Atrium Ljungberg” kompaniyasi Shvesiya poytaxtida “Stockholm Wood City” – yog‘ochdan yasalgan dunyodagi eng yirik shahar qurilish loyihasini taqdim etdi. Mazkur loyiha bo‘yicha qurilish ishlari 2025 yilda boshlanishi kutilmoqda. Shuningdek, ilk binolar 2027 yilda qurib bitkazilishi reja qilingan. Ushbu tashabbusni Shvesiya davlati salohiyatining namoyishi ham, deyish mumkin.
“ArchDaily” arxitektura platformasining ma’lum qilishicha, 250 ming kvadrat metr maydonni egallaydigan dunyodagi eng yirik yog‘och shaharni loyihalash ishlari hozirda ham davom etmoqda. “Stockholm Wood City” e’tiborga sazovor arxitektura va shaharsozlik namunasi bo‘la oladi. Stokgolm janubidagi Sickla shahrida joylashgan ushbu innovasion hududda qo‘shimcha 2 000 ta uy va 7 000 ta biznes uchun joy ham bo‘ladi. Ishxonalar, uylar, mahallalar, tamaddixonalar va savdo maydonchalarini birlashtirib, serqatnov va gavjum shahar muhitini yaratish ko‘zda tutilgan.
Yog‘och binolar atrof-muhit va aholi salomatligi uchun juda foydali. Ko‘pgina tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yog‘ochdan qilingan bino va inshootlar yuqori havo sifatiga egaligi, stress darajasini pasaytirib, insonning ishchanligini oshirishi va karbonat angidridni o‘ziga olishi mumkin. Yog‘och binolar yuqorida sanalgan afzalliklardan tashqari, ekologik tomondan ham foydali. Loyiha dizaynida mamlakat uchun muhim bo‘lgan energiya ta’minotida tiklanuvchi energiya manbalariga e’tibor qaratiladi. “Atrium Ljungberg” kompaniyasi resurslarni tejaydigan qurilish texnikasi va xomashyolardan foydalanishga ahamiyat qaratishini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Garchi ba’zi ekspertlar yog‘och binolarda kelib chiqadigan yong‘in xavfidan tashvishlanayotgan bo‘lishsa-da, loyihaga mas’ul vakillarning ta’kidlashicha, unda foydalaniladigan yog‘och materiallari nisbatan sekin va oldindan bilish mumkin bo‘lgan tezlikda yonadi. Bu esa uni oddiy po‘lat konstruksiyalarga qaraganda xavfsizligini oshiradi. Shu bilan birga, bunday katta ko‘lamda amalga oshiriladigan qurilish o‘rmonlarning kesilishiga olib kelmaslik uchun barqaror yog‘och plantasiyalarini talab qiladi. Biroq bu Shvesiya uchun muammo tug‘dirmaydi, chunki mamlakat yerlarining deyarli 70 foizi o‘rmon bilan qoplangan.


