|

|

2026-уіӏ 15-May, Juma
spot_img

Qoraqalpog‘istonliklarning faxriga aylangan loyihachilar

Muhim xabarlar

Abdusami Haqberdiyev
Abdusami Haqberdiyev
Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. 1984 yildan respublika miqyosidagi matbuot nashrlarida turli lavozimlarda ishlagan. “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasida 2020 yilning sentabr oyidan e’tiboran bosh muharrir o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi haqida gap ketganida ko‘z o‘ngingizda ochiq osmon ostida yastanib yotgan bepoyon cho‘llar, adog‘i ko‘rinmaydigan qum barxanlari gavdalanadi. Mintaqamizda yagona hisoblangan Orol dengizi ham bugun qaqrab yotgan yerga o‘z saxovatini ko‘rsatmay qo‘ygan. Ana shunday sharoitda yashab, mehnat qilayotgan insonlarga har qancha tasanno aytsa arziydi. Shu zaminda kamol topib, ulg‘aygan Berdaq, To‘lepbergen Qayipbergenov kabi yuzlab yurt fidoyilari Qoraqalpoq millatining faxriga aylangan.

Besh yil, bu aytarli katta sana emas, ammo ana shu qisqa davrda O‘zbekistonimizning boshqa viloyatlari singari Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham tanib bo‘lmas darajada yangi qiyofaga kirib bormoqda. Dastavval uzoq Mo‘ynoqdan boshlangan bunyodkorlik ishlari “Obod mahalla” va “Obod qishloq” davlat das­turlari doirasida boshqa tuman va shaharlar, ovul hamda qishloqlarda jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Zamonaviy, ravon yo‘llar, ko‘p qavatli binolar, zamon talabiga moslashtirilgan maktab­lar, bolalar bog‘chalari, ishlab chiqarish korxonalari singari ob’ektlar barpo etilayotgani qoraqalpoq ahlini quvontirib, barcha yangilanishlarda o‘z hissalarini qo‘shishga ilhomlantirmoqda.

Ana shunday farovonlikni ta’minlab, yurtimiz kelajagini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan tadbirkorlardan biri Jambil Dauilbayevdir. Ancha yosh paytlaridanoq turmushning qiyin sinovlarini ko‘rgani bois bolalikka xos sho‘xliklaru o‘yinlarga chalg‘imay, kitob mutolaasiga astoydil kirishgani uchun kezi kelib, Nukus davlat universitetining qurilish fakultetiga o‘qishga kirdi. Talabalik davrida ham vaqtini zoye ketkazmasdan, sohaga oid har qanday yangiliklardan boxabar bo‘lib bordi. Dastlabki ish faoliyatini qurilish tashkilotlaridan birida boshladi. Sohada mehnat qilib katta tajriba to‘plagan O‘rinboy Turniyazov, arxitektor Aliftena Andreyevna, smetalash bo‘yicha Ayniyaz Turniyazov kabi ustozlaridan qurilish sohasida qo‘llanaladigan barcha ishlarni mukammal o‘zlashtirib, bilmaganlarini so‘rab olishdan erinmadi.

Vaqti kelib, o‘zi ham qurilishlarda ish boshqaruvchi, bo‘lim boshlig‘i va bosh­qa lavozimlardagi faoliyatida ustozlaridan o‘rganganlari asqatdi. Ishlagan ob’ektlarida yumushlar sifatli bajarilgani uchun nazorat tashkilotlaridan birorta ham e’tirozlar bo‘lmaganining boisi sohani mukammal o‘zlashtirganidan dalolatdir. Kunlarning birida ustozlari bilan suhbatlashib o‘tirarkan, “Sen ham qurilishlarda mehnat qilib, yaxshigina tajriba to‘plading, hozirgi kunda davlatimiz ishbilarmon va tadbirkorlarga yetarli sharoitlar yaratib bergan, sen ham tadbirkorlik qilsang, el-yurtga, bunyodkorlik ishlariga ko‘proq nafing tegardi, o‘zing singari mutaxassislar harakat qilmasa, maqsadga qachon erishiladi”, deyishdi.

Ustozlarining taklifi bilan tashkil etilgan “ARXANGLE GROUP” loyiha tashkilotiga rahbarlik qilayotganiga endi olti yil bo‘ldi. O‘tgan davrda korxona nafaqat yetuk mutaxassislar bilan, balki sohaga oid zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlangani bois, jahon standartlariga mos lo­yihalarni tayyorlash orqali buyurtmachilar e’tiborini tortish imkoni yaraldi. Mana shu davr oralig‘ida jamoa ishchi-xodimlari tomonidan sayqal topgan loyihalar asosida Nukus shahrida uchta 5 qavatli ko‘p kvartirali uy-joylar, tuman va shaharlardagi 20 dan ortiq davlat tashkilotlari hamda korxonalar, 80, 90, 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurib bitkazildi. Hozirgi kunda “ARXANGLE GROUP” MChJ loyihalari asosida qad rostlagan bu mas­kanlarda 200 nafardan ortiq xotin-qizlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, bolajonlarni tarbiyalashmoqda.

2018-2019 yillarda Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida mazkur korxona jamoasi yaratgan loyihalari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, ularning loyihasi asosida Bo‘zatov tumanida qad rostlagan tikish-bichish sexlari yuzlab chevar xotin-qizlarni o‘z bag‘riga olgan bo‘lib, bugungi kunda ular tayyorlayotgan mahsulotlar mahalliy bozorlarni ta’minlash barobarida o‘nga yaqin xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida “ARXANGLE GROUP” MChJ tomonidan yaratilgan loyihalar asosida bunyod etilayotgan inshootlar, ma’muriy binolar, ko‘chalar hamda boshqa ob’ektlarni uchratish mumkin. Shuni ham aytish joizki, jamoa loyiha tayyorlash barobarida, uning ijrosi bo‘yicha bajarilayotgan ishlarda mualliflik nazoratini ham olib boradi. Bu esa, har bir inshoot belgilangan norma va talablarga muvofiq bunyod etilishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, buyurtmachilarni ham mamnun etadi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img