|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

O‘tayotgan har bir yil temiryo‘lchilar uchun ham tarixiy bunyodkorliklarga boy bo‘lyapti

Muhim xabarlar

Rayhona Xo‘jayeva
Rayhona Xo‘jayeva
2003-2007-yillar davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini bakalavr, 2009-yilda magistratura bosqichini tugatgan. Uning ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy, qurilish-bunyodkorlik mavzularidagi maqolalari matbuot sahifalarida chop etilib kelinmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik to‘yi munosabati bilan har sohada o‘ziga xos yangiliklar, yangilanish va islohotlar amalga oshirilmoqda. Istiqlolning imkoniyatlari tufayli bugun yurtimizda jahon standartlariga mos ravishda rivojlanmagan sohaning o‘zi qolmadi. Shu qatorida bugun temir yo‘l tizimida ham katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Zero, hech bir soha taraqqiyotini temir yo‘l tizimi faoliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Albatta, mamlakatimizning har bir jabhasi rivojlanishida temiryo‘l va temiryo‘lchilarning munosib mehnati borligini e’tirof etish o‘rinlidir.

Vatanimiz mustaqilligi keng nishonlanayotgan shukuhli kunlarda ezgu bayramni temiryo‘lchilar ham poytaxtimiz va mamlakatimizning turli hududlaridagi tarixiy ahamiyatga ega, xalqimiz farovonligi, davlatimiz iqtisodiy yuksalishiga, qolaversa, yurtimizning, yurtdosh­larimizning kelajak hayoti uchun katta naf keltiradigan loyihalarni amalga oshirish bilan munosib kutib olmoqda. Xususan, poytaxtimizda bunyod etilayotgan yer usti halqa metro yo‘nalishining qariyb 8,5 kilometrlik “Qo‘yliq – Quruvchilar” yo‘nalishining 2-bosqichida qurilish ishlari davom etayotgan 5 ta bekatni o‘z ichiga olgan mazkur loyiha joriy yil yakuniga qadar bitkazilishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yilning mart oyida temiryo‘lchilar tomonidan Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar qatnovini tashkil etish uchun elektrlashtirish ishlari boshlangan edi. Ayni damda uchastka yo‘llari bo‘ylab poydevor hamda temir-beton ustunlar o‘rnatilmoqda. Zamonaviy texnikalar yordamida ustunlarga elektr simlarini ushlab turish uchun konsollar montaj qilinyapti. Elektr­lashtirish ikki yo‘nalishda – Buxoro hamda Xorazm viloyatlari hududida olib borilmoqda. Umumiy uzunligi 465,5 kilometrlik ushbu yo‘nalishdagi ishlarning to‘liq tugallanishi natijasida tarmoq tasarrufidagi po‘lat izlarning elektrlashtirilgan hududi qariyb 50 foizga yetadi. Qolaversa, Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida ­tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Tabiiyki, bu yo‘l uchun ketadigan vaqt, yonilg‘i va boshqa xarajatlarning ham tejalishiga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, Navoiy – Buxoro uchastkasida elektrlashtirilgan ikkinchi yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishi loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Toshkent – Samarqand, Toshkent – Qarshi hamda Toshkent – Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” poyezdlarining muntazam qatnovi amalga oshirilmoqda. Toshkent – Samarqand – Maroqand uchastkasi ikki yo‘nalish­li po‘lat izlardan tashkil topgan bo‘lsa, Navoiy – Buxoro yo‘nalishi bir izli temir yo‘l uchastkasidan iborat. Shu bois, Navoiy – Buxoro uchastkasida elektrlashtirilgan ikkinchi yuqori tezlikdagi temir yo‘l bunyod etib, poyezdlar qatnovini yanada qulay, xavfsiz hamda ishonchli bo‘lishiga, eng muhimi, ularning qatnov vaqtini yanada qisqartirishga erishiladi. Navoiy – Buxoro uchastkasining ikkinchi yo‘li uzunligi 92,1 kilometrdan iborat bo‘lib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining o‘z mab­lag‘lari hisobiga barpo etilmoqda.

Yurtimizda ko‘priklar qadimdan uzoqni yaqin, mushkulni oson qiluvchi vosita sifatida qadrlanib kelinadi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish” tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan yangi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma inshooti ham ana shu maqsadda bunyod etil­yapti. Prezidentimizning 2020 yil dekabr oyida Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida eski ko‘prik o‘rniga nafaqat avtomobil, balki temir yo‘l transporti uchun ham mo‘ljallangan zamonaviy ko‘prik qurish bo‘yicha bergan topshirig‘i mazkur hududda yashovchi aholining ko‘p yillik orzularini ro‘yobga chiqaryapti.

