Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Chirchiq innovasion, investision shaharga aylanib bormoqda. Shaharni kompleks rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarga muvofiq, yangi turar joylar qurilib, aholiga qulaylik yaratish maqsadida infratuzilma yaxshilanyapti. Kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘tgan yillar davomida shahardagi asosiy muammolardan biri iste’molchilarni issiqlik va issiq suv bilan ta’minlash yuzasidan bo‘lgan. Sababi shahardagi 920 taga yaqin ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi 14 ta qozonxonaning deyarli barchasi eskirgan, muddatini o‘tab bo‘lgan edi. O‘tgan asrning 60-70 yillarida qurilgan qozonxonalarning aksariyati ochiq usulda ishlagan, issiqlik ortga qaytmagan, xarajatlarni oshirgan. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 20 maydagi “Toshkent viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ana shu masalaning yechimi topildi. 4 ta markaziy qozonxonalarni rekonstruksiya qilish va 4 ta mahalliy qozonxonalar qurish ishlari belgilandi. Qaror ijrosi doirasida shaharda iste’molchilarni barqaror issiqlik quvvati va issiq suv bilan ta’minlash bo‘yicha boshlangan amaliy ishlar yakuniy bosqichga chiqdi.
– So‘nggi 10-15 yil ichida kichik tumanimizda qishning kelishini xavotir bilan kutar edik, – dedi mehnat faxriysi Asliddin Muhiddinov. – Yosh bolalar, qariyalar bor. O‘zim ham 70 dan oshib, 80 yoshga qarab ketyapman. Ilojsizlikdan kichik oshxonada gaz plitasini yoqib, kechasi bilan o‘chib qolmasin, deb xavotir olib chiqardik. Gazning issiqligi yanada ham uzoqroq saqlansin degan maqsadda temirlarni qo‘yib qo‘yardik. Xonalarimiz sovuq bo‘lardi. Gazxonadagi issiqlik bilan xonalarni isitib bo‘larmidi? Bugungi kunga kelib qarangki, bir necha yillik orzularimiz ushaldi.c Kichik tumanlarimizga, umuman Chirchiq shahriga issiqlik ta’minoti tarmoqlari tortilib, hozirgi kunda xonadonlarimizda issiq suv muntazam ravishda berib turiladigan bo‘ldi. Uylarimiz xususiylashtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘p qavatli uylarning har bir xonadoniga issiqlik tarmog‘ini yetkazib berish uchun qiymati 21 ming AQSh dollari miqdorida issiqlik aylantirgich moslamalari o‘rnatilmoqda. Chirchiq shahri misolida olib qaraydigan bo‘lsak, bu qanday katta mablag‘ni tashkil etadi. Issiqlik montaji ishlarini, quvurlarni har bir uyga kiritib berishni davlatimiz o‘z zimmasiga olgan. Bunday sharoitlarni qaysi bir davlat qilib beradi? Demak, xalq uchun qayg‘uradigan Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan bu ishlarga qanchalar tahsinlar aytsang, shuncha oz. O‘tgan yili “Chirchiq issiqlik energiya ishlab chiqarish” korxonasi UK tasarrufidagi “Yubileyniy” qozonxonasi 1-bosqich qurilish ishlari va 2 kilometr yangi issiqlik tarmog‘ining qurilish ishlari yakunlandi. 175 ta, jami 10 ming 38 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar issiqlik bilan ta’minlandi. Bu yil korxona tasarrufidagi 4 ta qozonxonada 9 ta qozonlarni kapital ta’mirlash hamda 16,9 kilometr issiqlik quvurlarini rekonstruksiya qilish, 4 ta lokal qozonxona va 6,1 kilometr issiqlik quvurlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida 275 ta, ya’ni 11 ming 698 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barqaror issiqlik bilan ta’minlanadi. Shaharning “Umid” MFY yig‘ini hududida joylashgan “Oqqovoq” qozonxonasi modernizasiya qilindi. 2 ta yangi qozon o‘rnatildi. Ayni kunlarda mahalla hududida eskirgan quvurlarni yangilash ishlari jadal davom ettirilyapti. Energiya yo‘qotishlarni oldini olish maqsadida issiq suv o‘tkazuvchi yangi quvurlarning usti o‘ralyapti. Tizimni modernizasiya qilish ishlari yakuniga yetkazilsa, mahalladagi 17 ta ko‘p qavatli uylardagi 520 ta xonadon hamda 2 ta ijtimoiy soha ob’ektining issiqlik va issiq suv ta’minoti barqarorlashadi.
– “Oqqovoq” qozonxonamizda hozirgi kunda 3 kilometr issiqlik quvuri almashtirildi, 2 ta yangi qozon keltirib o‘rnatildi, – dedi “Chirchiq issiqlik energiyasi” korxonasi bo‘lim boshlig‘i Doniyor Isroilov. – Chirchiq shahrida ishlab
chiqarilgan qozonlarning avvalgilaridan farqli jihati shundaki, ular elektr
energiya sarfini, tabiiy gazni tejaydi. 17 ta ko‘p qavatli uylar bo‘lsa, 100 foiz
ta’minlaydi. Aholi ham bu islohotlarni sezib, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga
oshirmoqda.


