Respublikamiz hududlarida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Jumladan, Namangan viloyatida ham aholining uy-joy va boshqa turdagi bino, inshootlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ko‘plab qurilish jarayonlari olib borilyapti. Mazkur qurilish ishlarini amaldagi norma va standartlar talabiga qay darajada javob berishini tekshirish uchun Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan qator nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Xususan, hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish ob’ektlarini aniqlash, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha monitoring ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida Davlatobod tumani “Xalqlar do‘stligi” MFY hududida fuqaro R. Artikbaev tomonidan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosining qurilish ishlari inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirilayotganligi aniqlandi. Ushbu qonun buzilishi holati yuzasidan mutaxassislar tomonidan fuqaroga qurilishni to‘xtatish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda ob’ekt ro‘yxatdan o‘tgunga qadar qurilish ishlari to‘xtatildi. Shuningdek, inspeksiya xodimlari tomonidan ko‘p qavatli uylarda o‘zboshimchalik bilan qayta qurilish qilish va tutash hududlardagi noqonuniy qurilmalarni aniqlash hamda bartaraf qilish bo‘yicha ham nazorat tadbirlari o‘tkazildi. 

