|

|

2026-уіӏ 17-May, Yakshanba
spot_img

“Dizayn taraqqiyot” XK – yurtdoshlarimiz ishonchini qozonib kelmoqda

Muhim xabarlar

Rayhona Xo‘jayeva
Rayhona Xo‘jayeva
2003-2007-yillar davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini bakalavr, 2009-yilda magistratura bosqichini tugatgan. Uning ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy, qurilish-bunyodkorlik mavzularidagi maqolalari matbuot sahifalarida chop etilib kelinmoqda.

“Dizayn taraq­qiyot” xususiy korxonasi 2005 yil 26 oktyabrda tashkil topgan. Korxona ta’sischisi va direktori Bahodir aka qurilish sohasida katta tajribaga ega mutaxassislardan. Ob’ektdagi ish jarayonini kuzatib, Bahodir akani “Qo‘li gul quruvchi”, “O‘z ishiga vijdonan yondashadigan inson”, “Halol quruvchi” deya bejiz ta’riflashmaganiga amin bo‘ldik. Tashkil etilganidan buyon korxona tomonidan barpo etilgan ob’ektlar o‘zining sifati, pishiq-puxtaligi, mukammal loyihasi, ko‘rkam ko‘rinishi bilan ajralib turadi.

– Korxonamiz ayni paytda Qurilish vazirligi tomonidan joriy etilgan reyting tizimida BB kategoriyani egallab turibdi, – dedi Bahodir Samatov. – Faoliyatimiz davomida turar joylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini qurishdan tashqari, joriy va kapital ta’mirlash ishlari bilan ham shug‘ullanib kelyapmiz. Doimiy ishchilarimiz 90-110 nafar bo‘lib, ularning 22 nafari oliy ma’lumotli mutaxassislardir. 90 foiz ishchilar bizda doimiy ishlaydi, 10 foizini esa shartnoma asosida taklif qilamiz. Korxona moddiy-texnik bazasida avtokran, yuk mashinasi, buldozer, samosval kabi kerakli texnikalar mavjud. O‘zimizda yo‘qlarini shartnoma asosida ijaraga olib ­ishlatamiz.

Qabul qilingan har qanday loyiha ustida dastlab muhandis-texnik jamoa, ya’ni, ishlab chiqarish muhandislari – J. Burxanov, B. Qodirov, direktor o‘rinbosari D. Boboyev, katta ish boshqaruvchi B. Jo‘rayev, bosh ta’minotchi N. Dadamirzayev, yetakchi mutaxassislar – santexnik A. Boymirzayev, bosh energetik M. Muhitdinov, ventilyatsiyachi O. Qayumov bilan birgalikda umumiy muhokama o‘tkaziladi. Qurilishga jalb qilinadigan ishchilar, texnikalar, ishlatiladigan qurilish materiallari, qurilish muddati, ya’ni, ish jadvali, texnik hujjatlar uzil-kesil hal qilingandan so‘ng, ish boshlanadi va loyiha nihoyasiga yetguniga qadar davomli nazorat ostida bo‘ladi.

Qurilishi 2019 yilda bosh­langan shahar klinik 1-son shifoxonasining yangi korpusidagi birinchi qavatda to‘liq qabul bo‘limi bo‘lib, unda rahbar, shifokorlar va laboratoriya xonalari joylashadi. Shuningdek, shoshilinch ravishda keltirilgan bemorlarni qabul qilish xonasi va elektron baza ham shu qavatda bo‘lishi loyihalangan. Binoning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qavatlari palatalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, har bir qavatda 30 tadan koyka o‘rnatiladi. Beshinchi qavat esa operatsiya bo‘limi hisoblanadi. Binoning yerto‘la qismi ham mavjud, unda garderob, arxiv va injener-texnik xodimlar uchun xonalar mavjud.

