|

|

2026-уіӏ 11-May, Dushanba
spot_img

Qurilishlar taraqqiyotning asosiga aylanmoqda

Muhim xabarlar

Islom Ibodulla
Islom Ibodulla
"2015-2020 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio san’ati fakultetida tahsil olgan. 2020 yilda Turkiya respublikasining Bandırma Ön yedi eylül üniversitesi tarkibidagi kasb-hunar ta’limiga ixtisoslashgan o‘quv kursi tinglovchisi. 2021 yildan e’tiboran “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi muxbiri."

Toshkentning bugungi shamoyili o‘tmishidan salobatli, hozirgi yangilanishlari ertasidan darakdir. Yaqinda Qurilish vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan press-tur jarayoni buning isboti bo‘ldi. Ishtirokchilar mustaqillik shodiyonalari arafasida foydalanishga topshirilgan Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Qurilishda standartlashtirish respublika markazining kompleks sinov laboratoriyasi va Mirzo Ulug‘bek tumanida qad rostlagan IT-parkning yangi binolarini borib ko‘rishdi.

ZAMONGA HAMNAFAS INSTITUT BINOSI

So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlarining rekonstruksiyasi va moddiy-texnik bazasini yangilashga alohida e’tibor qaratilyapti. Bu o‘rinda Toshkent arxitektura-qurilish institutining haqiqiy me’morchilik an’analari ufurgan yangi o‘quv binolarining foydalanishga topshirilishi katta voqelik bo‘ldi. Shunga monand, press-tur qatnashchilarining dastlabki manzili ana shu joy bo‘ldi. Institut binosi milliy qiyofada qad rostlagan, bejirim ustunlari, binoning tom qismi sharqona ko‘rinishda bo‘lsa, ichki o‘quv korpusi, talabalar turar joyi zamonaviy qulayliklarga ega ekani bilan ajralib turadi.

– Prezidentimizning tegishli qarori asosida qurish ishlarini olib borish uchun maydon ajratilib, ishlar boshlangandi, – dedi Toshkent arxitektura-qurilish institutining Moliya-qurilish ishlari bo‘yicha prorektori Asadulla Irgashev. – Bosqichma-bosqich qurish ishlari nihoyasiga yetmoqda, bosh bino, 2 500 nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binosi, 1 500 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi, oshxona, yopiq va ochiq sport maydonchalari tashkil etildi. Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida institut hududida 396 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Aytish kerakki, 1,6 million AQSh dollarilik jihozlar bilan ta’minlangan laboratoriya xonalari o‘qituvchi va talabalarga qulayliklar yaratadi. Shuningdek, institutning qo‘shimcha binolariga ham o‘quv-laboratoriya xonalari joylashtirilib, xodimlar ixtiyoriga topshiriladi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2020 yildagi mazkur oliy o‘quv yurti binolarining qurilishi bilan tanishuvi davomida takliflar berilgan edi. O‘tgan vaqtda ulkan binolar qad rostlab, talabalarni qabul qila boshladi.

Institut binolarini ko‘riish jarayonida yangi zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanilgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Keng qamrovli laboratoriya xonalarida temir armaturalarning chidamliligini, betonning bardoshliligini aniqlovchi ilmiy tekshiruv moslamalarining turfa shakllari o‘rnatilgan. Laboratoriyaning Qurilish mexanikasi va inshootlar zilzilabardoshlik kafedrasida ish olib borayotgan bo‘lajak ilmiy xodimlar va o‘qituvchilar diqqatni tortdi. Ularning ish jarayonini ko‘rib, milliy qurilish sohasining umidbaxsh kelajagini ko‘rgandek bo‘ladi, kishi.

– Qurilish mexanikasi, materiallar qurilishi fanidan dars o‘taman, – dedi o‘qituvchilardan biri. – Yangi laboratoriyada mashg‘ulotlarni amaliyotda olib borish uchun barcha sharoitlar mavjud. Ilgari bunday qulayliklar bo‘lmagani sababli tajriba ishlarini boshqa laboratoriya­larda sinovdan o‘tkazishga majbur bo‘lardik.

BOSH REJALAR – TARTIBLI SHAHARNING ASOSI

Press-tur ishtirokchilari “Tosh­kent­bosh­planLITI” jamoasi bilan tanishib, shaharsozlik va urbanizatsiya masalalari bo‘yicha olib borilayotgan harakatlar to‘g‘risida ma’lumot olishdi, bosh rejalarni ishlab chiqish jarayoni va maketlar, institut mas’ullari turkiyalik mutaxassislar bilan Toshkent shahrining Bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik ishlari bilan tanishildi.

– Biz bu joyni hayot laboratoriyasi deb atadik. Boisi, ilg‘or texnologiyalar aynan shu yerda hayotga tatbiq etiladi. Hozirda o‘zbek mutaxassislari bilan bir qatorda, germaniyalik va gollandiyalik ekspertlar bilan ham hamkorlik qilyapmiz. Toshkentni arxitekturaviy jihatdan rivojlantirishda uning o‘ziga xos madaniyati ham inobatga olinadi. Shu kunlarda “ToshkentboshplanLITI”da ishlarimiz qizg‘in bosqichga chiqqan. Rejalarimiz mutasaddilarga ma’qul bo‘lganidan mamnunmiz. Bu yerda shahar renesansini yaratamiz. Ana shu jarayonlarda o‘zbekistonlik yosh salohiyatli mutaxassislar bilan bir safda mehnat qilayotganimiz e’tiborga molik. Toshkent shahrini loyihaviy jihatdan takomiliga yetkazishda avvalo, ekologik jihatga katta e’tibor qaratilmoqda. Qulaylik va xavfsizlik ham birlamchi masala. O‘zbek quruvchi dizaynerlari bilan Toshkentni turli ranglarda kashf qilamiz, – dedi turkiyalik urbanist.