Loyihaga ko‘ra, dastlab Qorao‘zak tumanidan Amudaryo va Gurlan tumanlari orqali Shovot tumanigacha umumiy uzunligi 80,2 kilometr bo‘lgan temir yo‘l liniyasini hamda ushbu oraliqdagi 27 ta temir yo‘l kesishmasini qurish belgilandi. Shuningdek, 4 ta avtoyo‘l o‘tkazgich, 9 ta ko‘prik hamda 25 kishiga mo‘ljallangan 1 dona, 50 kishiga mo‘ljallangan 2 ta temir yo‘l vokzalini bunyod etish, asosiy temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi hamda boshqa texnik xizmat ko‘rsatish bino-inshootlarini qurish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda daryoning ikki sohilida ham qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Yangi qurilayotgan ko‘prik va unga qadar bo‘lgan 10 kilometrga yaqin hamda inshootdan keyingi hududda 70 kilometrdan ortiqroq temir yo‘lning barpo etilishi natijasida Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasidan yuklarni tashish masofasi 240 kilometrga, ularni manzilga yetkazish vaqti esa 6 soatga qisqaradi. Bundan tashqari, ushbu ko‘prik orqali o‘tayotgan yuklarning yillik samarasi 150 milliard so‘mga yaqin bo‘ladi. Shuningdek, bugungi kunda Xorazm viloya­ti va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi temir yo‘l orqali tashilayotgan yuklarning o‘rtacha hajmi 12 million tonnani tashkil qilayotgan bo‘lsa, yangi ko‘prik hamda temir yo‘l qurilganidan so‘ng yuklar hajmi loyihaning o‘zini oqlash muddatiga yetib borgunga qadar 20-25 million tonna atrofida bo‘ladi.

Ma’lumki, mamlakatimiz poytaxtidan uncha uzoq bo‘lmagan, ya’ni, bor-yo‘g‘i 40 kilometr shimolda joylashgan Chirchiq shahri ham yil sayin rivojlanib bormoqda. Ishlab chiqarish korxonalari ko‘payib, ko‘p qavatli aholi turar joylari qurilmoqda. Bu esa ushbu shaharda aholi sonining ham ortishiga sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, Chirchiq shahridan 20-30 kilometr shimoliy hududda bo‘lgan Bo‘stonliq tumanidagi Xo‘jakent va tog‘li hududlar yoz hamda qish fasllarida nafaqat Toshkent aholisi, balki, respublikamizning barcha hududlaridan keladigan fuqarolar uchun ajoyib dam olish maskaniga aylanadi. Shu bois, poytaxtimiz bilan Chirchiq shahri hamda Xo‘jakent dam olish maskanlarini bog‘lab turadigan transport yo‘nalishlariga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda.

Davlatimiz rahbari 2021 yilning 18-19 mart kunlari Toshkent viloyatining Chirchiq shahriga qilgan tashrifi davomida Toshkent – Chirchiq oralig‘ida transport tizimini yanada rivojlantirish va aholiga qulaylik yaratish masadida temir yo‘l bo‘ylab tezyurar elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatma bergan edi. Shundan so‘ng, jamiyat tomonidan “Salar – Chirchiq – Xo‘jakent” temir yo‘l uchastkasini tezyurar poyezdlarga moslashtirish uchun belgilangan loyiha bo‘yicha ikki bosqichdagi ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. O‘tgan vaqt davomida “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi korxonalar tomonidan Toshkent – Chirchiq – Xo‘jakent yo‘nalishida elektropoyezdlar tezligini yanada oshirish uchun po‘lat izlarni tubdan ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va bu jarayon hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda.

Sohada isloh qilinishi lozim bo‘lgan asosiy yo‘nalishlardan biri yuk va yo‘lovchi vagonlarini yangilash, lokomotiv parkini tubdan rivojlantirish masalasi edi. Bu yo‘nalishda ham ko‘rilgan samarali choralar tufayli zamonaviy teplovoz va elektrovozlar sotib olindi. Yo‘lovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida xalqaro talablarga mos yangi vokzallar qurilib, mavjudlari qayta ta’mirlandi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida yagona bo‘lgan yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdining qatnov harakati kengayib boryapti. Bugungi kunda poytaxtdan tarixiy shaharlarimizga 6 ta ana shunday zamonaviy poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahalliy va xorijlik yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda.

Mustaqillik yillarida yuk va yo‘lovchi vagonlarini o‘zimizda mahalliylashtirish dasturi asosida qurishga katta e’tibor qaratildi. 2001 yilda tashkil etilgan “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yo‘lovchi vagonlarini ta’mirlash va yangilarini qurish yo‘lga qo‘yilgani fikrimizning dalilidir. “Quyuv-mexanika zavodi” hamda “Andijon-mexanika zavodi” sho‘‘ba korxonalarida bir necha turdagi yuk vagonlari ta’mirlanib, yangilari ishlab chiqarilmoqda. Bu bilan temir yo‘llarda o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuk va yo‘lovchi vagonlari harakatlanishiga asos solindi. Import o‘rnini bosgan ushbu vagonlar sabab yiliga millionlab dollarlik valyutalarni tejashga erishilyapti.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritib, ular uchun barcha zamonaviy og‘ir texnikalar mavjud. O‘tgan yillar davomida og‘ir sanoatda qurilish ishlari uchun zarur qo‘shimcha zamonaviy texnikalar sotib olindi. Bu esa ularga nafaqat soha taraqqiyoti uchun, balki respublikamizning boshqa yo‘nalishlarida ham samarali bunyodkorliklarni ishonchli va sifatli amalga oshirish imkonini beradi. Shu bois, so‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan og‘ir sanoatda mas’uliyatli qurilish ishlari, shaharsozlik bo‘yicha bunyod etilayotgan katta loyihalar jamiyatga ishonib topshirilmoqda. Tarmoq tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish” tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari xalqimiz e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Poytaxt va hududlarda barpo etilayotgan zamonaviy va mahobatli ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar, Toshkent shahrida qurilayotgan yer usti halqa metro yo‘nalishlari nafaqat aholiga qulaylik, balki yurtimiz chiroyiga chiroy, ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda.

