|

|

2026-уіӏ 15-May, Juma
spot_img

“Islohotlarda hissamiz borligidan mamnunmiz”

Muhim xabarlar

Hamza Shukurov
Hamza Shukurov
2018 yildan buyon “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasining Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri safatida faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘tib borayotgan qimmatli vaqtning qadriga yetib, undan unumli foydalanayotgan yurtdoshlarimiz qisqa fursatda asrlarga tatigulik kashfiyotlarni ro‘yobga chiqarishyapti, kelajakka tamal toshi qo‘yishyapti. Qo‘li gul quruvchilar, hamkasblarning bunyodkorlik ishlari haqida, har qancha gapirish mumkin.

Birgina Samarqand viloyati binokorlarining amalga oshirayotgan yumushlari barchani hayratga soladi. O‘zim shu soha vakili bo‘lsam-da, ko‘hna kentdagi o‘zgarishlar, yangilanishlarni ko‘rib behad zavqlanaman. Muhimi, moziyga muhrlanib qoladigan bunday ulkan qurilish maydonini hali xalqimiz ko‘rmagandi.

Darhaqiqat, bugun qadimiy maskanimizda mehnat suroni har qachongidan avjga chiqqan. Odamlarning yaratuvchilikka ishtiyoqi baland. Prezidentimiz tashabbusi tufayli boshlangan xayrli tadbirlar zamirida esa odamlarimizga munosib turmush sharoiti yaratish, kelgusi avlodga obod Vatan qoldirish, sevimli diyorimizga tashrif buyuradigan mehmonlar, sayyohlar qalbida unga nisbatan mehr, havas uyg‘otish yotganiga shubha yo‘q. O‘zim hadis ilmining sultoni, alloma Ismoil al-Buxoriy qabri mangu qo‘nim topgan Payariq tumanida tug‘ilganman. Har kuni ishga otlanar ekanman, tabarruk qadamjo va uning atrofida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga ko‘zim tushadi. Yodgorlik majmuasi bobomizning nomiga, Islom olamidagi maqomiga munosib bo‘lishi uchun naqadar ulug‘vor rejalar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Ziyorat turizmining asosini yaratish maqsadida qilinayotgan har bir yumush qadimiy me’morchiligimizning an’analari zamonaviy arxitektura yutuqlari bilan uyg‘unlashgan holda aks etayotganiga tasannolar aytaman. Qolaversa, kasbim taqozosi bilan bu yerda va boshqa joylarda ham quruvchilarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yaratilayotgan sharoitlarga katta e’tibor qaratilganidan mamnuniyat hissini tuyaman. Qurilishni boshqarish, me’yoriy hujjatlarni namunali yuritishda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining yo‘lga qo‘yilishini ham qo‘llab-quvvatlayman. Buning natijasida tarmoqdagi davlat xizmatlari to‘liq raqamlashtirildi, hujjat elektron shakl­da aylanishi ta’minlandi, muammolar vaqtida hal etilmoqda, korrupsion to‘siqlarga barham berilyapti.

Samarqand davlat universitetining iqtisod fakultetini tugatganim uchun bu yangiliklar mazmunini yaxshi tushunaman va o‘z faoliyatimizda ham ularni qo‘llashga alohida ahamiyat qaratyapman. Buning ustiga ustozlarim Ulug‘murod Umrzoqov va Xudoyberdi Hamidovdan doim maslahat olib, o‘gitlariga quloq tutaman. Natijada jamoada hamisha tartib-intizom hukmron bo‘lib, yutuqlarga keng yo‘l ochilyapti. Jamoa qayerda ishlamasin, o‘z an’anasiga sodiq qolib, faqat rahmat eshitishining boisi ham shundan.

Ayni kunlarda ham quruvchilarimiz tinim bilmasdan mehnat quchog‘iga otlanishgan. Ular Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali talabalari uchun 1 000 o‘rinli yangi o‘quv korpusini tiklashda jonbozlik ko‘rsatishmoqda. G’ayrat Himmatov, Bektosh Karimov, Arziqul Qobilov, Jamshid Qobilov kabi olovqalb yoshlarimiz tengdosh­lariga o‘rnak bo‘lib, bir kunda ikki-uch hissa ish bajarishyapti. 15 dan ziyod texnikani boshqarayotgan haydovchi va mashinistlar ham qurilishda faol qatnashishmoqda. Ularning barchasi uchun qulay sharoitlar yaratilgani, maoshlar vaqtida to‘lanib, qo‘shimcha rag‘batlantirilayotgani shijoat, matonat ko‘rsatib ishlashga undayotganini ta’kidlash lozim.

Davlatimiz rahbarining bundan 5 yil avval, ya’ni 2017 yil 7 avgustdagi farmoniga ko‘ra, har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” deb e’lon qilingan. Bu sohadoshlarimizga qaratilgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlikning namunasidir. Shu boisdan barcha xodimlarni, respublikamizdagi hamkasblarimni bayram bilan tabriklayman. Ular mas’uliyatli va sharafli burchlarini ado etishdan sira charchashmasin.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img