Santexniklik ko‘z ilg‘amas kasbdek tuyulsa-da, aslida bu kasb egalarining mehnati hammaga birdek zarur. Esimda bor, ilgarilari uyimizda suv toshsa yoki quvur tiqilib qolsa, santexnik qidirib nechi eshikni qoqardik. To‘g‘ri, JEKlarda santexniklik lavozimi bo‘lsa ham, biz tajribaliroq, jaydari tilda aytganda, “toza ishlaydigan”ini izlardik.
Bugungi kunda qurilishlar ko‘paygani sabab santexniklik yuqori daromadli kasblardan biriga aylandi, ularga talab oshdi. Boshqaruv servis kompaniyalarida faoliyat ko‘rsatayotgan santexniklarning bajaradigan yumushida chegara yo‘q, bir qarasa yerto‘lada, yana bir qarasa qaysidir xonadonda yoki markazlashgan kanalizasiyani payvandlash bilan band. Qisqasi, ularga oson emas, topshirilgan vazifani sifatli qilib bajarishga harakat qilishadi. Biroq yorilgan quvurni payvandlash yoki boshqa
yumushni bajarishda mehnati singgan va kezi kelganda, yarim tunda ham o‘z vazifasini
sidqidildan bajargan bu kasb egasining beminnat xizmatini ko‘pchilik qadriga yetmaydi. Vaholanki, hozirgi sharoitda kichik maoshga ko‘nikib, shu soha ortidan har kim ham ro‘zg‘or tebratishga toqati yetmasa kerak. Ana shunday og‘ir va mashaqqatli kasbni tanlab, 30 yildan buyon ko‘p qavatli xonadonlarda yashovchilarga quvonch ulashayotganlardan biri Qudrat Ataxanovdir. Ayni paytda u Yangihayot tumanining “Do‘stlik-2” va “Charog‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotganlarga “Al-Bosit” va “Yangi hudud” boshqaruv servis kompaniyalari orqali xizmat ko‘rsatadi. Aytish joizki, hududdagi ushbu turar joylar qurilganiga o‘ttiz yildan oshgan. O‘z-o‘zidan anglash mumkinki bu uylarda santexnika bilan bog‘liq ishlar talaygina.

