Bugun yuqori shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy dunyoda ichimlik suviga ehtiyoj shu darajada ortyaptiki, suv zaxiralarini to‘ldirib borish imkoni
qolmayapti. Olimlarning fikriga ko‘ra, agar ichimlikni asrash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmasa, muammolarga yechim topilmasa, 20–25 yildan keyin
dunyodagi har ikki kishidan biri shu muammoga duch kelishi mumkin. Yuqoridagi faktlardan kelib chiqsak, suvdan oqilona foydalanish, uni isrof qilmaslik masalasi naqadar muhim va jiddiy ekanini tushunish qiyin emas. Insoniyatning kelajagi, yashab qolishi bugungi avlodning suvga munosabatiga bog‘liq bo‘lib turibdi.
Suv tanqisligi masalasi yurtimizni ham chetlab o‘tmayapti. O‘zbekistonda 2040 yilga kelib Amudaryo va Sirdaryoning suvlari kamayishi oqibatida 33 foizgacha suv tanqisligi muammosi yuzaga kelishi taxmin qilinmoqda. Afsuski, bu uzoq muddatdan keyin keladigan xavf emas, bugungi kunimizda ro‘y berishni boshlagan jarayondir.