– 2014 yildan buyon korxonada ishlab kelyapman, – dedi ish yurituvchi Sharofiddin Boboyev. – Mutaxassisligim bo‘yicha texnik muhandisman. Toshkent politexnika institutining Bino va inshootlar qurilishi fakultetini tugatganman. Qurilishdagi faoliyatim oddiy ishchilikdan boshlangan bo‘lib, bugungi kunda jamoadagi yoshlarga bilganlarimni o‘rgatib kelmoqdaman. Har bir ob’ektda qurilishni boshlashdan avval uning loyihasi bilan batafsil tanishamiz. Jamoamizda har bir sohaning o‘z ustalari bor. Kimdir g‘isht terishning hadisini olgan bo‘lsa, kimdir mohir beton quyuvchi. Qolaversa, ustoz-shogirdlik an’anasini ham yo‘lga qo‘yganmiz. O‘z ishining ustalariga biriktirilgan yoshlar ham tez orada yaxshi quruvchi bo‘lib yetishadi. Bitta brigadada kamida 6-8 nafar ishchi-xodim bo‘lib, ular o‘zlariga biriktirilgan jamoa rahbari bilan hamjihatlikda ishlashadi.

Ibn Sino nomli shahar 1-sonli klinik shifoxonasining barcha korpuslarini deyarli “Dizayn taraq­qiyot” xususiy korxonasi quruvchilari qurgan. Chunki 2011 yildan buyon shifoxonaning barcha bo‘limlari aynan shu korxona ishchi-xodimlari tomonidan navbatma-navbat qaytadan bunyod etib kelinmoqda.

Ayni paytda davolash korpusi bilan birga alohida bir qavatli bino qad rostlayapti. Bu yerda rentgen, MSKT, MRT, UZD kabi yuqori kuchlanishda ishlaydigan tibbiy xonalar joylashadi. Bugun tibbiyot sohasida ham klaster tushunchasi qo‘llanilmoqda. Muassasaga qo‘shimcha ravishda barpo etilayotgan ushbu bino ham o‘z navbatida turli bo‘limlardan keladigan bemorlar navbat kutib qolmasligi va bino ichida odam ko‘payib ketmasligini oldini oladi.

Hozirda shifoxona qurilishida 146 nafar quruvchi ishlayapti. Ishchilar maxsus kiyim, yotoq va uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlangan. Har bir jamoa o‘ziga buyurilgan ishni maromiga yetkazmaguncha tinchimaydi. Xususan, bir necha yillardan beri ishlab kelayotgan pardozchi Ibrohim Vahobov, kafelchi Nosirjon Dadamirzayev, santexnik Oybek Boymirzayev, elektrik Dilmurod Muxiddinov, ishchilar yetakchisi Ne’matjon Daminov, payvandchi, betonchi kabi mutaxassislar mehnati tufayli necha yildirki jamoa yurtdoshlarimiz ishonchini qozonib kelmoqda.

Bugun yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan yuzlab inshootlar korxona ishchilariga nafaqat qadrli, balki ularga cheksiz faxr tuyg‘usini ham bag‘ishlaydi. Xususan, Yunusobod tumanidagi 840 o‘rinli 98-maktabning kapital rekonstruksiyasi, Chilonzor tumanidagi “Metroquruvchi” sport majmuasi qurilishi, Toshkent tibbiyot akademiyasining o‘quv korpusini kapital ta’mirlash, Sergeli tumanidagi 7 qavatli turar joy binolari va 61-oilaviy poliklinika qurilishi, Yunus­obod tumanidagi 56 va 64-sonli oilaviy poliklinikalar, Yangi hayot tumanidagi 51-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining barpo etilishi, Olmazor tumanining Nurafshon ko‘chasi, Sebzor dahasidagi 5 qavatli hamda Sag‘bon massividagi 3 va 7 qavatli turar joy binolari shular jumlasidandir.

Shuningdek, korxona tomonidan yordamchi pudratchi sifatida o‘tgan yili poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Samarqand darvoza hamda Yunus­obod tumanidagi Yangi Yunusobod ko‘chalarida ham obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ko‘chalar asfalt qilinib, yo‘l chetida piyodalar va velosiped yo‘lakchalari qurildi hamda tungi yoritgichlar o‘rnatildi.

Ayni paytda “Dizayn taraq­qiyot” xususiy korxonasi bunyodkorlari Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasining ma’muriy binosini majlislar zali bilan birga qurish ishlarini olib borishmoqda.

Halol mehnati bilan yurtimiz bunyodkorligiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan ushbu jamoaga kasb bayrami muborak bo‘lsin!

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img