O‘tgan yili o‘zining 80 yillik yubileyini nishonlagan yurtimizdagi eng yuqori reytingga ega loyiha institutlaridan biri – “O‘ZOG‘IRSANOATLOYIHA” AJdir. Institut 2010 yil 23 fevraldan boshlab ochiq aksiyadorlik jamiyati sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Institut ob’ektlarni loyihalashda nazoratning barcha usul va vositalaridan foydalangan holda, loyiha yechimlari va standartlarga muvofiq bajarilayotgan ishlarning yuqori sifatini ta’minlaydi. Bu vazifani amalga oshirish uchun ayni paytda 80 nafardan ortiq loyihachi, qurilish sifatini nazorat qilish bo‘yicha 20 nafar yetuk mutaxassis, 40 dan ortiq turdagi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan sinov laboratoriyasida 10 nafar maxsus sertifikatga ega muhandis faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 29 apreldagi qarori bilan institutga yetakchi loyiha-qidiruv tashkiloti maqomi berilgan. Yetakchi institut mutaxassislari ishlab chiqqan loyihalar asosida mamlakatimiz xalq xo‘jaligida muhim o‘rin tutuvchi ko‘plab ob’ektlar bunyod etilgan. Xususan, O‘zbekiston qiyin eruvchi va issiqbardosh metallar kombinati, Chirchiq transformator zavodi, Bekobod shahridagi O‘zbekiston metallurgiya zavodi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mashinalari zavodi, Chirchiq qishloq xo‘jaligi mashinalari zavodi, Toshkent traktor va motor zavodlari, Toshkent metropolitenining turli ob’ektlari, Toshkent shahridagi chinni buyumlar zavodi, “Sovplastital” QK ob’ektlari shular jumlasidandir.
Keyingi yillarda yirik investitsion loyihalar asosida Asaka shahridagi “O‘zDEUavto” avtomobil zavodi, Jizzax shahridagi “Uz EXIDE” akkumulyator zavodi, Do‘stlik shahridagi “Mersedes-Bens” yuk avtomobillarini yig‘ish bo‘yicha qo‘shma korxona, Toshkent shahridagi texnik shisha-tola ishlab chiqaruvchi “Uzglaszayden” zavodi, Toshkent shahridagi qimmatli qog‘ozlar fabrikasi, Gugurt ishlab chiqarish bo‘yicha “O‘zELLAS” O‘zbekiston – Gretsiya qo‘shma korxonasi, “Sogplast-Maksan” O‘zbek–Turk qo‘shma korxonasi, Toshkent shahridagi “Korfarmsanoat” O‘zbekiston – Hindiston qo‘shma korxonasi, “TYeS” injiniring kompaniyasi (Yaponiya), “TYeKNIP” (Fransiya) va “JGC Corporation” (Yaponiya) korporatsiyalari bilan birga Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi rekonstruksiya qilinib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilgan.
“O‘ZOG‘IRSANOATLOYIHA” yurtimizdagi yetakchi loyiha instituti sifatida loyihalarni sifatli yaratilishi uchun samarali faoliyat olib bormoqda. Davlat miqyosidagi muhim loyihalarni yaratishda ISO 9001 sifat menejment tizimlari, O‘zbekiston Respublikasi QMQ, ShNQ, Sanitariya norma va qoidalari, DSt standartlari, GOST, SP, VSN va boshqa xalqaro standartlar qo‘llanilyapti.
Institut mutaxassislari tomonidan keyingi yillarda ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari esa fikrimizning isbotidir. Ulardan, “O‘zmetkombinat” AIB rulonli tasmalar ishlab chiqarish sexi va uning tarkibiga kiruvchi muhandislik-transport infratuzilmasi, “Xandiza” koni bazasida polimetall rudalarni boyitish fabrikasi, Olmaliq KMK, Yangi presslash sexi, 1-bosqich, arxitektura-qurilish qismi, O‘zDEUavto YoTAJ, “UZVNESHTRANS” DAK, “O‘z-SeMyung Ko” YoAJ shtamplash uchastkasi, “UzSUNGWOO” MChJ QKda T-250 rusumli avtomobil detallarini ishlab chiqarish uchun payvandlash liniyalari, “BAUPLAST” QK plastik profillar ishlab chiqarish sexi, Bekobod sement zavodining rekonstruksiyasi ana shunday ob’ektlar sirasiga kiradi.
Shuningdek, Termiz shahridagi 10 000 o‘ringa mo‘ljallangan futbol-engil atletika sport majmuasi, universal sport zali, “MAN” katta yuk avtotransport vositalarini yig‘ish korxonasi, “Toshkent-Siti” hududida Biznes-markaz qurilishi loyihasi bo‘yicha texnik kuzatuv, Olmazor tumanida “O‘zbekistonda Islom madaniyati va sivilizatsiyasi markazi” bino va inshootlarining qurilishi, Samarqand viloyati Payariq tumanida Imom Al-Buxoriy yodgorlik majmuasining yangi qurilishi, Xorazm viloyatida “UzavtoMotors” AJ filiali hududida “Damas” va “Labo” rusumli avtomobillar uchun shtamplangan kuzov detallarini ishlab chiqarish ob’ektlari loyihalari ham institut mutaxassislarining ijod mahsulidir.
Bugun qurilishda faqat son emas, sifat masalasi ham birinchi o‘rinda turishi bekorga emas. Bu borada institut tarkibida o‘n yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Sinov laboratoriyasining xizmatini alohida ta’kidlash o‘rinli. Laboratoriya 2012 yilda texnik malaka va mustaqil ishlash uchun akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Sifatsiz materiallar va zaif konstruktiv elementlarni o‘z vaqtida aniqlash qurilayotgan ob’ektlardan foydalanish xarajatlarini kamaytirish hamda muhandislik inshootlarining ishonchliligini oshiradi. Laboratoriya aynan qurilish materiallari va konstruksiyalarining sifatini nazorat qilish hamda qurilish ekspertizasini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, qurilish ob’ektlarida turli laboratoriya sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ham taklif qiladi.
Ushbu laboratoriya sinovlarni o‘tkazishdagi tezkorligi, qo‘yilgan vazifalarga individual yondashuvi bilan ajralib turadi. Laboratoriyada ixtisoslashgan oliy ma’lumotli mutaxassislar, shuningdek, maxsus sertifikatga ega kadrlar faoliyat yuritadi. Markaz laboratoriya xizmatlari bozorining faol va malakali ishtirokchisi sifatida Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda O‘zbekistonning boshqa hududlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Albatta, yuqoridagi kabi yurtimizning eng yirik va muhim ob’ektlari uchun loyiha yaratish oson ish emas. Zero, O‘zbekistondagi loyiha-qidiruv tashkilotlarining 1999–2021 yillar uchun tuzilgan reytingida birinchi o‘ringa loyiq deb topilgan “O‘ZOG‘IRSANOATLOYIHA” instituti bu e’tirofga har jihatdan munosibdir.