– Ma’lumki, 2020 yilning mart oyidan bosh­lab butun dunyoda, jumladan, O‘zbekiston Res­publikasida ham “Covid-19” koronavirusining tarqalishi natijasida nafaqat mahalliy qatnovlarda, balki xalqaro yo‘nalishlarda ham yo‘lovchi poyezdlar qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan edi, – dedi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Qahramoni Erkin UMMATOV. – Oradan ikki yarim yil o‘tib, hukumatimiz va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan temir yo‘l orqali xalqaro qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash maqsadida qo‘shni davlatlar bilan olib borilgan ishonchli va samarali hamkorlik tufayli yo‘lovchi poyezdlarning xalqaro qatnovi tiklanmoqda. Xususan, joriy yilning 15 may sanasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Qazaqstan temir jolы” MK” aksiyadorlik jamiyati bilan kelishgan holda 647/648-sonli Nukus – Beyneu – Nukus yo‘nalishidagi xalqaro yo‘lovchi poyezdining qatnovi boshlandi. 2022 yil 16 maydan boshlab, Olma-ota-2 – Toshkent – Olma-ota-2 yo‘nalishida 1/2-sonli “Tulpor-Talgo” poyezdining qatnovi ham qayta tiklandi. 2 yarim yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor O‘zbekistonga qarab yo‘l olgan ushbu poyezd 17 may kuni soat 11.05da “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzaliga kirib keldi. Tarkibi 24 ta yo‘lovchi vagondan iborat bo‘lgan mazkur poyezd bir tomonga harakatlanganda 425 nafar yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazib qo‘yish imkoniyatiga ega. Joriy yilning 21 iyun kuni esa Dushanbe – Toshkent – Dushanbe yo‘nalishidagi xalqaro yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Ta’kid­lash lozimki, Dushanbe – Toshkent – Dushanbe yo‘nalishidagi xalqaro yo‘lovchi poyezdi 30 yil ichida birinchi bor mamlakatimizning Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridan o‘tib, poytaxtimizdagi “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzaliga keldi.

Bundan tashqari, joriy yilning 23 iyunidan boshlab Rossiya Federatsiyasining Samara shahriga ham yo‘lovchi poyezdi qatnay boshladi. Unga ko‘ra, 5/6-sonli poyezdning Toshkent – Samara – Toshkent hamda Toshkent – Volgograd – Toshkent yo‘nalishidagi xalqaro qatnovlar ham yo‘lga qo‘yildi. Yuk tashish sohasida ham mijozlar va tadbirkorlar uchun stansiyalarda qulay sharoitlar yaratildi. Stansiyalarning aksariyati yangidan qurilib, yuk tashish va mijozlarga xizmat ko‘rsatishda elektron tizim vujudga keldi. Bu esa xizmat ko‘rsatayotgan mutaxassislar uchun ham, mijozlar uchun ham har tomonlama qulay muhitni yaratdi. Logistika yo‘nalishi ham kundan-kunga rivojlanib, yuklarni konteynerlar orqali tashishda xalqaro multimodal yo‘nalishlari vujudga kelmoqda. Bu esa mamlakatimizning mahalliy va xalqaro yo‘nalishlardagi tranzit yuklarni yanada ko‘payishiga sabab bo‘lyapti.

Albatta, erishilayotgan yutuqlar shu soha xodimlarining zalvorli mehnati mahsulidir. Biroq bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan kifoyalanib qolib bo‘lmaydi. Yanada katta marralar, vazifalar, yirik va zamonaviy loyihalar ustida ishlash davr talabi, taraqqiyot kafolati, xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishi garovidir. Shunday ekan, bugungi zamon nafasini his qilgan temiryo‘lchilar rivojlanish sari ildam qadamlar bilan oldinga intilmoqda. Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchi qatnovlarini xavfsiz ta’minlagan holda tizimda yangi bunyodkorliklarni bajarish ustida izlanmoqda. Shu bois, soha xodimlari uchun o‘tayotgan har bir yil tarixiy bunyodkorliklarga boy bo‘lyapti, desak adashmagan bo‘lamiz. Bunda shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan har bir temiryo‘lchining munosib o‘rni va mehnati mujassam.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img