Davlatimiz rahbarining 2022 yil 10 iyun kungi iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu sohadagi yangiliklarni keng joriy etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Ana shu vazifalar ijrosidan kelib chiqib, joriy yilning 28-29 iyul kunlari “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan “O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va yangi imkoniyatlar” respublika ko‘rgazmasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi hamda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamkorligida uyushtirilgan mazkur ko‘rgazmada quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi 20 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash barcha ishlarda ustuvor tamoyil etib belgilangan. Odamlarning yaxshi yashashi uchun eng zarur manbalardan biri esa bu energiya. So‘nggi yillardagi islohotlar natijasida bu sohadagi uzilishlar ancha kamaydi. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining energiyaga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha og‘irlik elektr tarmoqlariga tushmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talab bor. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt soatga oshishi kutilmoqda. Bunday vaziyatda eng samarali yo‘l uy, korxona, bog‘cha, maktab va shifoxonalarda muqobil energiyadan foydalanishni ko‘paytirishdir. Shu boisdan, qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini keng joriy etish, bu borada aholini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bu borada aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim belgilandi. Ushbu tizimga ko‘ra, har bir o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunasi uchun, quvvatiga qarab, 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratiladi.
– O‘zbekiston bozorida 8 yil avval faoliyat boshlaganmiz, – dedi “Kolor Nechers” kompaniyasining asoschisi Farruh Asrorxo‘jayev. – Biz ish boshlagan vaqtlarda talab u qadar yuqori bo‘lmagan. Sababi, aholining elektr energiyasini faqat davlat yetkazib berishi kerak degan noto‘g‘ri tushuncha bor edi. Hozirgi kunga kelib, iqlim o‘zgarishi elektr energiyasi yetkazib berish bilan chambarchas bog‘liq. Boisi, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi ortida atmosferaga uglekislota gazlarining chiqishi kuzatiladi. Biz qo‘llayotgan texnologiyalar esa bu “yashil texnologiya” bo‘lib, u quyosh elektr stansiyalari va quyosh suv isitish kollektorlari hisoblanadi. Ushbu texnologiyalarni xonadonlar, turli tashkilot va ishlab chiqarish ob’ektlariga o‘rnatish mumkin. Prezidentimizning 2022 yil 10 iyun kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng sohaga katta e’tibor berila boshlandi. Bu esa biz kabi ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar uchun katta imkoniyat yaratishi barobarida, yashil texnologiyalarga o‘tishda muhim hisoblanadi. Hozirgi kunda har bir tashkilot o‘z iste’molining 30 foizini quyosh panellari orqali qoplashi talabi qo‘yilmoqda.
– O‘zbekistonni bejizga quyoshli diyor deb atashmaydi, – dedi “MIR KOLOR” MChJ bosh direktori, texnika fanlari doktori Akrom Mirzaboyev. – Yurtimizda yilning 300 kundan ortig‘i quyoshlidir. Bu degani 300 kun kunduzi O‘zbekistonning elektr energiyasini to‘liq qoplash mumkin. Bu borada Prezidentimizning videoselektor yig‘ilishi sohada juda katta burilish yasadi. Yangi bozorlar yaratildi. Qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, bugunning o‘zida ko‘plab shartnomalar imzoladik. Tadbirning o‘ziga xosligi shundaki, iste’molchilar ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashib muloqot qilishdi va o‘zi istagan texnologiyalarni ko‘rib xarid qilish bo‘yicha kelishuvlar imzoladi.
– Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatining “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasida qayta tiklanuvchi elektr manbalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish to‘g‘risida topshiriq bergandi, – dedi tadbirkor Elmurod Abdullayev. – Korxonamiz ham ushbu masalaga o‘zini hissasini qo‘shish maqsadida hozirgi kunda 2 gektar maydonni olib, shundan bir gektar maydonda yiliga bir million dona quyosh suv isitgichlarini va 1 gektar maydonda qo‘shimcha tarzda yiliga 100 megavatt quyosh panellarini ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Korxonamiz o‘tgan yillar davomida respublikada 1 000 dan ortiq ob’ektlarda quyosh stansiyalarini o‘rnatdi.
Misollar asosida fikrimizni davom ettirsak, bir oila suv isitish uchun bir oyda o‘rtacha 195 ming so‘m xarajat qiladi. Endi ular 6 million so‘m evaziga 200 litrli quyosh qurilmasi o‘rnatsa, davlatdan 2 million so‘m kompensatsiya oladi. Bunda har oy ketgan xarajat iqtisod bo‘lishi hisobiga, suv isitish qurilmasi 21 oyda pulini oqlaydi va foydaga qoladi. Agar oila kompensatsiyani emas, bo‘lib-bo‘lib to‘lashni tanlasa, oylik to‘lov 170 ming so‘m bo‘ladi. Ya’ni, hozirgi to‘lovidan ham kam bo‘ladi va uch yildan keyin issiq suv uchun umuman xarajatga hojat qolmaydi. Yana bir qulay tomoni, odamlar buning uchun biron-bir idoraga borib yurishmaydi. Hamma hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning o‘zida hal etib beriladi. Bu tizim Energetika vazirligining maxsus jamg‘armasi orqali joriy etiladi. Davlatimiz rahbari barcha jarayonlarni raqamlashtirib, ushbu yangi tizimni 1 sentyabrdan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Viloyat hokimlari oldiga joriy yilda “daftarlar”ga kirgan kamida 5 mingta oilani, kelgusi yilda yana 10 mingtasini suv isitish qurilmasi bilan ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
– Asosiy vazifamiz tajribamiz orqali “yashil” texnologiyalarni joriy etish samaradorligi va ulardan manfaatli foydalanish maqsadida respublikamizda yaratilgan imkoniyatlarni keng namoyish etishdan iborat, – dedi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov. – Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir yilda O‘zbekistonda 10 milliard dollarlik elektr va gaz iste’mol qilinadi. Misol uchun, o‘tgan yili energiya resurslariga Suv xo‘jaligi vazirligi 3 trillion so‘m, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash tizimlari 200 milliard so‘mdan budjet mablag‘larini sarflagan. Bu esa, o‘z navbatida, barcha vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini ham muqobil energiyaga o‘tkazish vaqti kelganini ko‘rsatmoqda.
Ko‘rgazma yakuniy natijalariga ko‘ra, qariyb 300 milliard so‘mga yaqin kelishuvlar imzolandi, 60 ta OTM tomonidan 4 600 KVT soat quyosh foto elektr qurilmalariga buyurtma berildi. Ko‘rgazmada B2B formatda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, tuzilgan shartnomalar tegishlicha ro‘yxatdan o‘tkazildi.


