So‘nggi yillarda Toshkent shahrida havo yomonlashib borayotganligining guvohi bo‘lib turibmiz. Bu esa poytaxtda istiqomat qiluvchi aholining salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap. O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 1-moddasida “Atmosfera havosi tabiiy resurslarning tarkibiy qismi bo‘lib, u umummilliy boylik hisoblanadi va davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, deya belgilangan. Ya’ni, biz nafas olib turgan havo xalqning umummilliy boyligidir.
UzHydroMet ma’lumotlariga ko‘ra, 17 yanvarda Toshkent shahri atmosfera havosidagi PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 119 mkg/m3 ni tashkil etib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan 23,8 marta oshdi. Ma’lumotlarga qaraganda, fanda PM2,5 saraton va astmaga olib kelishi isbotlangan. PM2,5 zarrachalari konsentratsiyasi havo sifatini va uning inson salomatligiga xavf solishini baholashda ishlatilagan asosiy parametr hisoblanadi. JSST me’yorlariga ko‘ra, PM2,5 o‘rtacha yillik darajasi 10 mkg/m3dan, o‘rtacha sutkalik darajasi esa 25 mkg/m3dan oshmasligi kerak. Zararli zarrachalar surunkali ravishda nafas orqali inson organizmiga kirganida nafas olish va qon aylanish tizimini sekin‑astalik bilan ishdan chiqarishi mumkin. Bu zarrachalar inson salomatligiga katta xavf tug‘diradi, deganidir. Agar poytaxtda atmosfera havosining ifloslanishi shunday davom etsa, bu aholining o‘rtacha umr ko‘rish yoshiga ham ta’sir qiladi. Оқибатда эса Тошкент шаҳри яшаш учун қулай бўлмаган бир ҳудудга айланиб қолиши ҳам мумкин.
Xo‘sh, havoning ifloslanishiga nimalar sabab bo‘lyapti? To‘g‘ri, hozirda global iqlim o‘zgarishi kuzatilmoqda. Ammo bu muammoning ayni hududga tegishli omillari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga quyidagi omillar ta’sir etmoqda:
- Toshkentda yashil hudud kamaygan. Jumladan, daraxtlar va butalarning kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxt noqonuniy kesilgan.
- Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da, qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda.
- Avtotransport vositalari soni ortib bormoqda. Transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Jumladan, respublika bo‘yicha avtomobillar soni 2021 yilda 3,14 mln donani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda ularning soni 4,6 mln donaga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda.
- Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yo‘l harakati to‘g‘ri tashkil etilmagan. Oqibatda Toshkent shahrida tirbandlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Tirbandlikda to‘xtab turgan avtomobil’ esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga ko‘proq tashlama chiqaradi.
- Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi natijasida uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmi ortmoqda. Xususan, 2019 yilda 3,9 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 5,3 mln tonnaga, 2023 yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 mln tonnaga yetgan. Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib kelmoqda. Ma’lumot o‘rnida, 10 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kilogramm qurum, 360 kilogramm oltingugurt II oksidi, 64 kilogramm uglerod oksidi, 16 kilogramm azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi ajralib chiqadi.
- Kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholi e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazining 9 ta qozonxonasida dekabr’ oyida 3 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan.
- Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiasiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab bo‘lmoqda. Toshkent shahri tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli, shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.
Yuqoridalarga asosiy omillar sifatida qaraydigan bo‘lsak, ularning oldini olish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim, degan savol ham tug‘iladi. Bu borada mutaxassislarimiz berayotgan takliflarga yoki xorij tajribasiga tayanib ish ko‘rish mumkin. Faqat hukumat tomonidan qat’iy va ijrosi ta’minlanadigan qarorlar ishlab chiqilib, amalga tatbiq etilsa, bo‘lgani. gidrometeorolog Erkin Abdulahadov ko‘mir va mazutda ishlaydigan zavod va fabrikalarga dam berish tizimini yo‘lga qo‘yish kerakligi va bu usul Qirg‘izistonda ish berganini aytdi.
– Shamol kunduzi tekislikdan tog‘ga qarab, kechqurun tog‘dan tekislikka qarab esadi, demak, zavodlar ko‘proq shahar periferiyalariga qurilishi kerak, – dedi Erkin Abdulahadov. – Ya’ni, zavod va fabrikalarning bittasiga dam berilsa, boshqasi ishlab turadi, shaharga zaharli havo kirib kelmaydi. Shamol toqqa qarab ketadi, zavodlar ishlashini shamol gullariga (yo‘nalishiga) moslash kerak. Masalan, Bishkek shahrining janub, shimol, sharq va g‘arbida ham katta-katta korxonalar bor. Shamoldan ob-havo oqimidan kelib chiqib, dastur yaratishdi. Unga ko‘ra, qaysi zavod ishlashi kerakligi signali beriladi. Zavodlar bir-biriga ta’sir ko‘rsatmaydi. Shunaqa dastur O‘zbekistonda ham ishlab chiqiladigan bo‘lsa, ya’ni zavodlarga ish hajmini taqsimlab, bitta zavod kechqurunga, bittasi kunduziga kuch berib, shaxmat usulida ishlasa bo‘ladi.
Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif qilmoqda. Ulardan biri – shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etishdir. Bu borada qo‘shni mamlakat – Qozog‘iston poytaxti Ostona tajribasi o‘rganilib, amalda foydalanilsa bo‘ladi.
2022 yilning oktyabr’ oyida Toshkentda V xalqaro Nobel’ festivali o‘tkazildi. Unda BMT bosh kotibining Iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi, 2007 yili tinchlik bo‘yicha Nobel’ mukofotini qo‘lga kiritgan Rae Kvon Chung ham mehmon sifatida qatnashdi. U “Gazeta.uz” nashriga bergan interv’yusida shahrimiz havosi haqida o‘zining munosabatini bildirgan edi.
– Toshkentga kelgan kunim baxtimga yomg‘ir yog‘ayotgan ekan, havo juda toza edi, – dedi Rae Kvon Chung. – Lekin yomg‘ir tingach, haqiqatan havoning iflosligi, nafas olib bo‘lmasligini sezdim. Shaxsiy mashinalarning ko‘pligi, ulardan chiqayotgan zaharli tutun tufayli shahar havosi me’yoridan-da yomonlashib bormoqda. Aynan shular ham Toshkent havosining ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Qandaydir yechimini, albatta, topish shart. Sizlar jamoat transportiga e’tibor qaratishingiz, ularni ko‘paytirishingiz kerak. Bu o‘ta muhim masala. Agar fuqarolar yana shaxsiy mashinasini haydab yuraversa, vaziyat bundan ham yomonlashadi. Odamlar shahar ichiga o‘z avtomobilida kirmagani maqbulroq. Agar jamoat transporti tezligi va sifatli xizmati ta’minlansa, odamlar, albatta, undan foydalanishadi.
2023 yil 8 fevral’ kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahrida mas’ullar va jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishda shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishini ta’kidlagandi. Shuningdek, 2023 yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgandi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bergan axborotida poytaxtning shaharsozlik bosh rejasi yo‘qligi muammolar tug‘dirayotganini ta’kidlab o‘tgan. Uning qayd etishicha, shaharsozlik bosh rejasi tasdiqlanmasdan ham qurilish ishlari amalga oshirilyapti. Aslida, yashil zona qaerda bo‘lsa, o‘sha yerda qurilish amalga oshirilmasligi kerak. Lekin bosh rejaning yo‘qligi vazirlikning bu borada samarali ishlashida ham muammolar keltirib chiqarmoqda. Masalan, so‘nggi 5 yilda Toshkentda 5400 ta ob’ekt barpo etilgan. Afsuski, daraxtlar kesilishining katta qismi aynan qurilish ishlari bilan bog‘liqligini ham aytib o‘tish joiz.
Shu bilan bir qatorda, qurilish ishlarida chang-to‘zonlar ko‘tarilishi, qolaversa, unda foydalanilayotgan ba’zi texnika va qurilmalardan ham havoni ifloslantiradigan zararli tashlamalar chiqishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 19-moddasida “Ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlashda, xo‘jalik va boshqa faoliyatni amalga oshirishda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ozonni buzuvchi moddalardan, tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud bo‘lgan uskunalar va texnik qurilmalardan foydalanish hamda qo‘llashni tartibga solishga doir chora-tadbirlarga rioya etishi lozim. Tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud bo‘lgan buyumlardan foydalanuvchi va ularni ta’mirlovchi korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar bunday moddalar hisobga olinishini va ular ozon uchun xavfsiz moddalar bilan almashtirilishini ta’minlashi lozim”, deya belgilangan.
Afsuski, qurilishlar, ishlab chiqarish va boshqa faoliyatlarda Qonunning mazkur moddasiga qay darajada amal qilinayotganini hozirgi poytaxt havosining ahvolidan ham bilishimiz mumkin.
Qolaversa, shahrimizda harakatlanayotgan avtotransport vositalaridan chiqayotgan tashlamalar ham havo ifloslanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Ayniqsa, tirbandlikda to‘xtab turgan avtomobillar harakatlanayotganiga qaraganda atmosferaga ko‘proq tashlama chiqaradi. Bu esa shaxsiy avtomashinalar harakatini kamaytirib, jamoat transportiga o‘tish bilan birga, yo‘l infratuzilmasini ham qayta ko‘rib chiqish lozimligini anglatadi. Bundan tashqari, Yevropa mamlakatlari kabi ichki yonuv dvigatelli transport vositalaridan foydalanishni cheklab, gibrid avtomashinalar va elektromobillarga o‘tish haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak.
Yuqoridagi kabi fikr-mulohazalar va takliflarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo davlat tomonidan aniq dastur ishlab chiqilib, qat’iy chora-tadbirlar ko‘rilmas ekan, bu muammo yechimini topmaydi. Avvalo, havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgan omillarga keskin taqiq qo‘yish, buni buzganlik uchun juda katta miqdorda jarima va boshqa jazolar tayinlanishi kerak. Mazkur muammoni bartaraf etish uchun ayni paytda hukumat va tegishli organlar tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilishi lozim. Aks holda, yaqin yillarda poytaxt havosi inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan hududlardan biriga aylanib qolishi hech gap emas.


