|

|

2026-уіӏ 23-May, Shanba
spot_img

Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi

Muhim xabarlar

Aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yuqori sifatli servis xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etish, tarixiy me’morchilik an’analarini davom ettirish, yashil bog‘lar va sayilgohlarni ko‘paytirish maqsadida ko‘hna va hamisha navqiron Buxoro shahrida “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parki barpo etiladi. Mazkur parkning yaratilishidan ko‘zlangan bosh maqsad – qadim Buxoroning boy tarixi va madaniyatini, noyob moddiy va nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash, uni yanada kengroq targ‘ib etishdir.
Tarixiy-etnografik park hududidan Buxoro an’anaviy me’morchiligi durdonalari va zamonaviy shaharsozlik uslublari uyg‘unligini o‘zida ifoda etgan ob’ektlar, jumladan, etnografik muzey, Buxoro vohasi uchun xos bo‘lgan tarixiy mahallalar, aholi uchun xizmat ko‘rsatuvchi choyxonalar va milliy taomlar tamaddixonalari, an’anaviy drenaj tizimlari – ariq va hovuzlar, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalari o‘rin oladi.
– Majmua markazida, shuningdek, musiqali favvora ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan, – dedi Buxoro viloyati bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinov. – Etnografik park barpo etilishida xalqaro ekspertlar guruhi va mahalliy mutaxassislar jalb etiladi. Bu hududdagi barcha ishlar YuNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan 1972 yil 16 noyabrda qabul qilingan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofazasi bo‘yicha konvensiya talablari asosida amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan asrning 20-yillarida Mixail Frunze boshchiligidagi “qizil armiya” qo‘shinlarining hujumi oqibatida Buxoroning ko‘plab, tarixiy obidalari vayron qilingan. Jumladan, shahardagi asrlar davomida xizmat qilib kelgan ariq va hovuzlar ko‘milib ketgani bu hududdagi drenaj tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Yangi etnografik park mazkur yo‘qotilgan madaniy boyligimizning namunalari sanalgan qadim drenaj tizimlarini qayta tiklash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib qoladi. Qachonlardir tashlandiq holatda bo‘lgan hudud o‘rnida go‘zal landshaft qad rostlaydi. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ushbu barpo etilajak park hududida ko‘kalamzorlarning kengaytirilishi ham rejalashtirilgan. Bunday yondashuv o‘z navbatida ushbu maskanda va qolaversa, Buxoro vohasida mikroiqlimni ta’minlash, “yashil yo‘lak”ni yaratish va bugungi kundagi dolzarb ekologik muammolardan biriga aylangan cho‘llashuv hamda yerlarning sho‘rlanishi kabi tahdidlarning bartaraf etilishida ulkan ahamiyat kasb etadi. Bu loyiha asosida mo‘ljallangan hududning uchdan ikki qismida Buxoro aholisi va mehmonlar sayr qilishi uchun muhtasham sayilgoh (yashil bog‘) bunyodga kelishi mo‘ljallangan. Bunda loyiha hududida “Yashil Buxoro” dasturiga muvofiq ilgari tashkil etilgan maydondagi daraxtlar va yashillik qiyofasi to‘liq saqlab qolinadi hamda yangi bog‘ manzarasi sifatida yanada boyitiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parkining bunyod etilishi nafaqat yurtimiz ko‘p asrlik va boy madaniy-tarixiy qadriyatlarini jahon hamjamiyatiga keng tanitishga xizmat qiladi, balki global miqyosdagi ekologik muvozanatni saqlab qolishga ham munosib hissa qo‘shishi shubhasizdir.
Yangi park O‘zbekistonning umumjahon madaniy merosi ob’ektlarining bemisl universal va umumbashariy qiymatini saqlash borasidagi sa’y-harakatlarining yana bir tasdig‘i bo‘ladi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img