Ha, Qashqadaryoda qurilish korxonalari bisyor, ammo bu korxonaning o‘rni bo‘lakcha. Haqiqatan ham, “DASHT QURILISH TA’MIRLASH FAYZ” xususiy korxonasi viloyatning ko‘zga ko‘ringan korxonalaridan biri. U 2010 yil ta’sis etilgan bo‘lib, shu kunga qadar ko‘plab qurilish ishlariga mualliflik qildi. Korxona ta’sischisi Qahhor Otamurodov ko‘p yillik tajribasi ortida o‘ziga xos jamoani shakllantira oldi. Korxona hozirgi kunda viloyatda qurilish-arxitektura sohasining rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Qarshining issig‘i bir yonga-yu shahardagi qurilishlarning tadriji bir yonga ekan. Shaharning keng ko‘chalari bo‘ylab yurar ekansiz, asosan yaqin yillar ichida qurib, bitkazilgan yangi binolarga rostlanasiz. Bu e’tiborimni tortib, yonimda borayotgan “DASHT QURILISH TA’MIRLASH FAYZ” korxonasi vakilini so‘roqqa tutdim.
– Bu maktab ham yangi qurilgan ekan-a?
Korxona vakili kulimsiradi.
– Bu Qarshi shahriga qarashli 41-maktab binosi, – dedi maktabga ishora qilib. –To‘g‘risi, shu maktab ham bizning korxona tomonidan qurib bitkazilgan.
Korxona ijtimoiy ob’ektlar qurilishlarida bir qancha ob’ektlarning rekonstruksiyasida birlamchi vazifani bajardi. O‘nlab maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolari, turar joylar bu jarayonlarning natijasidir.
Albatta, Qashqadaryo – qadimiy va tabarruk zamin, mard va bag‘rikeng, mehnatkash va lafzi halol, g‘ururi baland insonlar yurtidir. Bu voha o‘zining noyob tabiiy boyliklari, ulkan sanoat salohiyati bilan yurtimizning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgani el-yurtimizga yaxshi ma’lum. Qashqadaryodagi qurilishlarning o‘tmishi uzoqqa borib taqaladi. Bu zaminda bir zamonlar butun dunyoning ko‘zini quvontira oladigan darajadagi bino-inshootlar qurilishi davom ettirilgan. Bunga eng chiroyli misol, albatta, bir zamonlar Amir Temur huzuriga tashrif buyurgan ispan elchisi Klavixoning shu iborasi bo‘lgan esa ne ajab: “Parijning eng nozik didli zodagonlari ham Oqsaroyni ko‘rganida hayratdan lol qolar edi”. Qizig‘i o‘tmish bunyodkorliklari havosi bugunga kelib Qashqadaryoga qaytgandek. Hududda qurilish korxonalari yuzlab mualliflik ishlarining ustida faoliyat olib borishmoqda. “DASHT QURILISH TA’MIRLASH FAYZ” xususiy korxonasi ham o‘tgan 2021 yil hisobida 18 mlrd so‘m hajmdagi qurilish ishlarini bajardi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni ikki barobarga oshirishni ko‘zda tutgan korxona, ayni damda ham ko‘plab rekonstruksiya jarayonlari bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
– Hozirgi paytda Kasbi tumanining Yuksalish massivida 330 o‘rinli maktab binosini quryapmiz, – dedi Qahhor Otamurodov. – Shuningdek, 12×24 o‘lchamli sport zalining qurilishi ham parallel olib borilmoqda. Albatta, ijtimoiy ob’ektlarning qurilishlari korxonadan yuqori malakalilikni talab etadi. Bizning korxona jamoasi ham bu borada yaxshi ko‘rsatkichlarga ega, deb o‘ylayman. Fuqarolarimizning ijtimoiy himoyasida muhim o‘rin tutib kelayotgan subsidiya mablag‘lari hisobidan Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida 5 qavatdan iborat 1 yo‘lakli turar joylar qurilishini ham davom ettirmoqdamiz. Mazkur qurilish ishlari tender savdolari orqali yutib olingan bo‘lib, kelajakda 20 xonadondan iborat turar joy binosi aholimizning uy-joyga muhtoj qatlami uchun taqdim etiladi.
Shuningdek, hozirgi kunda korxona tomonidan Dehqonobod tumanida ichimlik suvi tarmoqlarini tortish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Mazkur loyiha joriy yil to‘liq tugallanishi natijasida aholi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lish baxtigi musharraf bo‘ladi.
“DASHT QURILISH TA’MIRLASH FAYZ” xususiy korxonasida 70 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, o‘z o‘rnida mavsumiy 100 ga yaqin yollanma ishchi faoliyat olib boradi. Korxonaning ish jarayonlarida asosiy o‘rinni egallab kelayotgan avtokranlar, kranlar va yuk tashishga ixtisoslashgan avtoulovlar doimiy qizg‘in ish jarayonida bo‘lib kelmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani hududidagi Nuriston massivida 5 qavatli 30 xonadondan iborat turar joy binosi korxona faoliyati davomida amalga oshirgan yirik ishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu loyiha “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tarafidan moliyalashtirilgan bo‘lib, mazkur turar joylar xalqimizga taqdim etildi.
Qarshi shahrining kechmishi qadimiy Nasaf manzillaridan o‘tgan. Shunday muborak va qadim o‘tmishga tutash shaharning buguni ham yangilanishlarga boy. Ushbu boylikka munosib hissa qo‘shib kelayotgan, kelgusida yana ko‘plab inshootlar barpo etib, minglab yurtdoshlarimizni nafaqat uy-joy, balki ish bilan ham ta’minlashga hissa qo‘shishga ahd qilgan Qashqadaryo viloyatidagi eng faol qurilish tashkilotlaridan biri “DASHT QURILISH TA’MIRLASH FAYZ” xususiy korxonasi jamoasiga kasb bayrami muborak bo‘lsin!

