Bulung‘urdagi “G‘o‘bdin sof parranda” MChJ faoliyati mahalliy xalq orasida tilga tushgan. Negaki, yaqinda tog‘ yonbag‘irlarida foydalanishga yaroqsiz yerda mukammal loyiha asosida bunyod etilgan korxona ishga tushirildiki, unda el manfaati o‘ylandi, ish o‘rinlari sonini ko‘paytirishga harakat qilindi. Fabrikani ochgan tadbirkorlarning dasht sharoitidagi imkoniyatlardan qanday daromad olish, murakkab vaziyatda odamlarni foydali mehnatga jalb qilish, tashlandiq joyni obodonlashtirish, ko‘rkam maskanga aylantirish asosiy maqsadi edi. Ular o‘z niyatlariga yetishib endilikda korxonani yanada kengaytirish uchun dadil qadam tashlayaptilar. Bajarilgan yumushlar haqida mazkur korxona rahbari Mannop Sodiqov shunday deydi:
– Ota-bobolarimiz bejizga “Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir”, deyishmagan. Biz qo‘l uradigan ish kelajakda mahalliy xalq uchun faqat foyda keltiradi, qaqroq yer mehnat tufayli obod hududga aylanadi, degan fikrga qat’iy ishonch hosil qilib mazkur jamiyatga asos solishga bel bog‘lagandik. Ish boshida turganlarning tajribasi yetarli, mablag‘dan qiynalib qolishmaydi, uni joyida sarflashni, qanday ishlatishni yaxshi bilishadi. Mahalliy hokimlik tomonidan imkoniyat yaratilib berildimi, undan o‘rinli foydalana olish lozim. Axir parrandachilik biz uchun begona emas. Chunki Sirdaryo viloyatida ham shunday korxona ochib, yaxshigina natijaga erishyapmiz. Bugun esa sohaning ahamiyati yanayam oshayapti. Ish boshlandimi, endi hammasi harakatga, haqiqiy mehnatga bog‘liq. Shunday qilib ish boshlaydigan bo‘ldik. Bulung‘urning G‘o‘bdin hududida parrandachilikka ixtisoslashgan jamiyat tashkil etildi.инг Ғўбдин ҳудудида паррандачиликка ихтисослашган жамият ташкил этилди. Cho‘l hududidan 5 gektar yer ajratib berildi. Chinakam zamonaviy korxonani qisqa fursatda qad rostlashi uchun barcha imkoniyatni ishga soldik. Bu 2021 yilda ro‘y bergandi. Shundan buyon parrandachilikni rivojlantirish borasida bir qator ishlarni amalga oshirdik, tuxum ishlab chiqarishda erishilgan natijalarimiz yomon bo‘lmadi. Tovuqlarning tuxum berishdagi sermahsulligi birinchi navbatda parvarishga, ularning qanday oziqlantirilishiga bog‘liq. Qolaversa, biz Germaniyaning Lomann zotli parrandalarini olib kelganimiz nihoyatda asqatmoqda. To‘g‘ri, ularni parvarishlash ancha mushkul. Lekin bizning ozuqa ishlab chiqarish uchun bunyod etilgan maxsus seximiz bor. Har bir konsentratlarga boy ozuqalarni o‘zimizda tayyorlaymiz, ularni chetdan sotib olmasligimizning o‘zi anchagina iqtisodiy tejamkorlikka olib kelyapti.
Asrlardan buyon tashlandiq holatda yotgan joyda parrandachilik korxonasi tashkil etilib, xato qilinmagan ekan. Zero, soha yetti xazinaning biri ekanligi ko‘pchilikka ma’lum. Uning yetti xazinaga qiyos etilishi sababi, tovuq juda sermahsul jonivor. Unga yetarli miqdorda ozuqa berilsa bas, har kuni tuxum qilaveradi. To‘g‘ri, buning ham o‘z bosqichlari, fazalari bor. Ma’lum muddatdan so‘ng ular tuxumdan qoladi. Bunday paytda ona tovuqlar izidan yetishib kelayotgan navbatdagi avlod ishga tushiriladi, tuxumdan qoladigani esa go‘shtga topshiriladi. Biz buni nazarda tutib ayni paytda jo‘ja boqiladigan yana bitta binoni qurish uchun astoydil jon koyityapmiz. Mana uch yildirki, xalqimiz dasturxoniga sifatli parhez mahsulotlari yetkazib berishga hissa qo‘shyapmiz. Yil sayin korxona kengayib, undagi ish o‘rinlari soni oshib boryapti. Bu harakatlar hali boshlanishi. Hademay ishlab chiqarishda ham, tadbirkorlikni rivojlantirishda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritamiz. Negaki, parrandachilikning koni foyda ekanini jamoamiz ahli dildan anglaydi, yaratilgan imkoniyatdan esa samarali foydalanishni biladi.


