizning o‘lmas siymolari aks ettirilgan. O‘zbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi og‘ir va mashaqqatli hayoti, qatag‘on siyosati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorat va matonati ta’sirchan lavhalarda ifodalangan.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lini aks ettirishga alohida e’tibor qaratilgan. Yodgorlik yurtimizda yangi O‘zbekistonni – uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi bilan uyg‘un holda barpo qilingani ayniqsa ahamiyatlidir. Unda milliy davlatchiligimizning ramzi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining moviy gumbazi, yulduzlar olamiga qarab yuksalgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir bobolarimizning eng nodir ilmiy kashfiyotlari o‘zining bor mahobati va shukuhi bilan ko‘z oldimizda namoyon bo‘lib turibdi. Tinch­lik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli bo‘lgan, ko‘kda mag‘rur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviri monumentning eng yuqori qismida – bamisoli uning gultoji bo‘lib o‘rin egallagan.

“Mustaqillik monumenti ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida sifatida qad rostladi. Monument poyiga bitilgan: “Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda”, degan chuqur ma’noli so‘zlar ota-bobolarimiz xotirasiga bugungi avlodlarning yuksak hurmat va ehtiromini anglatadi”, degandi yurt yetakchisi Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumentining ochilish marosimida.

Bugungi kunda ushbu maskan xalqimiz ardog‘idagi qadamjolardan biriga aylanib ulgurdi. Yurtimizga kelayotgan yuqori martabali mehmonlar o‘z tashriflarini aynan Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yishdan boshlashlarining ham ramziy ma’nosi bor.

Yaqinda Samarqand shahrida bunyod etilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilishi millionlab yurtdoshlarimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini yanada yuksaltirdi.

“Buyuk ipak yo‘li” majmuasi O‘zbekistonning dunyoga keng ochilayotgan yana bir darvozasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi”, dedi majmuaning ochilish marosimidagi nutqida Prezidentimiz.

2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan katta ambitsiyali loyiha bosh­landi – Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda ulkan maj­mua qurishga kirishildi. Avvalo, tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa jalb etilib, puxta loyiha ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu yerga bir necha marta kelib, qurilishni milliy me’morchilik an’­analarimiz va odamlarga qulaylik jihatidan takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bunyodkorlik ishlarida malakali quruvchilarimiz bilan birga Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yetuk mutaxassislari ishtirok etishdi.

Ushbu yangi ko‘rkam majmuaga “Buyuk ipak yo‘li” deb nom berilgani zamirida chuqur ma’no bor: asrlar davomida Xitoyning qadimiy Sian shahridan boshlanib, dunyoning ko‘plab mamlakatlari hududidan o‘tgan va ko‘hna Rimga qadar yetib borgan bu ulkan savdo yo‘li jahon xalqlari o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy muloqot vositasi bo‘lib kelgan. Azim Samarqand esa, Buyuk ipak yo‘lining asosiy manzillaridan biri bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz.

“Boqiy shahar” majmuasi, uning tevaragidagi katta maydonni egallagan, eng zamonaviy talablarga javob beradigan ko‘rkam binolar, Ulug‘bek astronomiya maktabi vakillarining tadqiqotlari natijasi bo‘lgan buyuk meros – “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” timsolidagi ko‘rkam amfiteatr, qadimiy Samarqandning betakror qiyofasini gavdalantirgan obidalar, muazzam turizm markazi, Sohibqiron Amir Temur bobomiz nomidagi mehmonxona, yangi “Samarqand city” manzaralari har qanday kishini hayratlantiradi, hayajonga soladi. Shubhasiz, bularning bari yana o‘z mavqeiga qaytayotgan, xalqimizning buyuk tarixi hamda bugungi farovon zamonni o‘zida uyg‘unlashtirgan Samarqand dunyodagi eng qadimiy, eng go‘zal va obod shahar, “Yer yuzining sayqali” sifatida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashiga xizmat qiladi.

Bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar bor. U yiliga 2 million turistga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Bu yerda qadimiy bozor, mamlakatimizning barcha hududlariga xos 40 ta hunarmandchilik ustaxonasi tashkil etilgan. Unda ustalar yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilam to‘qish kabi jarayonlarini sayyohlarga namoyish etadi.

Shuni hisobga olib, yangi markazdagi binolarda Buyuk ipak yo‘li davriga oid tarixiy manzaralar ham aks ettirildi. Masalan, “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan So‘g‘d davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanildi. Shu sababli ana shu davlatlarning elchilari va xorijiy sayyohlar ham ushbu tasvirlar bilan tanishib, o‘z yurtlari tarixini shu yerda ko‘rgandek bo‘lishadi.

Majmuadagi zamonaviy mehmonxonalar va Kongress xoll yirik anjumanlar o‘tkazish uchun ham sharoit yaratadi. Yaqinda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi kabi nufuzli xalqaro tadbirlar shu yerda bo‘lib o‘tadi. Kelgusi yilda esa qadimiy shahrimizda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yig‘ilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham o‘tkaziladi.

Prezidentimiz bu kabi loyihalarni Buxoro shahrida, yurtimizning boshqa hududlarida ham amalga oshirish rejalashtirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Zotan, bunyod etilayotgan mana shunday ulug‘vor obidalar, osmono‘par binolar hamda aholi uchun barcha qulayliklarga ega “Yangi O‘zbekiston” massivlari vatandoshlarimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularni yuksaltirish, inson qadrini ulug‘lash kabi ezgu g‘oyalarning hayotimizdagi amaliy ifodasidir.

Tarixiy qadamjolarni tiklash, yangilarini barpo etish bilan bir qatorda, keyingi yillarda zamon talabiga javob beruvchi turli ko‘rinishdagi markazlarning qad rostlayotgani yurtimiz yoshlarining hech kimdan kam emasligini isbotlashiga zamin yaratmoqda. Qutlug‘ bayram arafasida ko‘plab ana shunday inshootlar qatori poytaxtimizda bunyod etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida qurilgan yangi binolar ham foydalanishga topshirildi.

Davlatimiz rahbari mazkur majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qo‘yib, o‘tgan yili dekabrda bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan edi. Bugungi kunda 20, 22, 25 qavatli binolar va konferensiya zali qurib bitkazildi.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki bu borada yetakchi. U birinchi bo‘lib ikki qavatli binoda ochilgan edi. Bugungi kunda osmono‘par, muhtasham majmuaga aylandi. Ushbu IT-parkning rezidentlari, xizmatlar turi ham ko‘payib bormoqda. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan 53 million dollarlik xizmatlar eksport qilingan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 100 million dollardan oshishi kutilmoqda. Ahamiyatlisi, mazkur inshootlar mualliflik texnologiyasiga asoslangan yangi turdagi qurilish konstruksiyasi asosida qurilmoqda. Yuqori seysmik chidamlilikka ega. Har bir bino videokuzatuv tizimi hamda yuqori texnologiyali yong‘in xavfsizligi uskunalari bilan jihozlangan.

Zamon shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Yangi avlod – yangi O‘zbekiston avlodi yetishib kelmoqda. U kechagi kunning zamondan ortda qolgan bilimlarini emas, bugunning eng yangi bilimlarini o‘zlashtirayotgan yoshlardir. Yangi o‘quv mas­kanlari, tibbiy maskanlar, yo‘llar, xiyobonlar, transport yechimlari, so‘nggi yutuqlarga asoslangan qurilishlar – barchasi xalq farovonligiga yo‘naltirilgan bo‘lib, islohotlarning pirovard natijasi inson qadr-qimmatining ulug‘lanishiga qaratilgan. Bunday ezgu va xayrli ishlar yangi O‘zbekiston dunyoda o‘z an’analari, mehnatsevar kishilari va yangilikka intiluvchi mutaxassislari bilan o‘z ulug‘vor maqsadlari sari azmu shijoat bilan ilgarilab borayotganining yorqin misollaridir.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img