Termiz shahri o‘lkamizning janubida joylashgan bo‘lib, hududning bugungi ko‘rinishi ulkan inshoot maydonlari, qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonalariga boy. Qadim o‘tmishga ega Surxon vohasining me’morlik madaniyati bugungi kunda ham zamonaviy an’analarga hamohang davom etmoqda. Bu jarayonlarda Termiz shahrida faoliyat olib borayotgan “Termiz qurilish industriya sanoat” injiniring kompaniyasining ham o‘rni bor. Kompaniya bugungi kunda Surxondaryo viloyatining chekka tumanlarida qurilish-rekonstruksiya ishlarini olib bormoqda.
– Termizdagi binolarning aksari yangi ekan, – dedim yo‘l-yo‘lakay haydovchiga.
Haydovchi boshini sollab gap qo‘shdi.
– Shahar oxirgi yillarda anchayin kengaydi. Ilgari quruq sayhonlikday bir go‘sha edi. Bugun bo‘lsa, zamonaviy imoratlar, turar joylar va ko‘ngilochar maskanlar qurib bitkazilyapti.
Surxondaryo vohasining buguni yangilik emas, o‘lkada ko‘p asrlik tamaddun unsurlarini ko‘rish mumkin. Uzoq o‘tmishga tutash bunyodkorlik va yangilanishlar xalqning jon-qoniga singiganligini anglatadi. Xususan, eski Termizning tarixiy manbalarda yoritilishi nihoyatda qiziqarli va dolzarb bo‘lib, uning har bir qarichi alohida bunyodkorlik mavzusidir. Termiz shahri aholisi bosib o‘tgan tarixiy yo‘lning davomi sifatida shu kecha-kunduzdagi ulkan yangilanishlarni-da misol keltirishimiz mumkin. Joriy bunyodkorliklarga o‘z hissasini qo‘shib, yangi davr Surxon vohasining rivojiga hissa qo‘shayotgan “Termiz qurilish industriya sanoat” injiniring kompaniyasi kabi korxonalar bisyor.
Insondan nima qoladi? Albatta, ezgu amallar va yodgorliklar kelajak avlod uchun atalgan ulug‘ meros bo‘la oladi. Bugun Surxon vohasidagi yodgorliklar-u, farovon hayot uchun bajarilgan amaliy tadbirlar surxondaryoliklarning yuz-ko‘zida namoyon. 2007 yilning 4 sentyabrida Chinnixol Tojibayeva tomonidan ta’sis etilgan korxona, hozirgi kunda qurilish sohasining turli bo‘limlarida ish yuritib kelmoqda. Xususan, mazkur korxonaning asosiy faoliyat turlari sifatida qurilish kompleksi va qurilish-ta’mirlash ishlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish va sanoatni rivojlantirishga, aholining turmush sharoitini oshirishga faol hissa qo‘shish, shuningdek, jamiyat ishtirokchilari va mehnat jamoasi a’zolarining kasbiy malakasini oshirish kabi masalalarni keltirishimiz mumkin.
Mazkur korxonaning moddiy-texnik bazasi qurilish tarmog‘ining tayanchi hisoblanadi. Jumladan, korxonada 2 ta pishgan g‘isht ishlab chiqarish sexi, 1 ta temir-beton ishlab chiqarish zavodi, alyumin va plastik romlari ishlab chiqarish sexi, MDF eshiklari ishlab chiqarish sexi, tom ustiga qo‘yiladigan plita, betondan tayyorlangan devor to‘siq, chuqurga qo‘yiladigan temir-beton mahsuloti hamda uning qopqog‘i, fundamentga qo‘yiladigan temir-beton mahsuloti va qo‘shimcha 65 turdagi qurilish moslamalari mavjud.
“Termiz qurilish industriya sanoat” injiniring kompaniyasining 1 dona “HUNDAI”, 3 dona samosval, 2 ta lepxir apparati, 2 ta ekskavator, 1 dona 25 tonnalik avtokran, 2 dona minorakran, 3 dona tyagach, 5 ta yengil avtomobil, 1 dona avtobus, qolaversa, 72 turdagi yirik qurilish jarayonlarning lokomotivi o‘laroq ko‘riladigan yuk tashish va ko‘tarish avtomashinalari, uskuna va moslamalar korxonaning ish jarayonlarida qo‘llanilmoqda.
– Hozirgi kunda O‘zbekistonning har bir hududi yirik qurilish jarayonlari bilan qamrab olingan, – dedi “Termiz qurilish industriya sanoat” injiniring kompaniyasi rahbari Abdulvahob Absattorov. – Surxondaryo viloyatida ham bu borada ulkan yangilanish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi turar joy binolari, ravon yo‘llar va keng qamrovli yirik ijtimoiy ob’ektlar rekonstruksiyasi viloyat landshaft ko‘rinishining o‘zgarishiga zamin hozirlamoqda. Korxonamiz mazkur jarayonlarga o‘z hissasini qo‘shish barobarida, viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan harakatlarida bevosita ishtirok etmoqda. Kompaniya o‘tgan 2018-2020 yillarda 33 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlarini bajardi. O‘zim hozirgi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatganman. Keyinchalik ish faoliyatim bevosita qurilish sohasi bilan tutashdi.
“Termiz qurilish industriya sanoat” injiniring kompaniyasi rahbari tashkilotchi, tashabbuskor va tajribali quruvchi sifatida viloyatdagi saxovat tadbirlarida ham faol. Korxona tomonidan 2018-2020 yillarda mahallalarga saxovat va ko‘mak uchun 70 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari homiylik qilingan, shuningdek, tashkilot sportni rivojlantirish hamda Termiz shahrini obodonlashtirish ishlariga homiylik yordamlari ko‘rsatgan.
Korxonada ish o‘rinlarini ochish va malakali quruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida ham bir qancha harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, shu kecha-kunduzda korxonada 17 nafar boshqaruv xodimlari, 21 nafar muhandis-texnik xodimlar va 146 nafar doimiy ishchilar faoliyat olib borishmoqda.
“Termiz qurilish industriya sanoat” injiniring kompaniyasi jamoasi shu kunga qadar Termiz shahar Tuproqqo‘rg‘on mahallasida 12,5 mlrd so‘m bo‘lgan 3 qavat 48 xonadonli ikkita ko‘p qavatli uylar bunyod etdi. 2019 yilda mazkur shahardagi Surxon sohili massivida qiymati 16,5 mlrd bo‘lgan 40 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi, Termiz shahar Navbog‘ mahallasida 14,5 mlrd bo‘lgan 56 xonadonli ikkita ko‘p qavatli uy-joy massivi qurildi. Shuningdek, Termiz shahridagi Manguzor mahallasida 4 ta 152 xonadondan iborat uy-joy qurilishi ishlari bajarildi. O‘z o‘rnida, hududda 4 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi bitkazilib, sohiblariga topshirildi.



