Bir ulug‘ zot quyidagi voqeani aytib bergan ekanlar. Shayx ul-Islom, buyuk imom, shams ul-aimma hazrati Halvoniy ma’lum bir sabab tufayli Buxoroyi sharif atrofidagi qishloqlarning birida bir necha kun yashaganlar. Shogirdlaridan Shayx ul-Islom, Qozi Abu Bakr az-Zaranjiy hazratlaridan boshqa barchalari kelib, ustozlarini ziyorat etdilar. Kunlarning birida ustoz bu shogirdni uchratib qolib:
– Nega meni ziyoratimga kelmading? – deya malomat bilan ko‘ngillaridagi muhabbatning darz ketganiga ishora qildilar.
– Men munis onajonimning xizmatlari bilan mashg‘ul bo‘lib, ziyoratingizga kela olmadim, – deb uzr so‘radilar.
– Umringizning uzoq bo‘lishiga nasiba olibsiz, ammo ilmingiz ravnaqi, darsingiz rivojini rizqlantira olmabsiz, bu nasibadan bebahra qolibsiz, – degan ekanlar ustozi.
Biz ham quyida bir ustoz va shogird hikoyasini e’tiboringizga havola etmoqchimiz. Gazetamizning avvalgi sonlaridan birida farg‘onalik tajribali arxitektor Ismoil Dolimov bilan qilgan suhbatimizni e’lon qilgan edik. O‘shanda Ismoil aka o‘zining shogirdi to‘g‘risida gapirib o‘tgandi. Mana, oradan vaqt o‘tib, biz u kishining shogirdi bilan ham ko‘rishib, suhbatlashdik.
Bir paytlar Ismoil Dolimovdan saboq olgan Murodjon Qurbonov hozirda ancha yillik tajribaga ega arxitektor. 34 yoshni qarshi olgan Murodjon aka hozirda Toshkent shahridagi “ARCHITECTURAL ERA” loyihalash firmasida bosh arxitektor sifatida faoliyat olib bormoqda. Ularning uchrashib qolib, ustoz-shogird munosabatiga kirishishi tasodifdan boshlanadi. Keling, buni qahramonimizning o‘zidan eshitamiz.
– Maktabda o‘qib yurgan kezlarim rasm chizishga qiziqqanim uchun turli tanlovlarda qatnashardim, – dedi Murodjon Qurbonov. – Ammo kelgusida arxitektor bo‘lish haqida hech o‘ylamaganman. O‘rta maktabni tamomlaganimdan so‘ng kasb-hunar kollejiga hujjat topshirish uchun onam bilan Farg‘ona shahriga yo‘l oldik. Yo‘nalishli transportda Ismoil akani uchratib qoldik. Qo‘limdagi rasmlarimni ko‘rgach, u kishi agar xohlasam, kollejga kirganimdan keyin unga shogird bo‘lishim mumkinligini aytdi.
Shunday qilib, u kishi sabab arxitektura sohasiga qiziqishim ortib boraverdi. Ismoil aka meni ishxonasiga olib borib, u yerdagi ish jarayoni bilan ham tanishtirdi. Ustozim chizmalarni qog‘ozga chizar va uni boshqa kishi komp’yuterdagi maxsus dasturga o‘tkazardi. Kompyuterga ham qiziqishim tufayli o‘sha dasturni 3-4 oy ichida o‘rgandim. Keyin ustozimning chizmalarini men dasturga o‘tkazadigan bo‘ldim.
Murodjon Qurbonov 2008-2013 yillarda Toshkent arxitektura-qurilish institutida tahsil oladi. Yetarlicha bilim va tajribasi bo‘lganligi bois, oliygohda o‘qish davomida ham o‘z sohasi bo‘yicha ishlay boshlaydi. Kasbga taalluqli bilimlarini yanada kengaytirib, oliygohni tamomlagandan keyin to hozirga qadar ko‘plab joylarda arxitektor va muhandis sifatida faoliyat yuritdi. Xususan, “Stroy-proekt”, “O‘zGAShKLITI”, “Golden Project”, “Enter Tourism”, “Mabetex Group”, “AR Design” kabi mahalliy va xorijiy kompaniyalar shular jumlasidandir. Murodjon aka hozirda ham o‘z ustida ishlashdan to‘xtagani yo‘q. U Zaha Hadid, Antonio Gaudi kabi yetuk xorijlik arxitektorlarning ishlarini kuzatib, yangi bilimlar orttirishga harakat qiladi.
– Ustozimdan arxitekturaga oid bilim va ko‘nikmalardan tashqari, hayotiy saboqlar ham oldim, – dedi qahramonimiz. – U kishining menga eng yoqadigan xislati shuki, bir ishni boshlasa, oxirigacha bitkazmasdan qo‘ymaydi. Ustalarga ham bilmaganlarini erinmasdan tushuntirib, kerak bo‘lsa, o‘zlari o‘sha ishni bajarib, ko‘rsatib berardi. Bundan tashqari, ustozim juda ham qat’iyatli, ya’ni to‘g‘ri deb bilgan fikrida hamisha sobit turadi.


