Har bir inson erkinlikni yoqtiradi. Chunki hurlik insoniyatning fitratida bor. Shuning uchun ham o‘tmishda ozodlik uchun qancha urushlar bo‘lgan, qancha qonlar to‘kilgan. Shunday ekan, mustaqillik – biz uchun eng ulug‘ ne’matlardan biridir. Vatanimiz mustaqillikka erishganiga 32 yil bo‘ldi. Bu vaqt mobaynida mamlakatimizda ko‘plab yangi bino va inshootlar qad rostlab, keng ko‘lamdagi qurilish ishlari amalga oshirildi. Oramizda bugun qo‘shaloq bayramni nishonlayotganlar, ya’ni yurtimiz mustaqilligining tengdoshlari ham bor
Komiljon Bazarbaev 1991 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumani, Navoiy nomidagi ovul fuqarolar yig‘inida tug‘ilgan. Uning bolaligi mana shu ovulda o‘tdi. O‘rta maktabni tugatgach, tumandagi kasb-hunar kollejida o‘qishni davom ettiradi. Garchi bu dargohda EHM yo‘nalishida tahsil olgan bo‘lsa-da, lekin o‘sha paytlardanoq har xil qurilmalar, texnikalar va binolarning konstruksiyalariga qiziqa boshlaydi. O‘shanda ularni o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qiladi.
– Kollejda o‘qib yurgan kezlarimda bino va inshootlarning ajoyib maketlari bo‘lardi, – dedi Komiljon aka. – Bu sohaga qiziqqanim uchun konstruksiyalarni o‘rgana boshladim. Bu orada geodiziya bo‘yicha 3 oylik kursda ham o‘qidim. Kollejni tugatganimdan keyin 2010 yilda Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketdim. U yerda ko‘plab ob’ektlar qurilishida qatnashdim. Eng yirik va uzoq muddatda qurgan loyihamiz – bu “Moskva-citi” bo‘ldi. Bu qurilishda geodezist sifatida faoliyat olib bordim. Bundan tashqari, yana ko‘plab bino va inshootlar qurilishida qatnashdim. Aytish mumkinki, sohadagi bilim va ko‘nikmalarimning ko‘pi amaliyot jarayonida paydo bo‘lgan. Shuningdek, sohaga oid kitoblar o‘qishni ham kanda qilmayman. Internet orqali ham qurilishga oid yangiliklardan boxabar bo‘lish-
ga harakat qilaman. Filipp Nikandrov va Zaha Hadid kabi xalqaro toifadagi professional arxitektorlarning loyihalarini muntazam kuzatib boraman.
2018 yilda O‘zbekistonga qaytgan Komiljon Bazarbaev “Novastroy” kompaniyasida muhandis-geodezist bo‘lib ish boshlaydi. Mazkur kompaniyadagi faoliyati davomida yirik savdo va biznes markazlari, turar joy binolari qurilishida bevosita ishtirok etib, sidqidildan mehnat qilib kelmoqda. Mustaqillik tengdoshi bo‘lgan qahramo-
nimiz musofirchilikda his qilgan Vatan va ota-ona sog‘inchi haqidagi fikrlarini biz bilan o‘rtoqlashdi.


