Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy hamkorlik munosabatlari iqtisodiyotning turli sohalarida rivojlanib bormoqda. Xususan, qurilish sohasidagi hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga ko‘tarilib, Xitoy kompaniyalari tomonidan turli darajadagi ob’ektlarda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, yaqinda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoyning Savdo-sanoat palatasi vakillari, shu jumladan, xitoylik yirik kompaniya vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda ta’kidlanganidek, shaharsozlik sohasidagi bunday hamkorlik loyihalari Xitoy milliy qurilish standartlarini mamlakatimizga joriy etish imkoniyatini beradi. Shu bois, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov tomonidan ayni yo‘nalishda hamkorlik qilish taklifi ilgari surildi.
– Bunday hamkorlik o‘z navbatida mamlakatimizda shaharsozlik norma va qoidalarini takomillashtirish, zamonaviy talablarga moslashtirishda katta ahamiyatga ega, – dedi Sherzod Sodiqov.
Shuningdek, uchrashuv davomida hamkorlarga institutning asosiy faoliyati bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berildi. Muloqot doirasida vakillarimiz O‘zbekistonda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalarining shaharsozlik normalari va standartlari bilan bog‘liq masalalari bo‘yicha fikr bildirishib, taklif va tavsiyalarini ham o‘rtoqlashdilar.
Yakunlangan yilda ham qator hamkorlik loyihalari asosida bir nechta muhim ahamiyatga ega ob’ektlar barpo etilib, ishlab chiqarish korxonalari, zxavodlar ishga tushirildi. Xususan, o‘tgan yilning eng muhim hamkorlik loyihalaridan biri sifatida poytaxtimizda barpo etilayotgan Olipiya shaharchasini aytish mumkin. Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan birgalikda bunyod etilayotgan ushbu shaharchaning maydoni 100 gektar bo‘lib, unda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshooti, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Bu yerda 2025 yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qurilishga mingdan ziyod ishchi va muhandislar, ilg‘or texnikalar jalb qilingan.
Bulardan tashqari, Xitoyning China Energy Engineering Corporation kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari, Toshkent viloyatida esa xitoy kompaniyasi hamkorligida quvvati 600 MVt bo‘lgan GTES qurilishi, “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi doirasida “O‘zbekgidroenergo” China Southern Power Grid International kompaniyasi o‘rtasida Bo‘stonliq tumanida quvvati 600 MVtga teng “Yuqori Pskem” gidro to‘plash elektr stansiyasi qurish bo‘yicha shartnoma imzolanganini ham hamkorlikdagi aloqalarning natijasi, deya aytish mumkin. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida Xitoy Xalq Respublikasining taraqqiyot va islohotlar Davlat qo‘mitasi, Qirg‘iziston Respublikasi transport va kommunikasiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi o‘rtasida “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha uch tomonlama hujjat imzolanishi ham shular jumlasidandir.
Xitoy bilan samarali hamkorlik aloqalari joriy yilda ham yangi bosqichga ko‘tarilib, yanada rivojlanishi kutilmoqda. Bu esa yurtimizda yana ko‘plab inshootlar barpo etilishidan, yangi ish o‘rinlari yaratilishidan darak beradi.