“Aqlli shahar” tushunchasiga yondashuvlar xilma-xil, biroq u doim texnologiyalar bilan boyitilgan aholi yashash punktini anglatadi. Bunday texnologiyalarning mohiyati tushunarli – qurilmalar o‘zaro aloqada tashqi olam bilan inson ishtirokisiz, ammo uning farovonligi yo‘lida xizmat qiladi. Uning maqsadi – shaharliklar hayotini qulayroq va xavfsizroq qilish, shuningdek, shahar moliya mablag‘lari va hududini tejashdan iborat. Kelajakning ideal aqlli shahrida har bir qadamda aholini texnologiyalar kutib oladi. Ular yagona ekotizimni hosil qiladi va inson hayotining barcha jihatlari uchun javob beradi.

IT-PARK – MILLIY TEXNOLOGIYA MARKAZI BO‘LADI

Press-turning keyingi manzili Mirzo Ulug‘bek tumanidagi IT-parkning yangi binolari bo‘ldi. Aytish o‘rinliki, texno parkning binolari 1 MVt quyosh elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega texnologiya bilan ta’minlangan bo‘lib, inshootlar samaradorligini baholash bo‘yicha xalqaro “yashil” standart – “Breyeam” sertifikatiga ega.

Joriy qurilishlarning keyingi davrida bosqichma-bosqich 15 dan ortiq inshoot, jumladan, 20, 25 qavatli ofis binolari, 22 qavatli mehmonxona, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi va boshqa ob’ektlar barpo etiladi. Binolar 9 balldan yuqori zilzilaga chidamli bo‘ladi. Qurilishning umumiy yer maydoni – 356 000 kvadrat metr bo‘lib, uch qavatli yer osti avtoturargohiga ega. Mazkur avtoturargoh sig‘imi – 3 000 ta avtomobilga mo‘ljallangan bo‘lib, binolarning uch qavatdan iborat tsokol qismidan o‘rin olgan.

– Hozirgi paytda IT-park loyihasining 2 lotida qurilish ishlari tugallandi, – dedi hudud texnik nazoratchisi Alibek Jabborov. – Mazkur lotlardagi dastlabki ikki binoning qurilishi tugallanib, ayrim qismlari foydalanishga topshirilyapti. Bu binolar ma’lum tashkilotlar uchun ofis va xizmat ko‘rsatish markazlari o‘rnida foydalanishga mo‘ljallangan. Aytish kerakki, inshootlarning har birida to‘rttadan lift, tsokol qismida avtoturargoh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi yillarda qurilayotgan binolarning quvvat sarfi doimiy e’tiborda bo‘lib, ular xavfsizlikni oshirish maqsadida yong‘in holatlari uchun avtomatik o‘t o‘chirish tizimi bilan ta’minlangan.

QURILISHDA LABORATORIYALAR NEGA KERAK?

Bugungi kunda qurilish jarayonlarida qurilish materiallarining sifat darajasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘sib borayotgan qurilishlarda foydalanilayotgan mahsulotlarning samaradorligini ta’minlaydi. Ishtirokchilarning Qurilishda standartlashtirish respublika markazi tizimidagi kompleks sinov laboratoriyasiga tashrifi chog‘ida mazkur masalalar yuzasidan mutasaddilar tomonidan tushuntirishlar berildi.

Laboratoriyada 200 dan ortiq sinov-tajriba amaliyotlarini bajarish uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan. Yangi qiyofada qad rostlagan markaz zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan. Qurilish ob’ektlarini ta’mirlash, qurilish materiallari, konstruksiyalar, uskunalar, mashina va mexanizmlarni tizimlashgan ro‘yxati, ya’ni qurilish resurslari klassifikatorini to‘g‘ri va mukammal yuritib borish lozimligi bois mazkur kompleks laboratoriya ham aynan ushbu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Bu yerdagi har bir jarayon real vaqt rejimida tahlil qilinadi, izlanishlar olib borilib, innovatsiyalar hayot yuzini ko‘radi. Bunda esa analogi kam uchraydigan, yuqori texnologik imkoniyat va aniqlikka ega laborator uskunalarning ahamiyati katta. Hozirda mazkur laboratoriya imkoniyatlaridan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishlarida foydalanilmoqda.

Mamlakatimizda qurilish sanoatning ajralmas bo‘lagiga aylandi. Yirik bunyodkorlik jarayonlari amalda o‘lkamizning iqtisodiy tomondan izchil rivojlanib borayotganidan darakdir. Mazkur tadbir davomida yig‘ilganlar bunga ishonch hosil qilishdi. Shuningdek, ishtirokchilar qurilish sohasi mutasaddilaridan sohada amalga oshirilishi ko‘zlangan rejalar, amaliy harakatlar va loyihalar to‘g‘risida ma’lumotlar olishdi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img