Qurilish vazirligida “O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni va undan kelib chiqadigan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlandiki, O‘zbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini 2025 yilgacha takomillashtirish konsepsiyasi hamda uni 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Farmonga muvofiq, 2022 yilning 1 sentyabridan respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub ob’ektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.
Seysmik zaif ijtimoiy soha ob’ektlarining ro‘yxati har yili 1 aprelgacha shakllantirib boriladi hamda instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish ishlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tashkillashtiriladi. 2022 yil 1 oktyabrdan respublikadagi ko‘p kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Xatlov natijasiga ko‘ra, ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan seysmik zaif hamda avariya alomatlari aniqlangan ko‘p kvartirali uy-joylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.

Seminarda so‘z olganlar 2022–2025 yillar davomida Andijon, Toshkent, Guliston, Nurafshon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Nukus, Urganch shaharlarining raqamlashtirilgan seysmik mikrohududlashtirish xaritalari ishlab chiqilishini ta’kidlab o‘tdilar.
Shuningdek, kelgusi yilning 1 aprelidan suv omborlari to‘g‘onlarida seysmik xavfni oldindan prognoz qilish va baholash amaliyotini joriy qilish maqsadida kosmik monitoring doirasida simulyatsion dastur orqali zilzila natijasida to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida suv bosishi mumkin bo‘lgan respublika hududlarining vizual 3D modellarini ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, suv omborlari to‘g‘onlari o‘pirilishi oqibatida qutqaruv ishlarini tashkillashtirishida tegishli vazirlik va idoralarni zarur kosmik suratlar hamda ishlov berilgan ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimining joriy etilishi ma’lum qilindi. Mazkur amaliyot va tizim 2023 yil 1 fevralgacha ishga tushiriladi.

2023 yildan respublikaning seysmik faol zonalarida balandligi 9 qavat yoki undan yuqori bo‘lgan seriyali qurilishi rejalashtirilgan yoki tanlab olingan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, sifatini ta’minlash hamda kamchiliklarni oldindan bartaraf etish maqsadida vibrodinamik uskuna yoki zamonaviy raqamlashtirilgan instrumental asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruv o‘tkazib boriladi. 2022 yil 1 dekabrgacha respublikadagi barcha sun’iy inshootlar (ko‘priklar, tonnellar, estakadalar, temir yo‘l ko‘priklari va boshqalar) xatlovdan o‘tkazilib, yagona raqamlashtirilgan ma’lumotlar bazasi tashkil etiladi. 2023 yil 1 martgacha respublikadagi barcha mavjud sun’iy inshootlarning zilzilabardoshligi bo‘yicha elektron texnik pasportlari shakllantirilishi belgilangan.
2022/2023 o‘quv yilidan Namangan muhandislik-qurilish instituti va Farg‘ona politexnika institutida “Bino va inshootlar zilzilabardoshligi” ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2022-2023 o‘quv yilidan “Tarixiy obidalarning seysmik mustahkamligi” ta’lim mutaxassisligi ochiladi.
Bulardan tashqari, shu yilning 1 dekabriga qadar respublikadagi seysmik faol, o‘rta faol va tinch hududlar hamda maydonlarni o‘zida mujassamlashtirgan interaktiv onlayn-xarita ishlab chiqiladi. 2023 yil 1 avgustgacha esa seysmik faol zonalarda joylashgan bino va inshootlar maydonining zilzilalar oqibatida deformatsiyasi, siljishi, cho‘kishi kabi omillarni aniqlashga mo‘ljallangan radiolokatsion kosmik monitoring tizimi yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

